Peshku tumanidagi maktabda “Deputat stipendiyasi”ni joriy etish taklifini oʻrtaga tashladi

12:46 15 Sentyabr 2020 Jamiyat
131 0

Peshku tumanidagi “Sadir” mahalla fuqarolar yigʻini hududida faoliyat koʻrsatayotgan 41-sonli umumtaʼlim maktabining yangitdan qurilgan zamonaviy binosi foydalanishga topshirildi.

Buning uchun davlatimiz tomonidan 6 milliard 350 million soʻm mablagʻ sarflandi. Natijada 315 oʻquvchi oʻrniga moʻljallangan maskanda oʻgʻil- qizlarning zamonaviy bilimlarni egallashlari uchun zarur barcha qulayliklar yuzaga keldi. 16 ta fan xonasi koʻrgazmali oʻquv qurollari va taʼlim samaradorligini oshirishga xizmat qiladigan texnika vositalari bilan jihozlandi.

Maktab yangi binosining foydalanishga topshirish munosabati bilan oʻtkazilgan marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati Sherzod Rahmonov soʻz olib, zamonaviy inshoot yoshlarga yangi oʻquv yili uchun munosib sovgʻa ekanini taʼkidladi va ushbu umumtaʼlim maktabida “Deputat stipendiyasi”ni joriy etish taklifini oʻrtaga tashladi.Unga koʻra, maktabning kimyo va biologiya fanlarini chuqur oʻzlashtirib, tengdoshlariga oʻrnak boʻlayotgan uch nafar oʻquvchisiga stipendiya ajratiladi. Shuningdek, ushbu yoʻnalishda oliy oʻquv yurtiga shartnoma asosida oʻqishga kiradigan talabaning yillik shartnoma toʻlovi yarmi toʻlab beriladi. Bu oʻziga xos ragʻbat vazifasini oʻtab, u yoki bu oʻquvchining bilim olishga ishtiyoqini kuchaytiradi, albatta.

Umuman olganda esa sentyabr oyi “Sadir” mahallasida yashovchilar uchun maroqli kechyapti. Bu yerda zamonaviy maktabdan tashqari, davlat xususiy sherikchiligi asosida “Mahtob oy” hamda 17 – sonli maktabgacha taʼlim tashkilotlari uchun koʻrkam binolar qurilib foydalanishga topshirildi.

Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?