Pensiyaga chiqayotgan xodimga tashkilot yordam koʻrsatadimi?

22:05 27 Fevral 2020 Jamiyat
215 0

Foto: www.google.com

Pensiyaga chiqish huquqi paydo boʻlgan ishlovchi fuqarolarga faoliyat yuritayotgan tashkiloti pensiyaga doir hujjatlarni rasmiylashtirishda amaliy yordam koʻrsatishlari shart. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 8-sentyabrdagi 252-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat pensiyalarini tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomda ushbu holat toʻliq aks ettirilgan.

Tashkilot maʼmuriyati har yili dekabr oyida shaxsiy varaqchalar va mehnat daftarchalari asosida keyingi yilda ham umumiy, ham imtiyozli shartlarda pensiya olish huquqiga ega boʻladigan xodimlar roʻyxatini tuzadi.

Roʻyxatda xodimning familiyasi, ismi, otasining ismi; tugʻilgan yili, oyi, kuni, shuningdek, xodim yashaydigan joy; tarkibiy boʻlinmaning nomi; lavozimi (kasbi); pensiya tayinlash uchun murojaat qilish uchun asoslar; hujjatlar bilan tasdiqlangan umumiy ish staji; imtiyozli shartlarda yoshga doir pensiya tayinlash huquqini beruvchi maxsus ish staji koʻrsatilgan boʻlishi kerak.

Koʻrsatib oʻtilgan roʻyxatga kiritilgan xodimlarga nisbatan tashkilot maʼmuriyati pensiya tayinlash uchun hujjatlarni oldindan tayyorlashga kirishadi. Zarur boʻlganda tashkilot maʼmuriyati yetishmayotgan hujjatlarni soʻrab olish choralarini koʻrishi kerak.

Tashkilot maʼmuriyati toʻplangan barcha hujjatlar asosida pensiya tayinlash uchun taqdimnomani rasmiylashtiradi.

Tashkilot maʼmuriyati xodim pensiya yoshiga yetgan kundan kechiktirmay uning pensiya olish huquqiga ega boʻlganligini bildirishga majbur.

Xodim pensiya tayinlash toʻgʻrisida ariza bergan taqdirda tashkilot maʼmuriyati mazkur ariza roʻyxatga olingan vaqtdan boshlab 10 kun mobaynida zarur hujjatlarni va taqdimnomani toʻliq rasmiylashtiradi va ariza beruvchini ular bilan (taqdimnomaga imzo qoʻydirgan holda) tanishtiradi.

Hujjatlar va taqdimnoma xodimning arizasi bilan birga ariza beruvchining yashash joyidagi Pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga yuboriladi. Tashkilot maʼmuriyati pensiya tayinlash uchun zarur boʻlgan barcha hujjatlarni toʻplay olmagan hollarda Pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga bor hujjatlar topshiriladi. Pensiya jamgʻarmasi boʻlimi qoʻshimcha yana qanday hujjatlar taqdim etilishi lozimligini tashkilot maʼmuriyatiga yoki ariza beruvchiga maʼlum qiladi. Agar ular qoʻshimcha hujjatlar taqdim etilishi lozimligi toʻgʻrisida xabarnoma olingan kundan boshlab uch oydan kechikmay taqdim etilsa, pensiya tayinlash toʻgʻrisidagi ariza qabul qilingan kun pensiya tayinlash uchun murojaat qilingan kun hisoblanadi.

Xodimga va uning oila aʼzolariga pensiya (boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi) tayinlangan taqdirda pensiya tayinlash toʻgʻrisidagi ariza xodimning yoki vafot etgan boquvchining (uning oila aʼzolariga boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi tayinlangan taqdirda) oxirgi ish joyi boʻyicha tashkilotning maʼmuriyati orqali ariza beruvchining yashash joyi boʻyicha Pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga berilishi mumkin.

Agar xodimga pensiya tayinlash rad etilgan boʻlsa, bu haqda unga rad etish sabablari koʻrsatilib, yozma ravishda xabar beriladi. Pensiya soʻrab murojaat qilgan kishi maʼmuriyat qaroridan norozi boʻlsa, u pensiya tayinlash toʻgʻrisidagi arizani yashash joyidagi Pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga bevosita berishi mumkin.

F.Nazirov,

Pensiya jamgʻarmasi boʻlim boshligʻi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?