Botir Parpiyevning bir qator qarindoshlari ishdan olindi

11:30 29 May 2018 Jamiyat
2789 0
Foto: Davlat soliq qo'mitasi

Andijon viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi raisi Q.Parpiyev ishdan olingan. Bu haqda Kun.uz xabar berdi. Xabar berilishicha, Qodir Parpiyev Davlat soliq qo‘mitasi sobiq raisi Botir Parpiyevning ukasi hisoblanadi.

Shuningdek, manba xabariga ko‘ra, Andijon shahar ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, polkovnik Shuhrat Parpiyev ham ishdan olingan. U Botir Parpiyevning jiyanidir.

Bundan tashqari, Buxoro viloyati IIB boshlig‘i o‘rinbosari, polkovnik Anvar Parpiyev lavozimidan ozod qilingan. U Botir Parpiyevning ukasi Qodir Parpiyevning o‘g‘li hisoblanadi.

Manba bergan xabarga ko‘ra, “Asaka” aksiyadorlik tijorat banki Andijon viloyat filialining boshqaruvchisi Zafar Parpiyev ham ishdan ketgan. Uning ham Botir Parpiyevga qarindoshligi aytiladi.

Shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi Konsullik huquqiy departamenti boshlig‘i bo‘lib ishlagan Dilshod Parpiyev lavozimidan olingan. U Botir Parpiyevning o‘g‘lidir.

Botir Parpiyev 1946 yilda Andijon viloyatida, militsiya general-mayori Rahmat Parpiyevning oilasida tug‘ilgan. 1992-1996 yillarda Andijon viloyati IIB boshlig‘i, 1996-1998 yillarda O‘zbekiston IIV Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘i, 1998-2002 – O‘zbekiston ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, 2002 yilning iyun oyidan dekabr oyigacha – O‘zbekiston favqulodda vaziyatlar vaziri, 2002-2004 – O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi raisi bo‘lib ishlagan, 2003 yilda bojxona xizmati general-leytenanti unvonini olgan. 2004 yildan buyon Davlat soliq qo‘mitasi raisi lavozimida ishlab kelgan.

Eslatib o‘tamiz, B.Parpiyev joriy yilning 11 may kuni Davlat soliq qo‘mitasi raisligidan olingandi. U boshqa ishga o‘tkazilgan. Ma’lum qilinishicha, endilikda B.Parpiyev Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika Kengashi raisining keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha o‘rinbosari sifatida ishlaydi.

Bundan tashqari, 19 may kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston taekvondo WTF assotsiatsiyasining navbatdan tashqari saylov Konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Botir Parpiyev assotsiatsiya rahbarligidan ham ozod etilgandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?