Parlamentlararo ittifoq Oʻzbekiston parlamentining inson huquqlarini ilgari surish boʻyicha saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlaydi

18:14 20 May 2020 Siyosat
301 0

2020-yil 18-may kuni ayni sarlavha bilan Parlamentlararo ittifoq rasmiy veb-sahifasida Oʻzbekistonning inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi faoliyatiga ijobiy baho berilgan maqola eʼlon qilindi. Bu haqda TIV xabar xabar berdi.

Axborotda Parlamentlararo ittifoqning Oʻzbekiston Oliy Majlisi tomonidan inson huquqlari jabhasidagi xalqaro standartlarni milliy darajada joriy etish borasida yaqinda qabul qilingan choralarni qoʻllab-quvvatlashi taʼkidlanadi.

“Parlamentlararo ittifoqning tavsiyasiga binoan yaqinda Oʻzbekiston parlamenti qator xalqaro va mahalliy tashkilotlar ishtirokida videokonferensiya tashkil etdi va unda Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt – BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1966-yilda qabul qilingan va 1976-yildan buyon amalda boʻlgan koʻptomonlama shartnomaning bajarilish jarayoni muhokama qilindi, – deyiladi maqolada. – Qatnashchilar fuqarolik jamiyatini va qonun ustuvorligi madaniyatini rivojlantirish, penitensiar tizim islohati, sud hokimiyati mustaqilligi, bolalar mehnatiga barham berish, gender tenglikni taʼminlash va korrupsiyaga qarshi kurashish kabi jabhalarga toʻxtalib oʻtishdi”.

Parlamentlararo ittifoqning baholashicha, Oʻzbekiston parlamenti inson huquqlarini taʼminlash masalasini yana-da faolroq ilgari surmoqda. 2018-yilda inson huquqlari himoya qilinishining amalga oshirilishi va BMT tavsiyalarining bajarilishi ustidan parlament nazorati mexanizmi ishlab chiqilgan edi. Qonunchilik organi BMTning huquqni himoya qiluvchi mexanizmlari bilan hamkorlik boʻyicha harakatlar rejasini qabul qildi va oʻz tarixidagi birinchi bor inson huquqlari boʻyicha parlament hisobotini eʼlon qildi.

Parlamentlararo ittifoq soʻnggi yillarda milliy parlamentariylarimizning BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashi va BMT Inson huquqlari boʻyicha qoʻmitasi majlislaridagi roli oʻsayotganini eʼtirof etmoqda.

“Oʻzbekiston parlamenti Inson huquqlari boʻyicha milliy komissiya bilan ham yaqindan hamkorlik qilmoqda. Xususan, mamlakatdagi inson huquqlari boʻyicha ikkita taʼsirchan masala – qiynoqlarning oldini olish va majburiy mehnatga chek qoʻyish borasidagi choralarni qabul qilish boʻyicha mexanizmni tuzishda faol ishtirok etdi, – deyiladi xabarda. – Yuqorida qayd etilgan videokonferensiya shuningdek Oʻzbekistonda yashayotgan fuqaroligi yoʻq shaxslarning deyarli yarmiga (49 ming kishi) mamlakat fuqaroligini olish imkonini beruvchi fuqarolik toʻgʻrisidagi yangi qonunning qabul qilinishi fonida tashkil etilgani ham ahamiyatlidir”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?