Pele “Asl braziliyalikka u koʻproq oʻxshaydi” deya taʼrif bergan futbolchini bilasizmi?

10:29 18 May 2020 Sport
496 0

1982-yilgi jahon chempionatining qahramonlaridan biri Bruno Konti Italiyaning Nettuno shahrida oddiy gʻisht teruvchi oilasida tugʻilgan. Oilada Brunodan tashqari yana besh farzand bor edi. Ularning barchasi “Roma” klubining ashaddiy muxlisi sanalgan otalari taʼsirida futbolga qiziqishardi. Bruno esa jigargoʻshalaridan bir oz farqli tarzda oʻsha paytlarda Nettunoda ommalasha boshlagan boshqa bir sport turiga –beysbolga ham mehr qoʻygandi. Oʻzining sportdagi faoliyatini aynan mahalliy beysbol jamoalarida boshlagani ham bejiz emas.

Biroq vaqt oʻtib, Brunoda katta futbol havosidan bahra olish ishtiyoqi ustun chiqdi. Avvaliga “Sambenedetteze”, keyin esa “Bolonya” klubi koʻrigida boʻldi. Ammo murabbiylar shtabiga maʼqul kelmadi.1971-yilga kelib sartarosh amakisi sharofati bilan “Roma”da koʻrikdan oʻtish imkoniyati tugʻildi. Aniqrogʻi, sartaroshning doimiy mijozi boʻlgan bir sport jurnalisti beminnat xizmat koʻrsatib yubordi. Lekin italyan futbolining buyuk murabbiylaridan sanalgan Elenio Errera kichik jussali bunday ozgʻin yigit futbol oʻynashga yaramaydi, deb hafsalani pir qildi. Bruno sabrli yigit ekan. Kutdi. Nihoyat, bir yil ortda qoldi. “Roma”ga qayta koʻrikdan oʻtgani bordi. Bu gal murabbiylar nazariga tushdi. Klub yoshlar jamoasiga qabul qilindi. Ammo yigitcha ona – shahridan Rimgacha borish uchun tong saharlab turishga majbur edi. Tongda Terminiga qadar tezyurar poyezdda borar, keyin metroga tushib klub bazasiga yetib olardi. Negaki, unda bir yilgacha poytaxtning oʻzida yashashga sharoit boʻlmadi.

Koʻplab yosh futbolchilar peshonasiga yozilganidek, qahramonimiz ham ijaraga berildi.V seriyasi vakili “Jenoa”da toʻp surdi. Tez orada genuyaliklar safida yetakchi oʻyinchiga aylandi. Mavsum yakuniga koʻra, liganing eng yaxshi futbolchisi, deb topildi. ”Roma”ga qaytgach, ikki yil davomida asosiy tarkib oʻyinchisi sifatida maydonga tushdi. Keyin yana Genuyaga yoʻl oldi. Bir yildan soʻng Rimga qaytdi va faoliyatining yakuniga qadar poytaxtda qoldi. Uning qaytishi “Roma” uchun omadli keldi. Jamoa besh bor mamlakat kubogi sohibiga aylandi.1983-yilda esa yigirma bir yillik tanaffusdan keyin skudettoni qoʻlga kiritdi.Navbatdagi mavsumda Rim klubining Yevropa chempionlar kubogi finaligacha yetib borishida ham Bruno Kontining hissasi katta. Afsuski, “Liverpul”ga qarshi kechgan hal qiluvchi bahsda undan omad yuz oʻgirdi. Penaltilar seriyasida xatoga yoʻl qoʻydi. Ingliz klubi posboni Bryus Grobbelar Konti yoʻllagan toʻpni qaytardi va yakunda italyan jamoasi ikkinchi oʻrin bilan kifoyalanib qolishga majbur boʻldi.Keyinchalik futbolchining oʻzi oʻsha alamli oʻyin oxiridagi holatini eslarkan, shunday degandi:”Men hech narsani koʻrmasdim ham, eshitmasdim ham. Karaxt boʻlib qolgandim. Hozirgacha buni tushuntirib bera olmayman”.

Ammo uning hayotida yorqin va unutilmas gʻalabalar koʻp uchragan. Shu haqda soʻz ochilganda beixtiyor 1982-yilgi jahon chempionati esga tushadi. Oʻshanda Konti Paolo Rossi, Alessandro Altobelli, Dino Zoff kabi jamoadoshlari bilan birgalikda mundial gʻolibi boʻlgandi. Ispaniya maydonlarida kechgan shonli yoʻl davomida “skuadra adzurra” aynan Bruno Kontining Peru terma jamoasiga yoʻllagan goli evaziga navbatdagi bosqichga chiqdi. Safida Ziko, Falkao, Sokrates singari mashhur futbolchilar boʻlgan Braziliya terma jamoasi ham aynan shu italyan oʻgʻlonining xatti-harakatlari sabab magʻlubiyatga uchradi.Qizigʻi, braziliyaliklarning oʻzi “Maydonda u haqiqiy braziliyalikka aylandi”, deya Kontining mahoratiga tan berishgandi. Qahramonimiz jahon chempionatining finalida ham oʻzini koʻrsatdi. Marko Tardelli kiritgan toʻpga assistentlik qildi hamda Altobellining ajoyib goli bilan yakunlangan hujumda ishtirok etdi.Nemislar ustidan 3:1 hisobida zafar quchgan Italiya terma jamoasi shu tariqa jahon chempioni boʻldi.

Ushbu tarixiy oʻyin qatnashchisi Karl – Xayns Rummenigge keyinchalik “Italiya munosib tarzda gʻolib chiqdi. Xoʻsh, maydondagi eng yaxshi futbolchi kim edi? Shaxsan men uchun bu nomga Bruno Konti loyiq. Oʻyin tugagach, u bilan libos almashtirdim. Bu men uchun katta sharaf. Oʻsha libosni eng buyuk chempiondan esdalik sifatida saqlayman”, degan edi. Oʻtgan asrning boshqa bir afsonaviy futbolchisi Bobbi Charlton “Mabodo, men qaysidir terma jamoa murabbiysi boʻlganimda, uning safida Bruno Kontini koʻrishni xohlardim”, deya italyan futbolchisiga oʻz ehtiromini bildirgandi. ”Futbol qiroli” Pele esa “Vatandoshlarimning barchasini bir yerga toʻplagan chogʻda ham Bruno Konti asl braziliyalikka koʻproq oʻxshaydi”, deya lutf qilgandi.

Bu eʼtiroflarning sababi shundaki, Konti toʻp bilan ajoyib muomalada boʻlardi. Texnikasi yuqori edi. Raqib himoyachilarini aldamchi harakatlar bilan qoyilmaqom tarzda ortda qoldirar, toʻpni sheriklaridan qizgʻanmasdi. Eng qiyin pallada jamoasi joniga oro kirardi.Maydonda oʻzini ayamasdi. Oxirigacha kurashardi. Bir soʻz bilan aytganda, chinakam professional edi. Ochigʻi, Konti davridagi italyan futboli boshqacha edi. Oʻsha kezlarda Italiyada hujumkor futbol namoyish etish urfga kirgan va bunday oʻyinlar muxlislarga olam – olam quvonch, zavq bagʻishlardi. Afsuski, Konti darajasidagi futbolchilar har kuni tugʻilavermaydi. Balki bu mantiqan toʻgʻri hamdir. Aks holda...

1991-yilda Konti futbolchilik faoliyatini yakunladi. 23-may kuni 80 ming tomoshabin qarshisida oʻzining xayrlashuv oʻyinini oʻtkazdi. Muxlislar ehtiromidan mamnun Bruno oʻshanda armon bilan “Stadionda otamni ham koʻrishni juda-juda istagandim”, degandi.

Shundan soʻng qahramonimiz “Roma” klubida ishladi. Ona shahrida bolalar futbol maktabini ochdi.2005-yilda esa “Roma”ni boshqarib, murabbiylik litsenziyasiga ega boʻlmay turib, uni Italiya kubogi finaliga olib chiqdi.Keyin yana qadrdon klubi tizimida ishlashda davom etdi.

Istam IBROHIMOV tayyorladi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?