Perinatal markazlarda pullik tibbiy xizmatlar koʻrsatiladimi?

15:49 31 Oktyabr 2019 Jamiyat
191 0

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Surxondaryo viloyati perinatal markazida pullik tibbiy xizmatlar narxlari aks etgan preyskurant (rasm) koʻplab muhokamalarga sabab boʻldi. Ushbu holat yuzasidan Sogʻliqni saqlash vazirligi quyidagilarni maʼlum qiladi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar bermoqda.

Maʼlumki, oxirgi yillarda homilador ayollar va chaqaloqlarni perinatal hamda neonatal skriningdan oʻtkazish orqali ularda tugʻma va irsiy kasalliklarni erta aniqlash tizimi yoʻlga qoʻyildi. Perinatal xizmatning asosiy vazifasi homila holatini kuzatish, jarrohlik yoʻli bilan oʻz vaqtida davolash uchun tugʻma nuqsonlarni aniqlash, muddatiga yetmay va kam vaznda tugʻilgan chaqaloqlarni parvarishlashdan iborat. Bu borada erishilayotgan muvaffaqiyatlar nafaqat goʻdaklar hayotini va salomatligini saqlab qolish, balki ona salomatligini ham taʼminlash imkonini beradi.

Qolaversa, yurtimiz perinatal muassasalarini zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanishi barobarida, mutaxassislarimizning ham malakasini oshirish orqali eng kam vaznli goʻdaklar, hatto besh yuz gramm vaznda tugʻilgan chaqaloqlarni parvarish va reabilitatsiya qilish muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Tabiiyki, tizimida amalga oshirilgan bunday muhim islohotlar natijasida yurtimizda ayollarni salomatligini mustahkamlashga, onalar va goʻdaklar oʻlimini keskin kamayishiga sabab boʻlmoqda. Oxirgi ikki yil ichida goʻdaklar oʻlimi har bir ming nafar tirik tugʻilganlarga nisbatan 1,6 promillega kamaydi.

Taʼkidlash joizki, Prezidentimizning 2018-yil 7-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni hamda Sogʻliqni saqlash vazirligining 2018-yil 29-oktyabrdagi “Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimidagi tibbiyot tashkilotlari tomonidan koʻrsatilayotgan pullik tibbiy xizmatlarni yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 589-sonli hamda 2014-yil 28-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida perinatal xizmatni hududiylashtirish toʻgʻrisida”gi 185-sonli buyruqlari asosida muddatdagi fiziologik, asoratlanmagan homiladorlik, doimiy yoki vaqtincha roʻyxatda turgan homilador ayollarni joyidagi tugʻruq muassasasida bepul tarzda tibbiy xizmat koʻrsatiladi.

– Shu oʻrinda eslatib oʻtish joizki, mamlakatimizdagi perinatal markazlari homilada tugʻma nuqsoni boʻlgan, ona va bola salomatligiga xavf soluvchi tugʻruqlarni amalga oshiruvchi muassasa hisoblanadi. Ushbu holatlarda barcha tugʻruqlar bepul tarzda amalga oshiriladi, – deydi Sogʻliqni saqlash vazirligi Onalik va bolalikni muhofaza qilish bosh boshqarmasi boshligʻi Marat Sadikov. – Shuningdek, ayni paytda fuqarolarning talab va istaklariga asosan boshqa hududlarda boʻlgani kabi Surxondaryo viloyat perinatal markazida sifatli, malakali va ixtisoslashtirilgan pullik tibbiy xizmat koʻrsatilishi yoʻlga qoʻyilgan. Markazda pullik tibbiy xizmat yoʻlga qoʻyilgunga qadar fiziologik tugʻruqlar 47 foizni tashkil etgan boʻlib (meʼyor 25 foizgacha)pullik tibbiy xizmat yoʻlga qoʻyilgach, ushbu koʻrsatkich 20-25 foizga tushirish kuzda tutilgan. Pullik xizmat nafaqat qonun hujjatlari ijrosini taʼminlash barobarida, byudjet mablagʻlarini tejash, sanitariya qoidalariga rioya qilish, korrupsiyaning oldini olish, muassasaning tibbiy va moddiy texnika bazasini mustahkamlashda muhim omil boʻlmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan preyskurant (rasm)ga kelsak, u tegishli huquqiy hujjatga asosan pullik tibbiy xizmat uchun belgilangan narxlar hisoblanadi. Shu bois fiziologik holatdagi homilador ayollar, hududlaridagi tugʻruq muassasasida bepul tarzda tibbiy xizmatdan yoki oʻz xohishlariga qarab,perinatal markazlaridagi pullik xizmatlardan foydalanishlari mumkin.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?