Parlament soʻrovi natijalari muhokama qilindi

18:01 20 Noyabr 2020 Siyosat
173 0

Oliy Majlis Senatining toʻqqizinchi yalpi majlisida Rossiya Federatsiyasida mehnat faoliyatini vaqtincha amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlari himoyasini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, Tashqi mehnat migratsiyasi sohasida tizimli nazoratni yoʻlga qoʻyish, Oʻzbekiston fuqarolarini tashkiliy asosda ishga qabul qilish va jalb etish tizimini takomillashtirish maqsadida Hukumat tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining bir qator farmon va qarorlari ishlab chiqilib, tasdiqlangan.

Xususan, joriy yil 15-sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan.

Ushbu qaror bilan fuqarolarni kasb-hunarga va xorijiy tillarga oʻqitish amaliyotini samarali yoʻlga qoʻyish, ularga kasbiy malakani tasdiqlovchi xalqaro tan olinadigan sertifikatlarni berish, shuningdek, xorijda murakkab sharoitga tushib qolgan mehnat migrantlarini moliyaviy va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, ularning hayoti va sogʻligini sugʻurtalash amaliyotini kengaytirish, ular uchun madaniy-maʼrifiy tadbirlarni tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlar rejalari tasdiqlangan.

Senatorlar tomonidan sohadagi muammo va qiyinchiliklarni bartaraf etishda aynan ushbu hujjatda belgilangan dasturiy chora-tadbirlarni izchil hayotga tatbiq etish muhimligi taʼkidlandi.

Bundan tashqari, tashqi mehnat migratsiyasi sohasiga oid axborotlarning tezkor aylanishini taʼminlash maqsadida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining ijtimoiy tarmoqlarda (telegram, facebook) rasmiy axborot kanallari ishga tushirilgan hamda migratsiya xizmatlarini taqdim etuvchi mobil ilovalardan tashkil topgan “labormigration.uz” dasturiy taʼminoti ishlab chiqilgan.

Shu bilan birga, yalpi majlisda mehnat migrantlarining huquq va manfaatlari himoyasining samarali mexanizmini yoʻlga qoʻyish bilan bogʻliq boʻlgan tizimli kamchilik va muammolar koʻrsatib oʻtildi.

Xususan, Oʻzbekiston va Rossiya hamkorligining shartnoma-huquqiy asosini tashkil etuvchi asosiy hukumatlararo bitimlarning Rossiya Federatsiyasi hududida toʻliq amal qilinishini taʼminlash boʻyicha ishlar tizimli yoʻlga qoʻyilmaganligi sababli haligacha fuqarolarni tashkiliy asosda ishga qabul qilish darajasi pastligicha qolmoqda. Majlisda ushbu koʻrsatkich 10 foizdan kam ekanligi taʼkidlandi.

Qolaversa, Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari hamda Tashqi ishlar vazirliklarining ushbu yoʻnalishda Oʻzbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi vakolatxonalari salohiyatidan samarali foydalanishda qator kamchiliklar kuzatilayotganligi ham qayd etildi.

Shuningdek, tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi muammolarni hal qilishda parlamentlararo hamkorlik salohiyatidan unumli foydalanish hamda ushbu masalani Oʻzbekiston — Rossiya parlamentlararo komissiyasi doirasida tezkor koʻrib chiqish boʻyicha aniq topshiriqlar berildi.

Muhokama yakunida Vazirlar Mahkamasi, Bandlik va mehnat munosabatlari hamda Tashqi ishlar vazirliklariga qayd etib oʻtilgan muammolarni bartaraf etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish, ikki tomonlama bitimlarning sifatli ijrosiga alohida eʼtibor qaratish tavsiya etildi hamda tegishli chora-tadbirlar dasturlarini qabul qilish lozimligi taʼkidlandi.

Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?