Parlament soʻroviga Bosh vazir oʻrinbosari Shuhrat Gʻaniyevning javobi koʻrib chiqildi

10:47 21 Noyabr 2020 Siyosat
167 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan strategiyasida belgilangan ustuvor yoʻnalishlarni amalga oshirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi Qonunchilik palatasining parlament soʻroviga Bosh vazir oʻrinbosari Sh. Gʻaniyevning javobi koʻrib chiqildi.

Bosh vazir oʻrinbosari javobida qayd etilishicha, Prezidentimizning 2020-yil 1-maydagi “Koronavirus pandemiyasi davrida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, mavjud resurslardan oqilona foydalanish, qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan joriy yilda respublikada jami 280 ming gektar yerlarni oʻzlashtirish rejalashtirilgan.

Bugungi kunga qadar respublika boʻyicha jami 95,8 ming gektar yerlar foydalanishga kiritilgan. 2020-yil yakuniga qadar yana 14,8 ming gektar yerlar oʻzlashtiriladi va shu yilning oʻzida jami 110,5 ming gektar yer qishloq xoʻjaligida qayta foydalanishga kiritiladi.

Klaster tizimi samaradorligiga alohida eʼtibor qaratilgani holda 2018-yilda 20 ta tumanda 160 ming gektar maydonda paxta-toʻqimachilik klasterlari faoliyat yuritgan boʻlsa, 2020-yilga kelib ularning soni 100 taga yetkazildi va umumiy paxta maydonining 927 ming gektari yoki 90 foizi ajratib berildi.

Hozirgi vaqtda respublikada 86 ta meva-sabzavotchilik, 124 ta gʻallachilik, 33 ta sholichilik, 8 ta kartoshkachilik klasterlari hamda 94 ta meva-sabzavotchilik va 11 ta paxtachilik kooperatsiyalari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

Agrosanoat klasterlari va kooperatsiyalari bilan mahsulot yetishtiruvchilar oʻrtasida munosabatlarni aniq tartibga solish hamda soha samaradorligini oshirish maqsadida “Qishloq xoʻjaligi kooperatsiyasi va agrosanoat klasteri toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, ayni paytda Vazirlar Mahkamasida huquqiy ekspertizadan oʻtkazilmoqda.

Parlament soʻroviga javobda taʼkidlanganidek, 2020-yilda respublika boʻyicha 1 mln. 78 ming gektar suvli va 181 ming gektar lalmi maydonlardan don ishlab chiqarish prognoz koʻrsatkichi 7,6 mln. tonna qilib belgilangan. Shundan, 3 mln. 19 ming tonna donni davlat ehtiyojlari uchun yetkazib berish belgilanib, amalda 3 mln. 80 ming tonnadan ortiq don sotilgan. Respublika boʻyicha boshoqli don yetishtirilgan 147 ta tumanda davlat ehtiyojlariga don topshirish shartnomasi ortigʻi bilan bajarilgan. Lekin, shunga qaramasdan mavjud sugʻoriladigan yer maydonlaridan samarali foydalanish, suv resurslarini tejash va yuqori sifatli boshoqli don yetishtirish imkoniyatlaridan toʻliq foydalanilmayapti. Xususan, 2020-yilda 2 229 fermer xoʻjaliklari tomonidan boshoqli don yetishtirish boʻyicha tuzilgan shartnomalar bajarilmagan. Shu bois, oʻtgan 2019-yildan boshlab, eksperiment sifatida gʻallachilikda mahsulot yetishtirishdan tortib, qayta ishlash va sotishgacha boʻlgan barcha jarayonlarni oʻz ichiga oluvchi klaster usuli joriy etildi.

Ichki bozordagi oziq-ovqat mahsulotlari va oʻsimlik yogʻining narxi barqarorligini taʼminlash maqsadida tegishli ekinlar maydonlarini kengaytirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Oziq-ovqat xavfsizligining muhim boʻgʻini hisoblangan urugʻchilik sohasidagi muammolarni bartaraf etish yuzasidan aniq amaliy choralar koʻrilmoqda.

Qayd etilishicha, qishloq xoʻjaligida foydalanishga kiritilgan yerlarning 86,4 ming gektariga ekinlar ekilgan. 2021-yilda respublika boʻyicha jami 85,8 ming gektar asosiy maydonlarga moyli ekinlarni ekish belgilab olingan.

Dolzarb boʻlgan masala — ichki bozorlarda asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining barqaror saqlanishini taʼminlashda Prezidentimizning 2020-yil 9-oktyabrdagi qarori muhim asos boʻlmoqda. Unga koʻra, goʻsht, kartoshka va oʻsimlik yogʻi importi bojxona boji toʻlovlaridan ozod etildi. Natijada chetdan keltirilayotgan goʻsht, kartoshka va oʻsimlik yogʻi mahsulotlarining ichki bozordagi narxini oʻrtacha 10-15 foizgacha pasaytirish imkoniyati yaratildi.

Ichki bozorda goʻsht va goʻsht mahsulotlari narxini barqarorlashtirish maqsadida bugungi kunda faoliyat koʻrsatayotgan chorvachilik xoʻjaliklariga arzon ozuqa ekinlari yetishtirish uchun joriy yilda qoʻshimcha 50 ming gektarga yaqin yer maydoni ajratib berildi.

Parlament soʻroviga javobda, shuningdek, qishloq xoʻjaligining sabzavotchilik, polizchilik, mevachilik sohalarida, paxta hosili terimini mexanizatsiyalash darajasini oshirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ham batafsil maʼlumotlar berildi.

Majlisda parlament soʻroviga Bosh vazir oʻrinbosarining javobi deputatlar tomonidan maʼlumot uchun qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?