Parlamentda toblangan iqtisodchi

09:19 25 Fevral 2020 Jamiyat
220 0

Otashin shoir Gʻafur Gʻulomning

“Taqdirin qoʻl bilan yaratur odam,

Gʻoyibdan kelajak baxt bir afsona”

degan satrlari zamirida qanchalik hayot haqiqati aks etganini yoshi ulugʻ insonlar “Umr daftari”dan ham kuzatsa boʻladi. Yetmish beshinchi bahorini qarshi olayotgan Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan iqtisodchi, Xalqaro bandlik akademiyasi haqiqiy aʼzosi Abdurafiq Ahadov oʻz faoliyati haqida “Hayot karvonlari”, (“Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati, 2005-yilda), “Karvon manzillari” (“Adolat” nashriyoti, 2015-yil) kitoblarini yaratgan. Bu kitoblarda uning mamlakatimizda iqtisodiyotni yana-da rivojlantirishga oid fikr-mulohazalari va qarashlari oʻz ifodasini topgan.

Bank, moliya sohasida yorqin iz qoldirgan, umrining yigirma yilini Oliy Majlis deputati sifatida oʻtkazgan Abdurafiq Ahadov iqtisodiyot sohasida oʻziga xos maktab yaratgan, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Bugungi yoshlarga, ayniqsa boʻlgʻusi iqtisodchilarga Abdurafiq akaning hayot yoʻli va joʻshqin faoliyatini ibrat qilib koʻrsatgimiz keladi. U 1945-yilda ziyoli oilasida tavallud topgan. Samarqanddagi 1-maktabda taʼlim olgach, Toshkent Xalq xoʻjaligi institutini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 1962-yilda Toshkent toʻqimachilik kombinatida ishchilikdan boshlagan. 1964-1967-yillarda armiya safida xizmat qilgan. 1969-yildan boshlab Davlat bankining Samarqand viloyat idorasida kreditlashtirish inspektori, katta inspektori, katta taftishchi, 1978-yildan Davlat banki Oqtosh boʻlimi, 1985-yildan esa Temir yoʻl boʻlimi boshqaruvchisi lavozimlarida faoliyat koʻrsatgan. 1986-yildan Qoraqalpogʻistonda Davlat banki boshqaruvchisi boʻlib ishlagan. 1988-yildan Qoraqalpogʻiston Respublikasi iqtisodiy boshqaruv sohasida xizmat qilgan. Oʻsha yillar mobaynida u ikki marta – XVII-XIX chaqiriq xalq deputatlari Oqtosh shahar Kengashi deputati, X va XI chaqiriq Qoraqalpogʻiston Joʻqorgʻi Kengesi deputati etib saylangan. 1990-yil yanvarida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Kengashi (oʻsha davrda – Ministrlar Soveti deb yuritilardi) Tashkiliy ishlar va xalq xoʻjaligini rivojlantirish boʻlimida boshliq oʻrinbosari, soʻngra Oʻzbekiston Respublikasi Dehqonchilik sanoati banki Boshqaruvchisi lavozimiga tayinlandi.

Bank sohasida katta bilim va tajribaga ega boʻlgan Abdurafiq Ahadov qayerda, qaysi lavozimda ishlamasin, zimmasiga yuklatilgan vazifalarni vijdonan bajargan. U mamlakat miqyosida bank tizimini yana-da ravnaq toptirish, pul muomalasini barqarorlashtirish, moliyaviy intizomga qatʼiy rioya etish ishlariga, ayniqsa agrar sektorni qayta yangilash borasidagi Davlat dasturlarini amalga oshirishga munosib hissa qoʻshdi.

U oʻz faoliyati davomida Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Bankida Oʻzbekiston Vakilining muovini lavozimida ham faoliyat koʻrsatib, Xalqaro valyuta fondi, Jahon banki yillik hisobotini chiqarish, chet el investitsiyalarini jalb qilish, Oʻzbekiston Respublikasi moliya tizimini xalqaro andozalar darajasida ravnaq toptirish uchun amaliy tadbirlar oʻtkazishda faol ishtirok etdi.

Samarali mehnatlari va olijanob fazilatlari bilan el mehrini qozongan Abdurafiq Ahadovga xalq yuksak ishonch bildirdi. U toʻrt bora Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati etib saylandi. Oliy Majlisning Byudjet, bank va moliya masalalari qoʻmitasi raisi, 2005-yil yanvar oyidan eʼtiboran ilk bor shakllangan ikki palatali Oʻzbekiston parlamenti Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi raisi vazifasida sifatida samarali faoliyat koʻrsatdi.

Parlamentdagi faoliyati davomida u respublikamiz hukumatining pul-kredit siyosati, korxonalar bankrotligi va sanatsiya masalalarini hal etishda koʻp tashabbus koʻrsatgan. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Kengashi va boshqa qator komissiyalarning aʼzosi sifatida ham faol ish olib bordi. Yurtimizda qonun ustuvorligini taʼminlash, erkin bozor iqtisodiyoti tamoyillariga asoslangan demokratik davlatning huquqiy asoslarini yaratishda faol ishtirok etdi.

1999-2002-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi binosida joylashgan bir muassasa matbuot guruhida faoliyat koʻrsatgan kezlarim Pirimqul Qodirov, Erkin Vohidov, Ibrohim Gʻafurov, Akmal Saidov, Oʻtkir Hoshimov, Xurshid Doʻstmuhammad kabi Ustozlardan koʻp saboq olganman. Bugun ilm-maʼrifat deganda shunday Ustozlarni eslasam, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish haqida soʻz borganda taniqli iqtisod sohasining piri boʻlgan Abdurafiq Ahadov siymosi koʻz oʻngimda gavdalanaveradi.

Katta avlod vakillari – yoshlarga ibrat maktabi boʻlmogʻi zarur. Aslida, biz kutgan darajada ibrat koʻrsatib yashayotgan, umri boʻyi samarali faoliyat koʻrsatgan zamonamiz qahramonlari kam emas. Faqat, biz ular siymosini va ibratli jihatlarini koʻrsata oladigan asarlar yaratib, munosib targʻib etib bormogʻimiz ham farz, ham qarzdir.

Yigirma yillar ilgari koʻrgan baʼzi voqealarni eslab yuraman. Oliy Majlisda Abdurafiq Ahadov, Erkin Vohidov, Ibrohim Gʻafurov bilan birga tushlik paytlari yoʻlaklarda aylanishardi. Ular doimo nimalarnidir muhokama qilishayotgani sezilib turardi.

Bir kuni ular bilan suhbatlashib qoldik. Erkin aka hazilomuz ohangda shunday dedi:

– Biror mavzuda gap ketganda olimlar unga ilmiy yondashadi, shoirlar badiiylikka moyilligini bilasiz, biroq, bankirlarning nigohi oʻzgacha boʻlar ekan,– dedi Abdurafiq akaga ishora qilib.– Bu kishining hamma gaplari oʻta hayotiy! Ularni kitob qilib yozsangiz bormi!..

– Albatta yozaman,– dedim ustoz shoirning taklifdek aytgan gapini maʼqullab.– Iqtisodchilar hayoti, faoliyati koʻpchilikni qiziqtiradi...

– Hammasini bir boshdan yozsangiz haqiqatan ham qiziq gaplar koʻp,– dedi Ibrohim aka nimagadir shama qilib. – Faqat intervyu olishda juda katta mahorat kerak boʻladi. Baʼzan gapni shundoq nishonga uradiki...

Hazil-huzul bilan aytilgan gaplarga ham farishta omin degan ekan. “Hayot karvonlari” va “Karvon manzillari” kitoblarini varaqlab koʻrsam ulardan oʻrin olgan baʼzi siymolarning dil soʻzlari Abdurafiq akaning “Umr daftari”dagi zarhal bitiklari aylanibdi. Ana shu bitiklarning oʻzi qahramonimizning ibratli hayoti va faoliyatiga berilgan haqqoniy bahodir.

Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov qanchalik kengfeʼl sohibi boʻlsa, ijod bobida nechogʻli talabchan ekanligini ijod ahli yaxshi biladilar. Ustoz kamdan-kam yozuvchi-shoirlarning kitobiga soʻzboshi yozgani sir emas. Abdurafiq Ahadovning “Hayot karvonlari” kitobiga ulugʻ shoir yozgan soʻzboshini “nasriy sheʼr” degimiz keladi. Unda shoirning donishmandona fikrlari har qanday oʻquvchini oʻziga maftun etardi:

“Hujjat, raqam aslida sheʼriyatdan yiroq tushunchalar. Lekin bu hujjat Vatan istiqloli haqida boʻlsa, bu raqam milliy taraqqiyot koʻrsatkichlari boʻlsa, ular eng yuksak sheʼriyat kabi ilhombaxsh, goʻzal va oliymaqom boʻlar ekan. Doʻstim Abdurafiq Ahadovning hisob-kitoblar, kirim-chiqim, daromadu buromad sanoqlari ichida kechgan umri kimgadir oʻta sokin, bir xil, hatto zerikarli tuyulishi mumkin. Lekin u bilan suhbat qurgan, uning hayajonli, joʻshqin soʻzlarini eshitgan kishi bu raqamlar zamirida qancha maʼno-mazmun, qancha mehnatu mashaqqat, qancha kurashlar yotganini his etadi.

Doʻstim kamlik koʻrmasin, uzoq yillar sadoqatli doʻstlar davrasida, mehribon oʻgʻil-qizlar, nabiralar qurshovida baxtdan umr kechirsin, deya tilak qilaman. Uning hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan “Hayot karvonlari“ kitobi umr sarhisobi, hayotdagi oʻrni va mehnat bilan topgan qadri haqida. Toʻplamdan joy olgan xilma-xil maqolalar, hujjatli va badiiy lavhalar, dil soʻzlari, fotosuratlar yosh zamondoshlarimizga ibrat maktabi vazifasini oʻtashiga ishonaman”.

Noziktaʼb adabiyotshunos olim Ibrohim Gʻafurov shunday yozadi:

“Abdurafiq tugʻma iqtisodchi, tugʻma moliyachi, tugʻma hisobdon deydilar. Balki bu hayotga yaroqli xislatlar unga buzrukvor otasidan oʻtgandir. Uning ota haqdagi hikoyalari nihoyatda ibratli.

Abdurafiq raqamlar ortida insonni koʻradi. Ular ortida katta ijtimoiy hodisalarning harakatini ilgʻaydi. Bugun ertaning tamal toshini qoʻyadi. Shoir uchun soʻz qanday boʻlsa uning uchun raqam ham shunday mazmundor va kelajak ramzidir. U raqamlardagi sirli qudratni oʻqiy va anglay biladi. U oʻzgarishlarda hayotning davomiyligi qonuniyatlarini koʻradi. Qonun ustuvorligini esa har qanday sivilizatsiyaning asosi va taraqqiyotning harakat prinsipi deb biladi. Yigirma yildan ortiq qonunlar ijodkorligi ichida yashadi. Ularning amaliyotini taftish va moliya, iqtisod bilan chambarchas bogʻladi.

Xudo Abdurafiqqa rang-barang insoniy qobiliyatlar, salohiyatlarni qoʻshqoʻllab ato etgan. U katta moliyachi, katta iqtisodchi, katta bank mutaxassisi va shular bilan birga katta sportchi, katta dehqon va inson qalbining katta bilimdoni. Yana uning talantlari ichida tabiatga doim uygʻun yashashga intilishi, tabiatni yurak-yurakdan sevishi, his qilishi, uni avaylashini aytmay boʻladimi! U baʼzan haqiqiy bobodehqonlar kabi daraxtlar, gullar, ziroat bilan tillashadi, ularni eshitadi. U tabiatning tilini biladi. U mabodo moliya ustasi boʻlmaganida, juda katta bobodehqon yoki kurashlarda yelkasi yer iskamaydigan pahlavon yoki kuchli uchlikka kiradigan sport ustasi boʻlardi albatta”.

Yuridik fanlar doktori, professor, akademik Akmal Saidovning bitiklarida ham ulkan maʼno mujassam:

“Abdurafiq akaning asl kasbi – iqtisodchi. U kishi naqd yarim asrdan buyon kasb-koriga mehr va sadoqat bilan mehnat qilib kelayotgan, umr boʻyi moliya-bank tizimida turli vazifa va lavozimlarda ishlagan iqtisodiyot sohasining tom maʼnodagi zukko amaliyotchilaridan hisoblanadi. Bu sohadagi fidokorona xizmatlari uchun Abdurafiq Ahadov Vatanimizning yuksak mukofoti – “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan iqtisodchi” faxriy unvoniga sazovor boʻlgan.

Abdurafiq aka sobiq ittifoq parchalanib ketganidan keyin yuzaga kelgan juda keskin va tahlikali vaziyatlarni oʻz koʻzi bilan koʻrgan, nafaqat koʻrgan, ayni chogʻda iqtisodiy sohada bevosita rahbariy lavozimlarda ishlagan shaxs sifatida eski mustabid sovet tizimidan voz kechish bilan bogʻliq oʻsha murakkab davrning masʼuliyatini chuqur his etgan, taʼbir joiz boʻlsa, bu muammolarni oʻz yuragidan, ong-tafakkuridan oʻtkazgan zamondoshlarimiz sirasidandir. U kishi oʻsha davr munosabatlarining shunchaki chetdan kuzatuvchisi boʻlmagan, balki ushbu muammolarni hal etishda toʻgʻridan-toʻgʻri ishtirok etgan”.

Oʻzbekiston xalq shoiri Normurod Narzullayev shunday yozgan edi:

“Abdurafiqjonning maktabda va oliy oʻquv yurti dargohida olgan bilimlari uni iqtisod, moliya tizimining yetuk mutaxassisi, oʻz sohasining bilimdoni boʻlishiga zamin yaratdi. U qayerda yashamasin va qayerda ishlamasin, oddiy xodimmi yo masʼul lavozimdami, qishloq (ovul)dami yoxud shahardami – hamma joyda ishiga sodiq qoldi, hech qachon qoqilmadi va darbozlarday muvozanatini saqlab qoldi”.

– Ollohga shukrlar boʻlsinkim, jonajon Oʻzbekistonda tinchlik-osoyishtalik, iqtisodiy barqarorlik hukmron! Xalqimiz turmushi, moddiy farovonligi kundan kunga yaxshilanib bormoqda. Yurtimiz tobora chiroy ochib, shaharu qishloqlarimiz yangi-yangi zamonaviy binolar bilan yana-da goʻzallashmoqda,– deydi Abdurafiq aka.– Koʻz oʻngimizda barkamol avlod voyaga yetmoqda. Ular zamonaviy dunyoviy ilmlarni puxta egallab, jahonga boʻy koʻrsatmoqda. Fan olimpiadalarida, sportning turli yoʻnalishlari boʻyicha gʻoliblik shohsupalarini ishgʻol etib, jahon ahlini hayratga solmoqda. Toʻrt chaqiriq parlament deputati etib saylanish hayotimning eng yorqin davri sifatida qalbimga muhrlangan. Parlamentdagi faoliyatim ongimni va dunyoqarashimni tubdan oʻzgartirdi, desam mubolagʻa boʻlmaydi. Shunga amin boʻldimki, qonunlar – jamiyat uchun bamisoli qon tomiridir. Qonun ustuvorligiga erishish – taraqqiyotga xizmat qilar ekan. Avvalgi ishlagan joylarimda yuqori tashkilotlar yoʻriqnomasi, nizom, qarorlar biz uchun qoʻllanma boʻlardi va shular asosida ishni davom ettirardik. Ammo bosh Qomus – Konstitutsiyamiz talablari asosida qabul qilingan qonunlarga bu hujjatlar qanchalik mos kelishi hatto xayolga ham kelmasdi.

Qonunchilik amaliyotini, ularning mohiyatini chuqur tushunmagan joyda huquqbuzarlik hollari yuz beradi. Keyin, jinoiy ish qoʻzgʻatilganda, tergov yo sud jarayonlarida haq-huquqini himoya qilish uchun advokatga murojaat qilinardi. Bu sohada ular mutaxassis degan fikrda edik. Oʻzimizning huquqiy ongimiz va saviyamiz, huquqiy madaniyatimiz haminqadarligidan xijolat tortmas edik va tabiiyki, haqiqat, adolat uchun kurashmasdik. Haq-huquqimizni talashib-tortishish u yoqda tursin, hatto munosabat ham bildirmasdik. Bundan ayrim ustasi faranglar foydalanib qolishar va jinoiy ishlar qilib, jazolardan osongina qutulib qolishar ekan... Buning oqibatida qancha begunoh odamlar jabr koʻrganining shohidi boʻlganman. Birgina huquqiy savodxonlik yetishmasligi oqibatida yana qancha joylarda shunday salbiy holatlar urchib yotganini tasavvur etish qiyin emas. Hayotimiz barcha jabhalarida huquqiy nigilizm hukm surardi. Demokratik huquqiy jamiyatda bu kabi noxush holatlarga aslo yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Men deputatlikka nomzod paytlarimdayoq shu haqda uzoq oʻylaganman. Jamiyatda qonun ustuvorligiga erishish, ularni amaliyotda toʻgʻri qoʻllash masalalari saylovoldi dasturimda oʻz aksini topgandi. Saylovchilar bilan uchrashuvlarda bu masala koʻpchilikda katta qiziqish uygʻotdi. Hayotda shunday muammolar borligi va ularning yechimini topish mumkinligi haqidagi fikrlarimni koʻpchilik qoʻllab-quvvatladi. Ayni paytda saylovchilar bilan maslahatlashgan va ularning ham xohish-istagi boʻlgan ushbu masalalarni qonunlarda aks ettirish lozimligini angladim. Bu yoʻlda amalga oshirish zarur boʻlgan vazifalar deputatning muqaddas burchi ekanligini his etdim. Bu – Vatan va xalq oldidagi sharafli burch edi! Deputat boʻlgunga qadar asosan bank va moliya sohasi amaliyotida toblangan boʻlsam, parlament deputati sifatida faoliyatim davomida esa qaytadan shakllandim. Bunga oʻsha davrda parlamentda faoliyat koʻrsatgan oʻnlab-yuzlab oʻz kasbining bilimdoni boʻlgan yuristlar bilan yaqindan tanishganligim ham sabab boʻlgandir. Ular bilan hamohang ravishda ishlar ekanmiz, qonunlarsiz hamma yoqda “boʻshliq” paydo boʻlib, jamiyatda biror natijaga erishib boʻlmasligini toʻliq angladim.

Afdurafiq akaning dil soʻzlarini tinglagan kishi oʻtgan kunlarimizni oʻzgacha tahlil qilishga oʻrganadi. Tajribali iqtisodchining aytishicha, bugun mustaqillikka erishilgan kunlarni va undan oldingi ikkinchi jahon urushi davridan beri duch kelgan va xalqni gʻoyat qiyin ahvolga solib qoʻygan haddan ziyod taqchillik, tanglik, qimmatchilik va qiyinchiliklarni ham esga tushirish mumkin. 1991-yilda siyosiy inqiroz kuchayib ittifoq chok-chokidan soʻkilib bitdi. Oʻzbekiston “markaz”ning qonli “quchogʻidan” ozod boʻlib, tobelik zanjirini uloqtirib tashladi. Oʻsha kunlarda boʻlib oʻtgan referendum endi unga toʻla mustaqil davlat sifatida oʻz taqdirini oʻzi hal etish huquqiga ega ekanligini umumxalq imzosi bilan tasdiqladi. Bu Oʻzbekiston tarixidagi tub burilish boʻlib, eng katta va eng muhim siyosiy voqea hisoblanadi. Respublika siyosiy hayotida ham muhim voqea sodir boʻldi, yaʼni, qonuniy asosda kompartiya tugatildi. Xalq demokratik partiyasi va boshqa partiyalar tuzila boshladi hamda koʻppartiyaviylikning huquqiy asoslari yaratildi. Oʻzbekiston tarixida, chunonchi, sobiq ittifoqda ham birinchi marta muqobillik asosida oʻtkazilgan umumxalq saylovi orqali yirik iqtisodchi va siyosatchi, davlat va jamoat arbobi, xalq mehrini qozongan mard, dovyurak inson Islom Abdugʻaniyevich Karimov Oʻzbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti etib saylandi. Oʻsha kezlar shunday voqealar ham sodir boʻldiki, ular xalq boshiga juda koʻp noxushliklar keltirdi. Yaʼni, xalqni katta tashvishga solayotgan iqtisodiy tanglik, qaltis siyosiy vaziyat, narx-navo keskin koʻtarilishi, pulning qadrsizlanishi, boz ustiga turli siyosiy noxushliklar va koʻplab ijtimoiy masalalar qalashib ketgandi. Markazdan biryoqlama mantiqsiz boshqarish siyosati jamiyatni ayanchli ahvolga solib qoʻygan edi.

Bunday holat yuzaga kelishiga Oʻzbekistonning zarracha aloqasi yoʻq edi. Boz ustiga iqtisodiyot bir tomonlama rivojlangandi. Respublikamiz faqat xomashyo bazasiga aylantirilgandi, bu jafokash xalqimizga jabr boʻlgandi.

Asosan sobiq ittifoqning MDHga kirgan mustaqil davlatlarida yiriklari (Rossiya, Belarus, Ukraina, Boltiqboʻyi respublikalari) bozor iqtisodiyotiga oʻtishini tezlashtirib yuborgani, toʻgʻrirogʻi, uni har tomonlama oʻylamay, oʻzbekchasiga aytganda, “yetti oʻlchab bir kesmay” deganlaridek, uygʻunlashtirib olib bormay, narx-navolar jilovi oʻz holiga qoʻyib yuborilgani xalqning shundoq ham mashaqqatli turmushini yana-da ogʻirlashtirardi. Hamdoʻstlik davlatlari hududlarida narx-navo erkinligi taʼminlanayotganligi Oʻzbekistonning ham iqtisodiy hayotiga salbiy taʼsir oʻtkazardi. 1991-yil davomida narx-navo kamida uch baravar koʻtarildi va bu hol keyinchalik yana davom etdi. Boshqacha aytganda, nazoratsiz narx-navo odamlarni sarosimaga solib qoʻydi. Buning ustiga yana bir mushkul vaziyat paydo boʻldi. Boshqa respublikalarga nisbatan arzonroq baholarda mol xarid qilish maqsadida Oʻzbekistonga kelayotgan kishilar soni haddan ziyod koʻpayib ketdi. Qop-qop pul bilan kelib, vagon-vagon yoki katta yuk mashinalariga mol ortib ketayotganlarni toʻxtatishning huquqiy mexanizmi yoʻq edi. Bu paytda chegaralari ochiq bir respublikadan ikkinchisiga hech bir nazoratsiz kelib ketilardi.Bunday ochiqlik respublikaning taʼminot balansini izdan chiqarardi. Doʻkonlarda barcha turdagi mollar keskin kamaydi. Bozorlarda esa narxlar qimmatlashib, uch-toʻrt barobarga oshib ketdi. Eng kerakli mahsulotlar (un, non, shakar, yogʻ, goʻsht) doʻkon peshtaxtalaridan yoʻqolib qoldi. Kiyim-kechak, gazlama, televizor, xolodilnik va boshqa uy-roʻzgʻor buyumlari anqoning urugʻiga aylandi. Bu turdagi tovarlar boshqa respublikalardan keltirilar edi. Taʼkidlash joizki, bugʻdoy, non, goʻsht, sut mahsulotlarining asosiy qismi, yaʼni, 65-75 foizi boshqa respublikalardan keltirilib, fond orqali taqsimlanardi. Ayni vaqtda sobiq ittifoq rahbarlari ittifoqdosh respublikalarda bunday vaziyatni yumshatish uchun koʻrgan barcha choralari qogʻozda edi, amalda esa bajarilmay qoldi. Aslida bu muammo uzoq yillar mobaynida maʼmuriy buyruqbozlikka asoslangan samarasiz olib borilgan siyosiy-iqtisodiy boshqaruvning oqibati edi...

Abdurafiq aka taʼkidlashicha, tarix oʻtmishni yomonlash uchun yozilmaydi, aslida yoʻl qoʻyilgan xatolardan saboq chiqarish, haqiqatni tan olish va oʻtmishni unutmaslik, u davrda vaziyat qanday edi-yu, bu kunga qay tarzda erishdik – mana shular haqida mulohaza yuritadi. “Tarixiy xotirasiz kelajak yoʻq” degan purmaʼno hikmat ham bejiz aytilmagan. Demak, tarixni xolisona oʻrganish – amaliy xulosalar chiqarish uchun kerak. Yurtimiz mustaqilligining dastlabki yillari har kuni yangi-yangi yechimini kutadigan masalalar koʻndalang boʻlardi. Bu vaziyatdan chiqish oson emas edi. Chunki turli siyosiy oʻyinlar, eng ogʻiri barcha masalalar moliyaviy manbaga borib taqalar edi. Iqtisodiyotning barcha sohalari qaramlikdan iborat, mustaqil pul birligi yoʻq, daromad manbai qishloq xoʻjalik byudjeti katta defitsit, ijtimoiy masalalar keskinlashgan, qoʻshni mamlakatlardagi ahvol bizdagidan ham qaltisroq edi. Aynan ana shu girdobdan chiqishda vazminlik, musulmoncha aytganda – asta-sekinlik bilan har bir masalaning yechimi topildi. Iqtisodiyot asta-sekin izga tusha boshladi... Agar faktlarga murojaat qiladigan boʻlsak, 90 yillarning birinchi yarmida investitsiya masalasida xorijliklar bilan muzokara olib borish mushkul edi. Oʻsha kezlarda Oʻzbekistonning iqtisodiy salohiyati haqida maʼlumotlar juda kam boʻlardi. Respublikamizga bir agrar hudud sifatida qaralardi. Masalan, Yevropa qayta tiklanish va taraqqiyot bankidan Toshkent aeroportida rekonstruksiya ishlarini bajarish uchun 50 million AQSH dollari olishga olti oy davomida muzokaralar olib borilgan va har safar yangi-yangi talablar qoʻyilgan edi. Bugun esa xorijiy investitsiyalarni jalb etishni ragʻbatlantirish, investorlar huquqlarini himoya qilishni kafolatlash, ularga imtiyoz va pereferensiyalar berishga oid puxta huquqiy baza yaratildi. Bu borada raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni taʼminlaydigan zamonaviy, yuksak texnologiyali ishlab chiqarishni tashkil etish uchun xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb etish boʻyicha qulay shart-sharoitlarni shakllantirish asosida yangi ish joylarini yaratish masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Istiqlolning ilk yillarida sobiq ittifoqda yuzaga kelgan iqtisodiy tanazzullar haqida koʻp misollar keltirishimiz mumkin. Oʻsha damlarda byudjetning daromad qismi juda oz va katta miqdordagi defitsit, inflyatsiya iqtisodiyotni barcha sohasini izdan chiqargan edi. Shu tahlikali vaziyatda byudjetni bir yilda tasdiqlash oʻta mushkul edi, chunki narx-navo har kuni oʻzgarar edi. Ana shu vaziyatda talafotdan chiqish yoʻllari Birinchi Prezidentimizning aniq koʻrsatmalari asosida boshqarilar edi. Kerak boʻlgan kezlarda har oy, har chorakda koʻrib chiqish, tahlil qilish va vaziyatga qarab qaror qabul qilish daromadga yarasha buromad choralari ishlab chiqilar edi. Shunday ogʻir damlarda ham tashqi qarzga koʻz tikib oʻtirmasdan barcha ichki imkoniyatlarni ishga solib, toʻgʻri hisob-kitob qilib mamlakatni odilona boshqarishga harakat qilinar edi. Ogʻir vaziyatlarda xalqni osoyishtalikka, sabr-toqatli boʻlishga chaqirib, toʻgʻri tushuntirishlar berildi. Hatto oziq-ovqat zaxirasi kamayib ketgan paytda ham bu muammolar vazminlik bilan hal etilardi.

Yuqorida hikoya qilingan voqealar aslida yurtimiz mustaqilligining ilk sharofati edi. Kelgusida bunday xayrli ishlarni izchil davom ettirish sergʻayrat, olov qalb yoshlarimiz tashabbuslariga va gʻayrat-shijoatlariga bogʻliq.

– Yurtimiz mustaqillikka erishishi arafasidan boshlab to shunga qadar kimlar nima ishlar qilgani, qanday matonatlar koʻrsatganini xalqimiz koʻrib, xolisona baholab turibdi,– deydi Abdurafiq aka.– Bugun muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev amalga oshirayotgan ulugʻvor ishlar, ulkan islohotlar ham albatta oʻz samarasini koʻrsatishiga ishonamiz. Buning uchun katta hayot tajribasiga ega kishilar har bir ishda bosh-qosh boʻlishlari va yosh kadrlar gʻayrat-shijoatini koʻrsatishlari lozim. Ochigʻi, men Prezidentimizning mamlakat hayoti uchun strategik ahamiyat kasb etuvchi maʼruza va murojaatlarini eʼtibor bilan kuzatib boraman. Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida kelajagimizning oydin yoʻllari aniq-ravshan koʻrsatildi. Murojaatnoma Oʻzbekistonning joriy yil va yaqin istiqboldagi taraqqiyotini belgilab beruvchi strategik va ayni paytda fundamental asosga ega boʻlgan hujjatdir. Bu hujjat mazmunidan bugungi islohotlar mohiyatini, yurtimizning butun qiyofasi qay tarzda jozibador boʻlishini, xalqimiz hayoti nechogʻlik osuda, farovon va baxtiyor kechishini anglash mumkin. Belgilab berilgan ulkan marralarga erishish uchun har birimiz masʼuliyatni his etmogʻimiz zarur. Murojaatnomada avvalo inson va uning manfaatlari ustuvor oʻringa qoʻyilgan. “Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan asosiy tamoyil chinakam ijtimoiy voqeligimizga aylanishi oʻzimizga bogʻliq. Ochigʻini aytish kerak, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar qanday samara berishi adolatli saʼy-harakatlarimizga bogʻliq. Afsuski, jamiyatimiz taraqqiyotiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan illatlardan biri – korrupsiyadir. Bu xavfli illat xalqimizning islohotlarimizga ishonchini soʻndirishi, odamlarda norozilik kayfiyatini kuchaytirishi hech gap emas. 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi oʻzining tub mohiyati bilan aynan korrupsiyani tag-tomiri bilan yoʻq qilishga qaratilgan tarixiy hujjat boʻldi. Unda barcha sohalarda korrupsiyaga barham berish, uning ildiz otishiga sharoit yaratayotgan sabablarni bartaraf etishga qaratilgan choralar belgilandi. Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga binoan 2019-2020-yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha ikkinchi Davlat dasturi tasdiqlandi. Soʻnggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida muhim tashkiliy-huquqiy islohotlar amalga oshirilganligini alohida eʼtirof etish zarur. Davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, korrupsiyaga qarshi kurashda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar qanchalik harakat qilmasin, xalqimiz bu jirkanch illatga murosasiz boʻlmas ekan, taʼsirchan jamoatchilik nazoratini oʻrnatmas ekan, bu baloga qarshi samarali kurashni tashkil eta olmaymiz. Bu illat bilan nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, balki har bir jamoa jiddiy kurashishi kerak. Ochigʻi, hayotga, davlat siyosatiga, jamiyatimiz hayotiga barchamiz mana shunday munosabatda boʻlishimiz lozim, deb bilaman.

Suhbatdoshimiz 2020-yil mamlakatimizda – “Ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb eʼlon qilinishini koʻtarinki ruh bilan kutib olganini taʼkidlaydi. U kishining aytishicha, raqamli iqtisod – bu bugungi kunda jahon iqtisodining drayveri, rivojlanish belgilaridan biri. Raqamli iqtisod – zamonaviy milliy iqtisodlarning qiyofasini oʻzgartirib, ularning samaradorligini va shaffofligini oshirmoqda. Raqamli iqtisod koʻp muammolarimizni hal qilishi mumkin. Raqamli iqtisodning vazifasi – iqtisodiyot samaradorligini oshirishdadir. Bugungi kunda Oʻzbekiston bozor iqtisodiyoti tizimini joriy qilish yoʻlidan bormoqda. Har bir mamlakatning farovonligi uning YAIMi bilan belgilanadi. Chunki YAIMdan tashqarida hech narsa yoʻq, oddiy soʻz bilan aytganda. Xalqning davlatning harakat maydoni – mana shu yalpi ichki mahsulot. YAIM katta boʻlsa birovga yordam puli nafaqa berishingiz mumkin. YAIM koʻpaymasa farovonlikni taʼminlash iloji yoʻq. Raqamli iqtisod bozor iqtisodi bilan bir vaqtda Oʻzbekiston yalpi ichki mahsulotini oshirishga xizmat qiladi. Har bir davlatning asosiy maqsadi – iqtisodiy oʻsish va farovonlikka erishish ekan, bu ezgu maqsadlarga erishishimiz uchun barcha imkoniyatlarga egamiz, deydi mulohazakorlik bilan Abdurafiq aka.

Iqtisodiyot bilan bir qatorda siyosat maydonida ham javlon urgan ocherkimiz qahramonining umri davomida amalga oshirgan ishlarini xolisona tahlil qilsak, yoshlar uchun xoʻb ibratli jihatlarini kashf etish mumkin. Avval mahalliy Kengashlar, keyinchalik 20 yil parlament deputati boʻlgan Abdurafiq Ahadov iqtisodchi boʻlish bilan bir qatorda siyosatchi sifatida ham chinakam toblangan siymolardan biridir. Bugungi yoshlar kimdan ibrat olishi kerak, degan joʻngina savolga mana shunday siymolarning samarali faoliyatlarini koʻrsatgim keladi.

Toʻlqin ESHBEK,

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, xalq deputatlari Olmazor tuman Kengashi deputati


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?