Pedagogik taʼlim innovatsion klasteri: ehtiyoj, zarurat, natija

16:49 15 Fevral 2019 Jamiyat
2065 0

Daraxtning ildizi qanchalik chuqur va tarmoqlangan boʻlsa, u shunchalik mustahkam, uning umri shunchalik davomli, hosili esa moʻl-koʻl boʻladi. Insoniyat koʻp ming yillik taraqqiyoti davomida jamiyatni rivojlantirishning taʼlim, ilm va hunardan samaraliroq vositasini kashf qila olgan emas. Shu sababli ham taʼlim, ilm-fan har qanday jamiyat, millat va davlatning kelajagini belgilab beradigan, uning taraqqiyotiga xizmat qiladigan muhim omildir.

Taʼlim oʻz ildizlarini ilm-fan va ishlab chiqarish, ijtimoiy turmush, bir soʻz bilan aytganda, hayot bilan bogʻlay olgan, ichki va turdosh tarmoqlar bilan har tomonlama integratsiyaga kirishgan taqdirdagina oʻz oldiga qoʻygan natijalarga erisha oladi, fan, taʼlim-tarbiya va iqtisodiyotning oʻzaro chuqur, har tomonlama uzluksiz aloqasini taʼminlay olgan va jamiyat hayotining barcha sohalariga tatbiq eta olgan davlat esa taraqqiyotga erishadi. Bu borada mamlakatimiz taʼlim sohasida salmoqli ishlar amalga oshirilayotganligi hech kimga sir emas. Taʼlim tizimini tubdan takomillashtirish, oliy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlashning maqsadli yoʻnalishlarini aniqlash, ayniqsa, pedagog kadrlarning kasbiy malakalari va bilim saviyasini uzluksiz yuksaltirish eng dolzarb masalalardandir. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil uchun moʻljallangan eng muhim ustuvor vazifalar toʻgʻrisidagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida ham dolzarb masalalar qatorida ilm-fan va taʼlim, taʼlim va ijtimoiy-iqtisodiy hayot munosabatlariga alohida urgʻu berilganligi bejiz emas. Modomiki, taʼlim tizimining markazida inson kapitali, uni toʻgʻri taqsimlash, undan samarali foydalanish va maqsadli yoʻnaltirish turar ekan, bunda maktabgacha, umumiy oʻrta va oliy taʼlim tizimini jamiyatning barcha manfaatdor tomonlari, taʼlim jarayonining barcha subyektlari bilan yaxlit bir butunlikda bugungi kun talablari asosida tashkil etish hamda taʼlimning toʻliq uzluksizligiga erishish oldimizda turgan muhim vazifalardandir.

Keyingi yillarda yuz berayotgan tub oʻzgarishlar jamiyat hayotining barcha sohalariga yangicha innovatsion yondashuvlar, mavjud qarashlar, tushunchalar va munosabatlarni taraqqiyot koʻzgusi va samaradorlik mezonlari bilan qayta koʻzdan kechirishni taqozo etmoqda. Istiqlol yillarida taʼlim va kadrlar tayyorlash sohasida koʻplab ijobiy ishlar amalga oshirilganini taʼkidlagan holda, aytishimiz joizki, maqsadlar va ularga erishish usul va vositalarini aniq belgilay olmaslik, mehnat bozori talablarini chuqur oʻrganmaslik, undagi talab va taklifning nomuvofiqligi, odamlarning ijtimoiy ahvoli va xohish-istaklarini inobatga olmaslik oqibatida anchagina jiddiy xato va kamchiliklar ham kuzatildi. Natijada, “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonun va “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi”da nazarda tutilgan talablar toʻliq ijrosini topmadi. Oʻtgan yillar davomida biz barcha sohalar kabi taʼlim va kadrlar tayyorlash sohasida ham oʻzimizga xos va mos yoʻlni topishga koʻproq eʼtibor qaratdik.

Darhaqiqat, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev soʻnggi yillarda taʼlim sohasini isloh qilishga, kadrlar tayyorlash sifatini tubdan takomillashtirishga, xususan, tizimga rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasini tatbiq etishga jiddiy eʼtibor qarata boshladi. Bu boradagi islohotlar 2017 yil 14 martdagi “Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi, 2017 yil 20 apreldagi “Oliy taʼlim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi, 2017 yil 22 maydagi “Oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi, 2017 yil 8 avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi, 2017 yil 30 sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim vazirligini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Prezident Qarorlarida oʻz aksini topgan. Eʼtibor beradigan boʻlsak, mazkur qarorlarda uzluksiz taʼlim tizimining deyarli barcha turlari qamrab olinganligini koʻrishimiz mumkin. Qolaversa, “2017–2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasi”da ham taʼlim sohasini tubdan takomillashtirishga eʼtibor qaratilgan. Taʼlim tizimini rivojlantirish va takomillashtirishga qaratilgan mazkur hujjatlarning barchasida sohaga innovatsiyalarni kiritish, xorijiy tajribalarni oʻzlashtirish, ijodiy yondashuvlarni qoʻllab-quvvatlash, taʼlim turlari oʻrtasidagi integratsiya jarayonlarini kuchaytirish bilan bogʻliq umumiy jihatlar mavjud.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 iyuldagi PQ-3152 sonli Qarori bilan Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti tashkil qilingan edi. Qaror bilan institutga viloyatdagi maktabgacha, maktab va maktabdan tashqari taʼlim muassasalarining tarbiyachilar, boshlangʻich sinf oʻqituvchilari, ayniqsa, aniq fanlar va chet tillari boʻyicha oʻqituvchilarga boʻlgan ehtiyojlarini qondirish, tumanlar va qishloq joylaridagi taʼlim muassasalarini yuqori malakali pedagog kadrlar bilan taʼminlash hamda xalqaro standartlar darajasiga mos oliy maʼlumotli pedagog kadrlar tayyorlash vazifasi yuklatilgan. Mazkur vazifalardan kelib chiqib bugungi kunda institut oʻzining asosiy strategik yoʻnalishlari va rivojlanish konsepsiyasini ishlab chiqdi.

Toshkent viloyati taʼlim tizimida mavjud kamchiliklarni oʻrganish va ularning tahlili shuni koʻrsatdiki, pedagogik taʼlim yoʻnalishlarini muvofiqlashtirish, istiqbolni rejalashtirish, taʼlim bosqichlari oʻrtasidagi aloqa va integratsiyaning sustligi, taʼlim subyektlari faoliyatidagi tarqoqlik hududda pedagog kadrlarga boʻlgan ehtiyojning qondirilmasligi va taʼlim sifatining pasayishiga sabab boʻlgan. Shundan kelib chiqqan holda institut Toshkent viloyatida pedagogik taʼlim innovatsion klasterini yaratish bilan bogʻliq yangi tizimni oʻzining ustuvor strategik yoʻnalishi sifatida belgilab oldi va shu tizim asosida muayyan ishlarni amalga oshirdi. Ushbu tizim yengil sanoat, qishloq xoʻjaligining qator tarmoqlari hamda iqtisodiyotning ishlab chiqarish tarmoqlarida samarali hisoblangan klaster usulini taʼlim jarayoniga tatbiq etishni nazarda tutadi. Darhaqiqat, ishlab chiqarish tarmoqlarida xomashyoni yetishtirish, qayta ishlash va tayyor mahsulotga aylantirish hamda uni realizatsiya qilish ketma-ketligi zanjiri mavjud boʻlib, ushbu ketma-ketlik pedagogik taʼlim tizimida ham inson kapitali koʻrinishida mavjud. Bu esa ishlab chiqarishda samarali boʻlgan klaster modelini taʼlim tizimiga joriy etish nazariy jihatdan mumkin ekanligini koʻrsatadi.

Pedagogik taʼlimning jamiyat barqaror rivojlanishidagi yuqori ijtimoiy ahamiyatidan kelib chiqqan holda zamonaviy talablar, tizimdagi muammolar va ularni hal qilishda fan va taʼlim boʻgʻinlari oʻrtasidagi aloqadorlikni taʼminlash uzluksiz pedagogik taʼlimni klaster rivojlanish tizimiga oʻtkazish zaruratini taqozo etmoqda.

Pedagogik taʼlim innovatsion klasteri uzluksiz taʼlim tizimidagi barcha taʼlim turlari, ilmiy tadqiqot institutlari va markazlari, amaliyot bazalari, ilmiy va ilmiy-metodik tuzilmalarning bir butunligi boʻlib, ularning birgalikdagi vazifalar taqsimlangan faoliyati pedagogik taʼlim tizimini sifat jihatidan yangi darajaga koʻtarish imkonini beradi. Binobarin, klasterning asosiy maqsadi oʻz tarkibiga kiruvchi taʼlimiy-ilmiy-innovatsion salohiyatni nafaqat yuqori fuqarolik va kasbiy layoqatlilik darajasi bilan, balki raqobatbardoshligi, yangiliklarni qabul qila olish qobiliyati, yangi taʼlim dastur va texnologiyalarini loyihalash hamda amalga oshira olish qobiliyatiga ega zamonaviy taʼlim mutaxassislarini tayyorlash uchun birlashtirishdir.

Pedagogik taʼlim rivojlanishining klaster tizimi taʼlim berish, oʻquv adabiyotlarini yaratish, pedagog kadrlar ilmiy salohiyatini oshirish, taʼlim va tarbiya uzviyligi bilan bogʻliq umumiy yoʻnalishlarda faoliyat olib boradi. Ayni paytda bu umumiy yoʻnalishlar taʼlimni boshqarish va tashkillashtirish, taʼlim turlari va yoʻnalishlari oʻrtasida uzviylik va integratsiyani taʼminlash, oʻqitish metodlari va vositalaridan foydalanish kabi yoʻnalishlarda xususiylashadi.

Quyidagilar klaster tizimining subyektlari sifatida ishtirok etadi:

– talabalar, magistrantlar va doktorantlar pedagogik amaliyot oʻtaydigan, taʼlimiy, ilmiy tadqiqotchilik, innovatsion va loyihalashtirish faoliyatini olib boradigan oʻquv va tajriba eksperimental baza vazifasini oʻtaydigan maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, oliy va qoʻshimcha taʼlim muassasalari;

– taʼlimning turli darajalaridagi yangilanishlarga muvofiq ravishda kattalarning qoʻshimcha taʼlimi tizimi muassasalari, bolalar va oʻsmirlarning maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus kasb-hunar taʼlimi pedagogik kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish muassasalari;

– hamkorlikdagi ilmiy tadqiqot faoliyati bilan shugʻullanayotgan va uni belgilaydigan ilmiy va ilmiy-metodik tuzilmalar, markazlar, ilmiy tadqiqot institutlari;

– pedagogik hamjamiyatlar, tashabbuskor jamoalar, jamoat birlashmalari, davlat va nodavlat tashkilotlari;

– xorijiy oliy taʼlim muassasalari va ilmiy markazlar.

Klaster tizimi har biri alohida faoliyat olib boradigan subyektlarni umumiy maqsad atrofida birlashtiradi va ayni paytda har bir subyekt umumiy maqsaddan kelib chiqqan holda xususiy manfaatdorlik asosida ish yuritadi. Klaster tizimi subyektlari bir-birini qoʻllab-quvvatlaydi va nazorat qiladi, har biri alohida klasterning maʼnaviy va intellektual maydonini yaratadi, ijtimoiy taʼsiri hamda ahamiyatini kengaytiradi.

Pedagogik taʼlim innovatsion klasteri aloqadorlik, uzviylik, izchillik, vorisiylik, zamonaviylik, yoʻnaltirilganlik, manfaatdorlik tamoyillariga asoslanadi.

Pedagogik taʼlim klasteri faoliyatining asosiy maqsadi quyidagilardan iborat:

– pedagogika sohasida samarali vorisiylikni taʼminlash va eng yaxshi oʻquvchilarni pedagog kasbiga targʻib qilish;

– pedagoglarning kasbiy tayyorgarligini amaliyotga tayangan holda va manfaatdor subyektlar bilan samarali aloqasini intensiv taʼminlagan holda olib borish;

– boʻlajak taʼlim mutaxassislarini innovatsion tajribaga ega boʻlgan amaliyotlar bazasida tayyorlash muhitini yaratish;

– yosh mutaxassislarning kasbiy koʻnikmalarni egallash davrini qisqartirish;

– talabalarni bugungi jadal rivojlanish jarayonlarida bevosita ishtirok etishini taʼminlash;

– pedagogik taʼlimda yangi avlod oʻquv, oʻquv-metodik, ilmiy adabiyotlar, vositalar va didaktik materiallar majmuasini yaratish;

– pedagogik taʼlim ilmiy, ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirish;

– pedagogik taʼlimni rivojlantirishning dolzarb masalalari atrofida intellektual resurslarni integratsiyalash;

– taʼlim, fan va pedagogik amaliyotning turli shakl va turlarini izlab topish va taʼlimga tatbiq etish;

– taʼlim va tarbiya uzviyligini taʼminlovchi mexanizmlarni takomillashtirish;

– pedagog kadrlarni tayyorlashda maktabgacha, oʻrta taʼlim va OTM hamda boshqa talabgorlar bilan oʻzaro tezkor qayta bogʻlanish imkoniyatini yaratish;

– pedagogik taʼlim boʻgʻinlari oʻrtasidagi aloqadorlik, bogʻliqlik va hamkorlik zaruriyatini ilmiy asoslash.

Ushbu maqsadlardan kelib chiqqan holda pedagogik taʼlim innovatsion klasteri quyidagi vazifalarni bajaradi:

– viloyatdagi taʼlim muassasalari uchun zamonaviy bilim va malakaga ega pedagog kadrlarni tayyorlash;

– taʼlim sifatini oshirishda innovatsion pedagogik texnologiyalardan samarali foydalanish;

– pedagogika sohasida ilmiy faoliyatni izchil yoʻlga qoʻyish;

– taʼlimning asosiy (darslik) va yordamchi (lugʻatlar, qomuslar, elektron manbalar va b.) vositalari mazmun-mohiyatining taʼlim bosqichlari kesimidagi uzviyligi va uzluksizligini taʼminlash;

– viloyatdagi taʼlim muassasalari oʻqituvchilarining bilim saviyasidagi boʻshliqlarni toʻldirish maqsadida viloyat Xalq taʼlimi boshqarmasi bilan hamkorlikda muddatli oʻquv kurslari tashkil qilish;

– umumtaʼlim maktablarida fanlarni oʻqitish bilan bogʻliq muammolarni bartaraf qilish maqsadida viloyat Xalq taʼlimi boshqarmasi bilan hamkorlikda ilmiy-amaliy seminarlar tashkil qilish;

– institutdagi professor-oʻqituvchilarning ilmiy salohiyatini oshirish maqsadida ilmiy tadqiqot institutlari, ilmiy markazlar va tayanch oliy taʼlim muassasalari bilan ilmiy hamkorlikni kuchaytirish;

– umumtaʼlim maktablarida ilmiy tadqiqot olib borish layoqatiga ega oʻqituvchilarni ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb qilish;

– pedagogika sohasidagi ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻzlashtirish maqsadida yetakchi xorijiy OTMlarga stajirovkalarni amalga oshirish.

Ayni paytda, pedagogik taʼlim innovatsion klasteri institutning asosiy ilmiy tadqiqot yoʻnalishi sifatida belgilangan boʻlib, hozirda oʻttizdan ortiq professor-oʻqituvchilar mazkur ilmiy tadqiqot yoʻnalishida izlanishlar olib borishmoqda. Barcha saʼy-harakatlarimiz muhtaram Prezidentimiz qarorida belgilangan vazifalar ijrosini toʻliq taʼminlash, viloyatning pedagog kadrlarga boʻlgan ehtiyojini sifatli qondirish, sohaga ilgʻor xorijiy tajribalarni jalb qilgan holda zamonaviy raqobatbardosh pedagog kadrlar tayyorlashdan iboratdir. Bu bilan institut jamoasi “Harakatlar strategiyasi”da belgilangan ustuvor yoʻnalish va vazifalarning ijrosini taʼminlash hamda hayotga tatbiq etilishida oʻzining kamtarona hissasini qoʻshgan boʻladi.

Xulosa oʻrnida shuni alohida taʼkidlash lozimki, jamiyatimizning bugungi rivojlanish bosqichida pedagogik taʼlim innovatsion klasteri taʼlimda ichki va tarmoqlararo aloqadorlikni taʼminlaydigan, ilmiy tadqiqot, ilmiy-metodik muassasalarda toʻplangan tajriba va erishilgan ilmiy yutuqlarni taʼlim hamda ijtimoiy-iqtisodiy hayotning barcha jabhalariga yetib borishini samarali amalga oshiradigan yaqin kelajakdagi eng muhim tizim sifatida taqdim etilmoqda. Bunda taʼlim muassasalari va jamiyat boshqa manfaatdor tomonlarining oʻzaro uzviy va uzluksiz aloqasini taʼminlash, taʼlim jarayonining pirovard mahsuli – har tomonlama yetuk pedagog kadrlarni yetishtirish va jamiyatga naf keltirishi uchun ilmiy, ijodiy, maʼnaviy, iqtisodiy imkoniyatlar yaratish maqsadga muvofiqdir. Chunki kadrlar bilim saviyasi va raqobatbardoshligi iqtisodiy ishlab chiqarish, sanoat, qishloq xoʻjaligi va jamiyatning boshqa sohalari taraqqiyoti va raqobatbardoshligining asosidir. Boshlagan har bir ishimizdagi sifat va samara aynan shu masala bilan chambarchas bogʻliqligini rivojlangan mamlakatlar tajribasi va qolaversa hayotning oʻzi yaqqol koʻrsatib turibdi. 

Gʻ.I.Muhamedov,

Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti rektori, Oʻzbekiston Respublikasi Fan arbobi


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?