“Parrandasanoat” uyushmasiga ilmiy-ishlab chiqarish markazi nega kerak?

16:56 29 Oktyabr 2018 Jamiyat
865 0

Bugungi kunda respublikamizda 75 mln. boshdan ortiq parrandalar parvarish qilinayotgan boʻlsa, shundan 30 mln. boshi sanoat usulida boqiladi. Hozir kunda 1 300 dan ortiq yuridik maqomga ega parrandachilik korxonalari mavjud boʻlib, ularning 1200 tasi tuxum va 101 tasi goʻsht (broyler) yoʻnalishida faoliyat koʻrsatadi. Ular tomonidan har yili oʻrtacha 7 mlrd. dona tuxum va 170 ming tonna parranda goʻshti ishlab chiqariladi.

Bundan tashqari, “Parrandasanoat” uyushmasi tarkibiga 250 ta yirik parrandachilik korxonasi aʼzo boʻlib, ularda 28 mln. bosh parranda sanoat usulida boqilmoqda.

Jahonda parrandachilik mahsulotlarning biologik va ekologik xavfsizligini taʼminlash, parrandalarni boqish va ularga berilayotgan ozuqa bazasining tarkibi, sifati, turli xil antibiotik, ksenobiotik va pestitsidlar kabi qoʻshimchalarning ishlatilishini nazorat qilish dolzarb masalalardan hisoblanadi. Biroq ayni paytda mamlakatimizda parrandalardagi kasalliklarni aniqlash, ularni davolash va profilaktikasi uchun dori vositalarini ishlab chiqarish, ozuqa bazasi tarkibini nazorat qilish hamda sifatini tekshiruvchi bironta ham markazlashtirilgan zamonaviy ilmiy-ishlab chiqarish markazi mavjud emas. Bunday ishlar, asosan, yirik parrandachilik korxonalari buyurtmasiga asosan xorijiy kompaniyalar tomonidan amalga oshiriladi.

Respublikada parrandachilik mahsulotlarining biologik va ekologik xavfsizligini taʼminlash, parrandalar ozuqa bazasi tarkibini nazorat qilib borishni tashkil etish kabi ishlarning amaliyotga yetarli darajada qoʻllanilmayotganligi ushbu zamonaviy koʻp tarmoqli ilmiy-ishlab chiqarish markazini tashkil etishning ahamiyatini belgilab beradi.

Ushbu markazda 5 ta eng muhim biolaboratorik uskuna va jihozlar joylashtiriladi.

Xususan, IFA (imunoferment analiz) uskunasi bilan parrandalardagi yuqumli kasalliklar tahlil qilinib, undagi son va sifat koʻrsatkichlari aniqlansa, PSR (polimero-sepnaya reaksiya) uskunasi yordamida molekulyar darajasidagi (aminokislotagacha boʻlgan) yuqumli kasalliklar oldi olinadi.

Mazkur markaz orqali epizootik barqarorlikni taʼminlash boʻyicha parrandalar bosh sonini diagnostik nazorat qilish tizimi yaratilib, parrandachilik mahsulotlari sifati va xavfsizligini taʼminlash tizimi joriy etiladi. Xalqaro standartlar talablariga mos mahsulotlar ishlab chiqarilishi taʼminlanadi va “HACCP”, “Halal” va “ISO” sertifikatlarini olish osonlashadi.

Parrandachilik mahsulotlarini eksport qilish geografiyasi kengayadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?