Peshku qovunlariga hozirdanoq chetdan talab bor 

18:05 17 Aprel 2020 Jamiyat
341 0

Arxiv foto

Buxoro viloyatining Peshku tumanidagi Ibn Sino mahalla fuqarolar yigʻini hududida yashovchi Nusrat Saidovning hovlisida boʻlgan kishi havas va ishtiyoq bilan ortiga qaytadi.Gap shundaki, Nusrat aka tomorqaning 8 sotixida limonariy barpo etgan. Moʻjaz bogʻ “Buning turgan – bitgani xazina-ku” deydigan darajada hosil berdi.

-Limonchilikka ixtisoslashtirilgan fermer xoʻjaligimiz ham bor,-deydi N. Saidov.- Bir gektar maydonda limonzor barpo etdik. Koʻchat tayyorlab, ularni fermerlarga, tomorqachilarga yetkazishni yoʻlga qoʻyganmiz. Limonni qanday parvarishlash yuzasidan yoʻl – yoʻriq ham beryapmiz. Sizga bir sirni aytaymi?Loaqal toʻrt sotix yerda 50 tup limon koʻchati oʻtqazsangiz, fursati yetib ulardan 2,5 tonnaga yetkazib hosil olasiz. Pulini chaqish oʻzingizga havola.

Bilasiz, shu kunlarda yurtimizda karantin davri davom etyapti. Odamlardan uyda qolish, oʻzaro muloqotda masofani saqlash, tozalikka rioya etish soʻralyapti. Lekin bu koʻrpani ustimizga tortishimiz kerak, degani emas. Shifokorlar tavsiyasiga qatʼiy amal qilgan holda, tushkunlikka tushmay tomorqani “gullatish” kerak. Mehnat qilsa dehqonning qoʻli, albatta pul koʻradi. Nusrat akaning jaydari falsafasi shu.

- Peshku azal-azaldan shirin — shakar qovunlari bilan tanilgan,-deydi u.- Biz shu anʼanani boshqacharoq tarzda davom ettirish fikriga keldik. Ikki gektar maydonda qovunning ertapishar navidan ekdik. Vazni ogʻirmas. 1,5 – 2 kilogramm tosh bosadi. Lekin juda shirin. Mazasi ogʻizda qoladi. Eksportbop. Unga hozirdayoq chetdan talab bor.

Eʼtiborlisi, Nusrat akaning bir parcha yerdan qanday foydalanish borasidagi xayrli ishlari boshqalar uchun saboq vazifasini ham oʻtamoqda.

-Sovuq oʻlkalarga ishlagani ketishni odat qilgandim,- deydi uning mahalladoshlaridan biri Feruz Roʻziyev.- Ammo butun dunyoda pandemiya tarqagani sababli uyda qolishga toʻgʻri keldi. Shunda hududimizdagi omilkor dehqonlar, ayniqsa, Nusrat akadan ibrat olish fikriga keldim. Tuman bandlikka koʻmaklashish markazi, mahalla fuqarolar yigʻini yordam qoʻlini choʻzdi. Ajratilgan subsidiya evaziga tomorqamda issiqxona barpo etib, pomidor yetishtiryapmiz. Endi roʻzgʻorimdan xavotir olmasam ham boʻladi. Koʻnglim toʻq.

Istam IBROHIMOV,

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?