Parij shahrida milliy taomlar restoranlarini ochgan yurtdoshimiz ona-shahri Buxoroda turistik axborot markazi barpo etdi

17:47 14 Oktyabr 2020 Welcome to uzbekistan
142 0

Buxoroda tugʻilib oʻsgan va taqdir taqozasi bilan Fransiyada oʻqib, biznes sohasida oliy taʼlim olgan Saidjon Maqsudov koʻhna shaharda turistik axborot markazi ochish tashabbuskori boʻldi. Uning bundan bir yil muqaddam tayyorlagan biznes loyihasi nihoyat toʻla-toʻkis amalga oshdi. Buxoroning eski shahar qismida “Chalet touristinfo.Uz” deb nomlangan sayyohlik axborot markazi va qahvaxona qad rostladi.

— Shahar mehmonlarining zarur axborotga ega boʻlishlari uchun bunday markaz juda kerak, deb hisoblaymiz, — deydi S. Maqsudov. — Chunki har qanday turist oʻzi tashrif buyurgan maskan haqida koʻproq maʼlumotga ega boʻlishni istaydi. Markazimiz xuddi shu vazifani oʻtaydi. Oʻzimning Fransiyadagi faoliyatimga kelsak, Parijda tahsil olgach, otamning qoʻllab – quvvatlashlari, duolari bilan shu shaharning uchta kvartalida milliy taomlar restoranlarini ochishga muvaffaq boʻldim. Mamlakatimiz Prezidentining “Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosatini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori yaxshi bir niyatimni roʻyobga chiqarish sari yoʻl ochdi. Mamlakatimizning Fransiyadagi elchixonasi bilan bogʻlanib, Buxoroda shunday markaz ochish maqsadimni bayon etdim. Pirovardida Yevropada ishlab orttirgan oilaviy daromadimizdan 200 ming AQSH dollarini ushbu loyiha roʻyobi uchun sarfladik. Kelgusida ona-shahrimda “Mehmon uylari” qurish niyatidaman.

Aytish joizki, turistik axborot markazi va qahvaxona qurilishi sharofati bilan 20 taga yaqin yangi ish oʻrni ham yaratildi. Markazning tantanali ochilish marosimida viloyat va shahar mutasaddilari qatnashib, tadbirkorning faoliyatiga omad tiladilar.

Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?