Parijning mashhur koʻchasida oʻzbek xalq amaliy sanʼati mahsulotlari savdo uyi ochildi

21:25 12 Sentyabr 2020 Dunyo
198 0

Xorijiy mamlakatlarda oʻzbek hunarmandchilik mahsulotlarining savdo uylari va «shou-rum»larining tashkil etilishi Oʻzbekistonning turizm salohiyatini ommalashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Parij - dunyo madaniy poytaxtlaridan biridir. Boy tarix va madaniy merosga ega bu tarixiy shahar nafaqat Yevropa, balki jahon miqyosidagi yirik sayyohlik markazlari qatoriga kiradi.

Fransiya poytaxtining markaziy qismidagi Rivoli koʻchasi Luvr muzeyi, «Tyuilri» bogʻlari, Parij meriyasi, koʻplab galereyalar va savdo maydonchalari kabi diqqatga sazovor joylarga ega boʻlgan eng uzun va eng mashhur bulvar hisoblanadi.

Yaqinda aynan ushbu mashhur koʻchada oʻzbek xalq amaliy sanʼati va hunarmandchilik savdo uyi ochildi. Bu yerda Oʻzbekistonning eng yaxshi ustalari tomonidan tayyorlangan milliy hunarmandchilik namunalari —sopol idishlar buyumlari, soʻzana, oʻyma va boʻyalgan miniatyuralar, qoʻlda toʻqilgan gilamlar, oʻyinchoqlar, kandakorlik buyumlari va boshqa mahsulotlar joy oldi.

Bundan tashqari, savdo uyida taniqli oʻzbek dizayneri va kashtachilik ustasi Madina Qosimboyevaning anʼanaviy milliy liboslari, Rishton va Buxoro kulolchilik maktablari vakillari Alisher Nazirov va Abdulvohid Buxoriy yaratgan buyumlar, rassom Bobur Ismoilov kartinalari, shuningdek, Yevropadagi taniqli miniatyurachi Davron Toshev asarlari namoyish etilmoqda.

Taʼkidlash joizki, Parij meri Ann Idalgo Oʻzbekiston savdo uyi ochilishini olqishlab, u Fransiya poytaxtida boy oʻzbek madaniy merosini ommalashtirishga xizmat qilishiga umid bildirdi.

Tantanali ochilish marosimida Yevropa mamlakatlari, jumladan Fransiyada soʻnggi yillarda oʻzbek xalqi urf-odatlari va madaniyati tobora ommalashib borayotgani taʼkidlandi. Savdo uyi faoliyatining birinchi kunidayoq sopol, ipak, oʻymakorlik mahsulotlari, oʻyma qutichalar va boshqa mahsulotlar koʻplab mehmonlar tomonidan sotib olindi. Parijliklar va Fransiya poytaxti mehmonlari mahsulotlarning narxi aholining keng qatlami uchun moʻljallanganidan mamnun.

“Dunyo” AA muxbiri savdo uyining birinchi mijozlari va xodimlari bilan suhbatlashdi.

Ponte Eliz, kostyumlar boʻyicha dizayner:

— Men mana bu chiroyli choponni sotib oldim. Bu yerga tez-tez kelib, kiyimlarimni Oʻzbekistonning goʻzal mahsulotlari bilan boyitish niyatidaman. Ushbu anʼanaviy oʻzbek choponi nafis va oʻziga xos dekorativ uslubda tikilgan. Tikuv usullari va kashtadoʻzlik naqshlari juda taʼsirchan. Savdo uyining ochilishidan xursandmiz. Bu yerda Oʻzbekiston madaniyati va milliy urf-odatlari haqida ham koʻp maʼlumotlarga ega boʻlish mumkin.

Martin Janna, savdo uyi xodimi:

— Oʻzbekistondan kelgan esdalik sovgʻalari va amaliy sanʼat buyumlari sharqona jozibasi, yuqori sifati hamda maqbul narxlari bilan ajralib turadi. Har bir mahsulot juda chiroyli va mohirona ishlangan. Oʻylaymanki, ushbu loyiha Fransiya jamoatchiligi oʻrtasida mamlakatingizning madaniy merosi va sayyohlik salohiyatini targʻib qilishga munosib hissa qoʻshadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?