Parij bitimi mamlakatimizga nima beradi?

16:45 28 Sentyabr 2018 Siyosat
653 0

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining joriy yil 25 sentyabrda oʻtkazilgan navbatdagi majlisida qator muhim qonun hujjatlari koʻrib chiqildi. Ulardan biri — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida parlament quyi palatasiga kiritilgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisidagi doiraviy konvensiyasi “Parij bitimini (Parij, 2015 yil 12 dekabr) ratifikatsiya qilish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasidir.

Majlisda qayd etilganidek, bugun jahon hamjamiyati iqlim oʻzgarishini insoniyat oldida turgan eng jiddiy muammolardan biri, deb tan olmoqda. Darhaqiqat, XX asrga kelib, dunyo mamlakatlarining keskin industrial rivojlanishi, tabiat qonuniyatlariga boʻysunmasdan, uning resurslaridan oqilona foydalanmaslik natijasida atmosferaga behisob miqdorda issiqxona gazlari chiqarilishi iqlim oʻzgarishiga olib keldi. Bu esa, oʻz navbatida, jahonning turli nuqtalarida yilning toʻrt faslida ham haroratning keskin oʻzgarishiga, baʼzi yerlarda halokatli yogʻingarchiliklar, toshqin, boʻronu toʻfon kabi ofatlarga, aksincha boshqa joylarda qurgʻoqchilik, choʻllanish, yer degradatsiyasi, oʻrmon yongʻinlari va boshqa ekologik muammolarga sabab boʻlmoqda.

Butunjahon meteorologiya tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, hozirgi kungacha global yillik oʻrtacha havo harorati 1880 yildagi darajadan 1°Cga ortgan. Oʻzbekistonda xuddi shu davr uchun oʻrtacha yillik havo harorati 1,6°Skoʻtarilgan. Yaʼni isish jadalligi global miqyosda kuzatilayotgan oʻrtacha surʼatdan yuqori. SababiOʻzbekiston iqlim oʻzgarishi taʼsiriga koʻproq moyil boʻlgan mamlakatlar qatoriga kiradi.

Ekspertlarning xulosasiga qaraganda, iqlim oʻzgarishi ekotizimlar holatiga salbiy taʼsir koʻrsatishi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Surxondaryo, Buxoro va Xorazm viloyatlari kabi hududlarda ekologik vaziyatning keskinlashuviga, yil mobaynida jazirama davr davomiyligining ortishi va kuchayishi natijasida aholi oʻrtasida kasalliklarning koʻpayishiga, shuningdek, boshqa tabiat hodisalari — sellar, toshqinlarning tez-tez takrorlanishiga olib kelishi mumkin.

Iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq ortib borayotgan global tahdidlarning oldini olish maqsadida 2015 yil 12 dekabrda Parijda Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning iqlim oʻzgarishlari boʻyicha doiraviy konvensiyasi (IOʻDK)ga bagʻishlangan konferensiyaning 21-sessiyasida Parij bitimi qabul qilindi va 2016 yil 4 noyabrda kuchga kirdi.

Hozirgi vaqtda Parij bitimini imzolagan 195 mamlakatning 180 tasi mazkur hujjat ishtirokchisi hisoblanadi. Bitimni ratifikatsiya qilmagan mamlakatlar kuzatuvchi maqomiga ega boʻlib, ular uchun xalqaro tashkilotlar tomonidan iqlimga doir dastur va loyihalarni moliyalashtirishda cheklovlar qoʻllaniladi.

Ushbu bitimning maqsadi sayyoramizda global isishni industrial rivojlanish davridagi oʻrtacha haroratga nisbatan Selsiy shkalasi boʻyicha 2°Sga saqlab turish hamda haroratning 1,5°Sgacha oʻsishini cheklashga erishishdan iborat. 2050 yilga borib issiqxona gazlarining global ajratmalarini 40 — 70 foiz kamaytirish, 2100 yilgacha esa 0 yoki manfiy koʻrsatkichga yetkazish talab etiladi. Mamlakat 2030 yilga borib erishishi lozim boʻlgan issiqxona gazlari ajratmalaridagi milliy miqyosda belgilanadigan hissasini kamaytirish toʻgʻrisida IOʻDK kotibiyatiga maʼlumot tayyorlashi Parij bitimini imzolashning majburiy sharti hisoblanadi.

Bitimda rivojlangan mamlakatlarning taraqqiy etayotgan davlatlarga iqlim oʻzgarishining oldini olish va unga moslashish borasidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlash majburiyati yuklatilgan. 2020 yilda rivojlanayotgan mamlakatlarning ehtiyojlari hamda ustuvorliklarini eʼtiborga olib, moliyaviy koʻmakni 100 milliard AQSH dollariga yetkazishga qaror qilingan.

Hozirgi vaqtda maxsus jamgʻarma umumiy qiymati 1,5 milliard AQSH dollarilik 35 ta loyihani moliyalashtirmoqda. Ular orasida Oʻzbekiston hamda Tojikiston uchun Jahon banki bilan hamkorlikdagi “Orol dengizi havzasida iqlim oʻzgarishiga moslashish va uning oldini olish dasturi” loyihasini moliyalashtirish masalasi ham koʻrib chiqilmoqda (20 million AQSH dollariga teng grant).

Maʼlumki, Oʻzbekiston 2017 yil 19 aprelda BMTning Nyu-Yorkdagi Bosh qarorgohida Parij bitimini imzolagan, biroq hozirgi vaqtga qadar ushbu bitimni ratifikatsiya qilmagan edi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan BMTning Iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisidagi doiraviy konvensiyasi “Parij bitimini (Parij, 2015 yil 12 dekabr) ratifikatsiya qilish toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilinishi Oʻzbekiston uchun qator imkoniyatlarni taqdim etadi. Xususan, energiya samaradorligi va energiya tejash boʻyicha davlat dasturlarini amalga oshirishda iqlimiy moliyalashtirish resurslari (asosan, grantlar)ni jalb qilish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish, yer-suv resurslarini boshqarishni yaxshilash, salbiy ekologik oqibatlar (Orol fojiasi, choʻllanish, qurgʻoqchilik)ga qarshi kurashish kabilar shular jumlasidandir. Qayd etish joiz, mazkur hujjat kecha Senatning oʻn oltinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Parij bitimida qatnashish investitsiya resurslarini jalb qilish hamda xalqaro moliyaviy institutlar va donor mamlakatlarning kreditlarini olish uchun indikator sanaladi. Mazkur bitimga muvofiq, iqlim sohasidagi harakatlar kelajakdagi savdo kelishuvlari uchun shart boʻlishi mumkin. Fransiya hukumati Parij bitimiga aʼzolikni Yevropa ittifoqi savdo kelishuvlaridagi muhim element sifatida qabul qilish taklifini bildirdi. Bu Yevropa ittifoqi Parij bitimini ratifikatsiya qilmagan yoki uni amalga oshirmayotgan mamlakatlar bilan boshqa savdo-sotiq qilinmasligini anglatadi.

Shu jihatlarni, eng muhimi, xalqimiz manfaatlarini, ekologik xavfsizlikni taʼminlash maqsadi ustuvor ekanini inobatga olgan holda, Parij bitimini ratifikatsiya qilish Oʻzbekiston Respublikasining umuminsoniy qadriyatlar, hujjatda aks ettirilgan atrof-muhitni muhofaza qilish gʻoyalariga sodiqligini koʻrsatadi. Ayni paytda bu Iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisidagi doiraviy konvensiyaga aʼzo davlatlar bilan xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirishga xizmat qiladi.
Qobil NOSIROV,
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?