Parlament Facebook ustidan nazoratni kuchaytirmoqchi

11:17 22 Fevral 2019 Jamiyat
360 0

Illyustrativ foto

Ijtimoiy tarmoqlar, birinchi navbatda, Facebook yolgʻon maʼlumotlarning keng tarqalishini toʻxtatib qola olmaydi va shuning uchun, uni qattiq nazorat qilish lozim. Buyuk Britaniya parlamenti ana shunday xulosaga kelgan. Bu haqda Bi-bi-si xabar berdi.

Parlamentning madaniyat, media, sport va raqamli texnologiyalar boʻyicha qoʻmitasi 18 fevral kuni yolgʻon xabarlar tarqalishi yuzasidan bir yildan oshiq vaqt davom etgan tekshiruv xulosalarini eʼlon qildi.

Omma eʼtiboriga havola etilgan hujjatda asosiy eʼtibor shaxsan Facebook asoschisi va rahbari Mark Sukerbergga qaratilgan. Britan parlamenti deputatlari kelgan xulosaga koʻra, janob Sukerberg yolgʻon xabarlarning tarqalishi masalasida “yetakchilik va shaxsiy masʼuliyat” koʻrsata olmagan, Facebook kompaniyasi esa “shaxsiy maʼlumotlar daxlsizligi boʻyicha qonunlar va monopoliyaga qarshi qonunchilikni ongli ravishda buzib kelgan”.

Bundan tashqari tekshiruvni oʻtkazgan parlament qoʻmitasi kompaniyani “toʻliq boʻlmagan va ikkilanishga sabab boʻluvchi javoblar” orqali deputatlarni chalgʻitishga uringanini ham iddao qilgan.

Demokratiyaga tahdid

Hisobotda Facebook quyidagi toʻrt band boʻyicha ayblangan:

Facebook mavjud qonunlarni “qasddan va ongli ravishda” buzib kelgan. Hisobotda Facebook ikki qonunni buzgani aytiladi - shaxsiy maʼlumotlar toʻgʻrisidagi va erkin raqobat toʻgʻrisidagi. Hisobot mualliflarining taʼkidlashicha, Facebook maqsadli reklama beruvchilar uchun foydalanuvchilar roziligisiz ularning shaxsiy maʼlumotlarini qoʻlga kiritish imkonini yaratib bergan.

Facebook vijdonan faoliyat yuritmagan. Britan deputatlari oʻzlarining kompaniyaning demokratiyaga koʻrsatayotgan taʼsiri boʻyicha tashvishiga munosabatan Facebook yoʻllagan javobni “ikkiyuzlamachilik maqsadidagi, Facebookʼning vijdonan ishlamayotganiga yana bir yaqqol dalil“ sifatida baholaganlar.

Facebook shaxsiy maʼlumotlar daxlsizligidan koʻra moliyaviy daromadni koʻproq maʼqul koʻradi. Hisobotga koʻra, “bepul xizmatlar koʻrsatish orqali Facebook faqat tanganing bir tomonini koʻz-koʻz qilmoqda.”

Facebook va boshqa firmalar xuddi “raqamli gangsterlar“dek harakat qilmoqda. Hisobot mualliflari raqamli texnologiyalar sanoatini tartibga solib turuvchi, xavfli va yolgʻon xabarlar tarqalishiga eʼtibor bermagan kompaniyalar ustidan sudga shikoyat etib, ulardan “yirik miqdordagi jarimalar” undirish vakolatiga ega boʻlgan regulyator tashkil qilishga chaqirganlar.

“Facebook shaxsiy maʼlumotlar orqali pul ishlash evaziga maʼlumotlar xavfsizligidan koʻra moddiy manfaatlarni ustun bilmoqda,“ deya taʼkidlanadi hisobotda.

“Facebook kabi kompaniyalarning onlayn dunyosida “raqamli gangsterlar“dek faoliyat yuritishiga yoʻl qoʻymaslik lozim,“ deyiladi hisobotda.

Hujjatda internet-gigantlar foydalanuvchilarning shaxsiy maʼlumotlari himoyasiga masʼuliyatsizlik bilan munosabatda boʻlishda ayblanadi.

Hisobotda eʼtirof etilishicha, oʻzining raqamli bozordagi egallab olgan oʻrnidan foydalangan holda ular kichik kompaniyalarning erkin faoliyat yuritishiga toʻsqinlik koʻrsatishga harakat qilmoqda.

Shuningdek, hisobot mualliflari, ayniqsa, Facebookʼning siyosiy maqsadlarda foydalanuvchilar shaxsiy maʼlumotlarini yashirincha yigʻib kelganiga diqqat qaratgan. 

Mark Sukerberg amerikalik kongressmenlar savollariga javob bergan, ammo Vestminsterga kelishdan bosh tortgan

Qoʻmita keltirgan iddaolarga javoban Facebook kompaniyasi yolgʻon xabarlar tarqalishini nazorat ostiga olishga tayyor ekani va allaqachon ijtimoiy tarmoqda yoyiluvchi siyosiy reklamalar uchun tartib-qoidalarni qayta koʻrib chiqqanini maʼlum qilgan.

Takliflar

Yolgʻon xabarlar tarqalishining oldini olish uchun qoʻmita quyidagilarni taklif qilgan:

Talablari bajarilishga majburiy boʻlgan “ahloq kodeksi” va ijtimoiy tarmoqlarni nazorat qiluvchi mustaqil regulyator tashkil etish

Mazkur regulyatorga kodeks talablarini buzgan kompaniyalarga nisbatan sud ishlari ochish vakolatini berish

Ijtimoiylar tarmoqlarni nafaqat xavfli kontent, balki uning manbalari va boshqa ishonchsiz maʼlumotlar tarqatish bilan maʼlum manbalarni oʻchirib tashlashga majburlash Buyuk Britaniyada faoliyat yuritayotgan texnologiya kompaniyalarini soliqqa tortish va undan tushgan tushumlarni maʼlumotlar boʻyicha Komissar va tashkil etilgan ijtimoiy tarmoqlar regulyatori faoliyatini moliyalashga yoʻnaltirish

Hisobotda yolgʻon maʼlumotlarga taalluqli aniq misollar keltirilmagan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?