Parlamentlararo muloqot mustahkam do‘stlik munosabatlariga xizmat qilmoqda

11:06 30 May 2018 Siyosat
309 0
Foto: regnum.ru

Farg‘onada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo komissiyaning birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi To‘rog‘asi o‘rinbosari Asel Koduranova mamlakatlarimiz parlamentlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash hamda muntazam siyosiy muloqot olib borish, shu orqali barcha yo‘nalish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratish muhimligini alohida ta’kidladi.

Majlisda parlamentlararo munosabatlarning, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda mintaqalar o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati hamda uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi.

— Bugungi kunda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona aloqalar, muntazamlik kasb etayotgan uchrashuvlar, samimiy muloqotlar o‘zaro hamkorlik rivojiga katta turtki bermoqda, — deydi Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi To‘rog‘asi o‘rinbosari Asel Koduranova. — Albatta, bu sa’y-harakatlar parlamentlararo munosabatlarda ham yaqqol aks etayotgani diqqatga sazovor. Parlamentlararo komissiyaning birinchi majlisi ham yuqori saviyada tashkil etilgani buning dalilidir.

Majlis yakunida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo komissiyaning reglamenti, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti hamda Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi devonining Ilmiy-tadqiqot markazi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.

Yakunda komissiyaning ikkinchi majlisini O‘sh shahrida o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Elyorjon EHSONOV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?