Partiya faollari shakarga soliq solishni taklif etishmoqda

13:35 08 May 2018 Dunyo
628 0

Ikki ming nafardan ortiq nemis shifokorlari Germaniya kansleri Angela Merkel, vazirlar hamda partiya yetakchilariga ochiq xat yozdi. Unda mutasaddilar federal darajada shakardan me’yoridan ortiq iste’mol qilishga qarshi kurashishga chaqirilgan.

Tibbiyot xodimlari xuddi tamaki mahsulotlari iste’moliga o‘rnatilgan cheklovlar kabi tarkibida yuqori darajada shakar moddasi mavjud bo‘lgan tovarlar(birinchi navbatda shirin ichimliklar)ga soliq va aksiz o‘rnatish, bolalarga yo‘naltirilgan shunday mahsulotlarning reklamasini kamaytirishni taklif etmoqda, deb yozadi “Handelsblatt” nashri. 
“Boshqa yo‘l bilan Germaniyada semirish va diabetning tarqalib ketishini to‘xtatib bo‘lmaydi”, deb ta’kidlamoqda ochiq xat mualliflari.

Hozircha ushbu murojaatga rasmiy javob berilmagan. Lekin Merkelning partiyasi hisoblangan Xristian-demokratik ittifoqidan bo‘lgan hukumat a’zolarining aytishicha, davlat aholi nimani yeyish-yemasligini oldindan yozib bermasligi, balki sog‘lom ovqatlanish va umuman sog‘lom turmush tarzini kuchaytirilgan holatda targ‘ib qilishi kerak.

Biroq hukumat koalitsiyasi tarkibiga kirgan sotsial-demokratlar vakillarining fikricha esa, taklif etilgan cheklovlar, jumladan, shakar uchun soliq belgilash maqsadga muvofiqdir. Xususan, bundestagda sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha sotsial-demokratlar fraksiyasidan ekspert Zabine Dittmarning Germaniyada baribir shakar uchun hatto joriy chaqiriqda, ya’ni yaqin uch yilda soliq qo‘yilishiga ishonchi komil.

Ma’lumot uchun, Bolalar va o‘smirlar shifokorlari professional uyushmasi, Nemis diabetologlari jamiyati, oziq-ovqat sohasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanib keladigan Berlindagi “Foodwatch” nohukumat tashkiloti yuqoridagi murojaat tashabbuskorlari sifatida chiqishdi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oy boshida aynan “Foodwatch” 100 sahifalik “Coca-Cola Report” nomli tadqiqotini keng ommaga taqdim etgandi. Unga ko‘ra jahondagi alkogolsiz ichimliklar ishlab chiqaruvchilar “o‘zlarining mas’uliyatsiz marketing va lobbizm faoliyati tufayli semirish va II tip diabet kabi ovqatlanish bilan bog‘liq kasalliklar epidemiyasi uchun javobgardirlar”.

O‘shanda mazkur nohukumat tashkilot Yevropa Ittifoqi miqyosida “svetafor” ko‘rinishidagi markirovkalash tizimini joriy etishni taklif etgandi. Unga ko‘ra qizil rang mahsulotlar tarkibida yuqori darajada shakar, yog‘ va tuz borligi ko‘rsatib o‘tiladi. Bundan tashqari, olimlar tomonidan bolalar bog‘chalarida ovqatlanishning minimal standartlarini Germaniyaning barcha hududlarida tatbiq etish ilgari surilgandi. 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?