Pandemiyadan keyingi hayot: Kelgusida nimalarga alohida eʼtibor qaratishimiz kerak?

15:14 20 May 2020 Jamiyat
748 0

Virus insoniyatni sergak torttirdi

Oʻtgan yilning oxirida XXRning Uxan shahridan tarqalgan koronavirus (COVID-19) qisqa muddatda butun sayoramiz boʻylab yoyildi. Fevral oyi boshida Jahon Sogʻliqni saqlash tashkiloti uning pandemiyaga aylanganini eʼlon qildi. Oʻzining yuqumliligi va tarqalish surʼati bilan bundan yuz yil oldin turli qitʼalardagi millionlab kishilarning hayotiga zomin boʻlgan “ispan gripi”ga oʻxshab ketadigan bu pandemial xastalikni virus tarqalish zanjirini uzish (karantin) bilangina nazorat ostiga olish mumkinligi boshidan maʼlum edi.

Dunyodagi davlatlar koronavirusga qarshi kurashar ekan, bu jarayonda odamlar salomatligini asrash, hayot maromini iloji boricha moʻtadil saqlashni ham uddalashi lozim edi.

Pandemiya butun dunyoda siyosat, iqtisod, ijtimoiy munosabatlarga boʻlgan qarashlarni, globallashuv, dunyo mamlakatlari haqidagi tasavvurlarni ham tubdan oʻzgartirdi, koronavirus insoniyatni sergak torttirdi. Qayd etish lozimki, baʼzi taraqqiy etgan davlatlarda ijtimoiy hamjihatlik taʼminlana olinmagani COVID-19 ni jilovlashdagi muvaffaqiyatsiz harakatlar hamda sarosima va tushkunlikka tushib qolishlariga olib keldi. XXR, Italiya, Ispaniya, Amerika, Rossiya kabi dunyoning yetakchi oʻlkalaridagi noxush vaziyat butun insoniyatni iztirobga soldi.

Koronavirus vahimasi boshlanganda Oʻzbekiston bu balo bilan kurasha olmaydi, degan fikrlar ham bayon qilingan edi, bilʼaks bu taxmin tasdiqlanmadi va Prezidentimiz, hukumat, shifokorlar va xalqning birgalikda harakati natijasida bir yarim oy ichida mamlakatimizda pandemiya nazorat ostiga olindi.

Xalqimiz oʻz tarixida bir necha bor namoyon qilganidek, davlat va jamiyat bir tan bir jon boʻlib harakat qilsa, har qanday ogʻir vazifani uddalashi va eng noqulay sharoitlardan ham chiqib keta olishini yana bir bor isbotladi. Xalqimizning davlatimiz rahbari chaqirigʻiga labbay deb javob bergani hamda COVID-19virusining yoyilishiga qarshi mutaxassislarning tavsiyalariga yoppasiga amal qilgani uning mentalitetidagi azaliy uyushqoqlik va intizomlilik xususiyatlarini namoyon etdi.

Hozirgi sharoitda odamlar xavfsizligi va salomatligidan qimmatroq narsa yoʻqligini hayotning oʻzi koʻrsatmoqda. Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Qirgʻiziston kabi Markaziy Osiyo davlatlari koronavirusga qarshi kurashning qattiqqoʻl yoʻlini tanlagani, eng avvalo odamlarning sogʻligi va hayotini saqlab qolishga qaratilgani maʼlum. Chunki eng oddiy mantiqqa koʻra, davlat eng avvalo iqtisodni emas, bugungi postindustrial jamiyatda eng bebaho boylik boʻlgan fuqarolar va inson kapitalini asrashni oʻylashi lozim. Bundan 100-yil oldingi “ispan gripi”da ham odamlarni, ishlab chiqarish kuchlarini asrab qolgan davlatlar postpandemial ogʻir sharoitdan boshqalarga koʻra ertaroq chiqib ketishgan edi.

Pandemiyadan keyingi hayot: oʻzgarishlar paradigmasi

COVID-19 ning insoniyat hamda xalqlarga keyingi oʻn yilliklarda bashar ahlining yagona kelajagi va qismati kabi koʻringan globallashish jarayonlariga boshqacha nuqtayi nazardan qarash sabogʻini berdi. Qisqa muddatda eng kichik oʻlkalardan tortib eng qudratli davlatlargacha tahdid solgan bu virus dunyo taraqqiyotining yagona shakli boʻlgan globallashuvning barqaror va oʻzgarmasligi xususidagi illyuziyalarga barham berdi. Sanoqli kunlarda kishilar, tovar va kapitalning erkin koʻchishi toʻxtashi, har bir davlat oʻz chegaralarini yopib, oʻz vatandoshlarini himoya ostiga olishi, odamlarning oylarga yetadigan oziq-ovqat va dori-darmonni xarid qilib, uylariga qamalib olishi globalizatsiya jarayonlarining insoniyatga xavf soluvchi tahdidlar qarshisida ojiz ekanligini koʻrsatdi.

COVID-19 pandemiyasi shaxsiy va milliy xavfsizlik, jismoniy va ijtimoiy sogʻlomlik 21- asrda ham asosiy qadriyat ekanligi hamda bu qadriyat uchun shaxslar, jamiyatlar va davlatlar har qanday qadamlarni qoʻyishga tayyor ekanligini tasdiqladi.

Bir zamonlar buyuk hadischi bobolarimiz minglab diniy mankiba, hikoya va rivoyatlar ichida haqiqiy, sahih hadislarni ajratib olib, butun insoniyatning maʼnaviyatini boyitgani kabi, Oʻzbekistonda demokratik va liberal islohotlarning boshlangʻich davrida davlatimiz rahbari mamlakatning mavjud iqtisodiy-ijtimoiy ahvolidan va milliy mentalitetimizning oʻziga xos taraflaridan kelib chiqqan holda haqiqiy insonparvarona qadriyatlarni toʻrt yil burun saralab, ularning har birini oʻz tokchasiga qoʻyib bera boshladi.

Jumladan, sogʻliqni saqlash tizimini takomillashtirish, zamonaviy taʼlim olgan yetuk va tarbiyali avlodni tayyorlash, dehqonni kambagʻallashtirib qoʻygan samarasiz tizimdan xalqning toʻlaqonli iqtisodiy mustaqilligini taʼminlashga olib keladigan va mamlakat sanoatini xomashyo vaoziq-ovqat xavfsizligini taʼminlaydigan agrar sohani vujudga keltirish, qoʻshimcha qiymati yuqori boʻlgan mollar ishlab chiqaradigan innovatsion sanoatni barpo etish, pirovard natijada xalqimizning toʻlaqonli roʻshnoligini taʼminlaydigan tizimni yaratish kabi parametrlarda Prezidentimiz tashabbusi bilan oʻtkazilayotgan siyosatning naqadar dolzarb va hayotbaxsh ekanligini namoyon qildi.

Shu bilan birga globallashish tashabbuskorlari tomonidan insonlarning “shaxsiy konstitutsiyalari” boʻlmish milliy qadriyatlar yoniga turlicha chiroyli mafkuraviy niqoblar bilan tiqishtirilgan soxta qadriyatlarning oʻtkinchi ekanligi ham koʻzga tashlanib qoldi. Jumladan, global kapitalizm yoki iqtisodiy imperializmning gʻayratlari bilan har oʻtgan kun xalqlarning turmush tarzidan oʻrin olayotgan meʼyorsiz isteʼmolchilik “madaniyati”, “chiroyli yashash” xumorini qondirish uchun millionlab kishilarning azaliy qadriyatlarini hamda oʻz oilasini va yaqinlarini tark etib, uzoq ellarga ketishi, buning natijasida anʼanaviy oila munosabatlarining qadrsizlanishi, Vatan, yurt, millat tuygʻulari oʻrniga dunyoning moddiy lazzatlariga uchish hissining ustuvor kelishini koʻrdik. Pandemiya esa oʻz yurtida, oilasi bagʻrida boʻlish, farzandlar tarbiyasi va taʼlimiga eʼtiborning havoyi orzu umidlardan ustun turishini koʻrsatdi, yuz minglab kishilar buni oʻz hayotiy amaliyotida sinab koʻrdi.

Kishilik jamiyatida, kurramizda pandemiya sharoitida vujudga kelgan ana shu prinsipial oʻzgarishlarni hisobga olib, pandemiyadan keyingi ijtimoiy hayot va taraqqiyotning baʼzi parametrlarini belgilab olish kerak boʻladi. Chunki COVID-2019 birinchi va oxirgi pandemiya emas. Ilgarida dunyo hamjamiyati kabi mamlakatimiz va xalqimizni ana shunday global tahdidlar kutib turgan boʻlishi mumkin.

Biz bu oʻrinda ijtimoiy sohaning ikki muhim yoʻnalishi – sogʻliqni saqlash va taʼlim sohasida COVID-2019 krizisidan keyingi bosqichda yechimini kutib turgan hollar haqida toʻxtalamiz.

Sogʻliqni saqlash tizmi

Shuni chuqur qoniqish bilan qayd etish kerakki, Prezidentimizning 2018-yil 7-dekabrda qabul qilgan “Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida“gi farmonini amalga oshira borib, tizimda jiddiy ijobiy siljishlar taʼminlangani, sogʻliqni saqlashni moliyalash tubdan yaxshilangani COVID-2019krizisida mamlakatimiz dunyodagi eng yaxshi koʻrsatkichlardan biriga erishishini taʼminladi.

Keyingi 2 oy ichida mamlakatimizda kelgusida yuqumli va parazitar kasalliklar paydo boʻlishi hamda tarqalishi bilan bogʻliq epidemiologik va pandemik vaziyatlarning oldini olishga va bartaraf etishga qaratilgan tashkiliy, maʼmuriy, muhandislik-texnik, tibbiy-sanitariya infrastrukturasi qisqa muddatda yaratildi hamda takomillashtirilmoqda.

Kelgusida esa birinchi navbatda epidemiologik va pandemiologik taʼlimni kuchaytirish, tibbiyot OTMlarida xuddi chet ellardagidek, maxsus “Xalq sogʻligi” (Public Health) fakultetlari ochish va bunda chet el tajribasidan keng foydalanish lozim boʻladi. Virusolog, epidemiolog, parazitolog, aholini turli epidemiologik kasalliklarga qarshi emlash xizmatlari xodimlarini maxsus tayyorlaydiganbunday fakultetlarni, kuchli fundamental fanlar negiziga ega boʻlgan universitetlar qoshida ochsa ham boʻladi. Bu fakultetlarning bitiruvchilari ham yuqumli kasalliklar shifoxonasida, ham maxsus pandemial kasalxonalarda, ham karantin zonalarida birday faoliyat olib boradigan tartibda tayyorlanishi va ular davlat granti asosida oʻqib, kelgusida pandemik krizis vaqtlarida oʻzlariningdavlat va jamiyat oldidagi vazifalarini ogʻishmay bajarishlari lozim. Ayni shu fakultetlarda shaxsiy va ijtimoiy gigiyena, jismoniy va ijtimoiy sogʻliq boʻyicha aholiga maktab, litsey va OTMlar orqali maxsus bilimlar va koʻnikmalar beradigan mutaxassislar ham tayyorlanishi kerak.

Yaqinda Prezidentimizning qarori bilan tibbiyot xodimlarini, ayniqsa pandemik krizisda fidoyilik koʻrsatgan doktorlar, hamshiralar va boshqa xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish yoʻlga qoʻyildi va bu butun jamiyatimizda qoniqish va minnatdorlik tuygʻusi bilan kutib olindi. Pandemial karantin davrida shifokorlarimizning koʻrsatgan fidoyiligi va qahramonligi ularning jamiyatdagi, har bir vatandoshning hayotidagi roli yuksak ekanligini yana bir bor koʻrsatdi. Jamiyat oʻz fidokorlariga munosib javob qaytarishi lozim.

Jahon Pandemiyasining xulosalaridan yana biri shuki, har qanday mamlakat tibbiy tizimida davlat oʻzining ijtimoiy ulushini uning epidemiologik va pandemik xavfsizligini taʼminlaydigan darajada saqlab qolishi kerak. Bugun Oʻzbekiston bunga misol boʻla oladiki, mamlakat rahbariyati siyosatining bashoratli yoʻnalishlaridan biri boʻlib COVID-2019 krizisida qoʻl keldi.

Shu bilan birga, Jahonning pandemial tajribasi shuni koʻrsatyapdiki, tibbiyotda muammolarni yechishning oddiy innovatsion davri oʻtib boryapdiki, bu yangilanishlarni toʻlaqonli oʻzlashtirishga ulgurmay, mutlaqo yangi, raqamli tibbiyot bosqichiga oʻtishni taqozo qiladi. “Raqamli” tushuncha, tibbiyotda uning odatdagi qoʻllanishidan biroz farq qilib, bu falsafani toʻlaqonli qabul qilish, vrachlarning yetishmasligi, kasallik va bemorlarning oʻsishi va shularga oʻxshash davr tendensiyalaridan kelib chiqadigan boshqa muammolar faqatgina tashxis uskunalar sonini koʻpaytirish va dorilar yordamidagina emas, avtomatlashtirish va sunʼiy intellektni joriy qilish asosida yechiladi (Qiyoslang: Gʻarb mamlakatlari virus yuqtirgan odamlarning taxminan 35 foizini statsionar davolanishga jalb qila oldilar, xolos). Bunday tibbiy xizmatni taʼminlay oladigan mutaxassislar hozirgisiga nisbatan yangicha tabaqalashtirib tayyorlaydigan, fundamental fanlar negizi kuchli rivojlangan koʻp funksiyali universitetlar tarkibidagina boʻlishi mumkin. Demak tibbiy taʼlim va nafaqat tibbiy, agrar, ayrim texnologik yoʻnalishlar ham jiddiy mikro va makro tuzilmaviy islohotlarga muhtoj.

Taʼlim haqida

Karantin davrida bolalarimizning bilimsiz qolib ketmasligi, taʼlim dargohlaridan, darsdan, kitobdan uzoqlashib ketmaslik choralari koʻrildi. Mamlakatimiz telekanallari orqali farzandlarimizga masofaviy taʼlim berilmoqda. BMTning ixtisoslashgan fan, taʼlim, madaniyat muassasasi – YUNESKO Oʻzbekistonning bu boradagi qadamini olqishladi va boshqa mamlakatlarni oʻrnak olishga chaqirdi. Bu quvonarli hol, albatta.

Ammo, keyingi ikki oy ichida oʻquvchilar va talabalarni masofali taʼlim usuli bilan oʻqitish tajribasi hali bu borada oldimizda katta vazifalar turganini xam koʻrsatdi.

Masofali taʼlim samaradorligi birinchi navbatda talabada mustaqil bilim olish koʻnikmasining shakllanganlik darajasiga bogʻliqdir. Bu koʻnikmani bogʻcha va maktabdan boshlab shakllantirib borish kerak. Afsuski talabalarimizda bu oʻquv hozirda ancha sayoz. Bu yerda alohida qayd etish kerakki, mustaqil bilim olish koʻnikmasini shakllantirish nafaqat masofaviy taʼlimning, balki anʼanaviy taʼlimning xam asosiy muammolaridan biridir. Negaki, mustaqil oʻqib-oʻzlashtirishga oʻrganmagan talabada ijodiy va kreativ (yaratuvchi) tafakkur shakllanmay qolaveradi. Buning uchun birinchi navbatda oilada va jamiyatda oʻqishdan maqsad, diplom olish emas, balki shaxsning jamiyatdagi oʻrni va istiqbolini belgilaydigan bilim va koʻnikmalarni egallash, degan tushuncha hukmron boʻlishi kerak. Uzoqdan taʼlim berish, darslarni tashkil etish, fan dasturlari, “uy vazifalari” majmuasi tarkibi talabaning mustaqil bilim olishga undaydigan shaklda shakllantirilishi kerak. Bu esa oʻqituvchidan katta kasbiy-uslubiy mahorat va motivatsiyani talab qiladi.

Keyingi muhim masala anʼanaviy taʼlimda ham, masofaviy taʼlimda ham talaba bilimini baholashning haqqoniyligini taʼminlashdir. Hozirgacha bizda masofaviy taʼlimda talaba bilimini baholash tizimi mutlaqo ishlanmagan, anʼanaviy taʼlimdagi tizim esa eskirgan shablonga aylangan. Pandemial sharoitlarda esa ularning shakllanmaganligi taʼlim jarayoni samarasini keskin tushiradi. Umuman, mamlakatda kechayotgan islohotlarning tarkibiy qismi boʻlmish oliy taʼlimdagi bunday jarayonlar chuqur ilmiy-uslubiy izlanishlar xulosasi va tavsiyasiga tayanishi samaraliroqdir. Oliy taʼlim vazirligi qoshidagi “Muammollar instituti” (eskicha qisqa nomi) chinakamiga shu sohaga oid ilmiy izlanishlar va uslubiyat markaziga aylanishi kerak.

Shu bilan birga, universitetlar shtatlar roʻyxatidagi “uslubchi” lavozimining maqomi va maoshining oʻzi, OTM uchun oʻta zarur boʻlgan bu toifadagi xodimga munosabatni bildiradi. Aslini olganda oʻquv yoki boshqa boʻlim uslubchisi koʻp yillik dotsent yoki professorlik darajasida ilmiy-pedagogik tajribaga ega mutaxassis boʻlgandagina ilmiy-oʻquv sohalarning haqiqiy menedjeriga aylanadi va oʻquv jarayoni undan amaliy yordam kutsa boʻladi.

Koronavirus pandemiyasi uzoq davom etsa, iqtisodiy, taʼlimiy, xizmat koʻrsatish, savdo, bank faoliyatlarining onlaynlashuvi natijasida onlayn faoliyatlarning xavfsizligini taʼminlash davlatning asosiy vazifalaridan biriga aylanadi.

Buning uchun barcha taʼlim dargohlarini tezkor Internet tizimi bilan taʼminlash muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, butun oʻquv jarayonini fors-major tizimiga oʻtkazish oʻzining murakkabligiga ega. Jumladan, ekran qarshisida dars tushuntiradigan oʻqituvchi va bu bilimlarni masofadan turib qabul qiladigan oʻquvchi va talaba uchun maxsus malaka va koʻnikma shakllantirilishi zarur. SamDUdamodul tizimi, vebinar va Zoom tizimlari, har bir akademik guruhlar uchun yaratilgan telegram kanallari orqali 2019-2020-oʻquv yilining asosiy darslari talabalarga yetkazildi. Ammo bir tarafdan, qishloq tumanlarida mobil internetning juda zaifligi, ikkinchi tarafdan onlayn darslarni beradigan va tinglaydigan kontingentning zamonaviy raqamli texnologiyalarni qoʻllashdagi zaifligi ham kuzatilmoqda.

25-30 daqiqali onlayn darsni professional operator darajasida yozish, tayyorlash, bu vaqt ichiga matn, ovoz, diagramma hamda testlarni sigʻdira bilish mahorati ham shakllantirilishi zarur. Buning uchun esa oʻqituvchiga kamida 2 soat dars materiallarini tayyorlashi lozim boʻladi. Uyda izolyatsiya sharoitida bularni hammasiga ulgurish qiyin, albatta. Shu sababli, keyingi oʻquv yillaridan eʼtiboran, bu yoʻnalishda yil boshidan puxta tayyorlanib, materiallarning barchasi modul tizimiga toʻliq joylashtirilishiga erishish lozim boʻladi. Bundan tashqari, yuqorida ham qayd etilgandek, onlayn rejimda talabaning sinov va imtihon javoblarini olish (elektron pochta orqali), ularni yozdirish va baholash muammosi ham bor.

Shu sababli, ham talabada, ham oʻqituvchida onlayn rejimda koʻnikmasini shakllantirish va saqlab turish uchun anʼanaviy (offlayn) rejimda darslar qatori ikkinchi yoki uchinchi blokdagi bir qancha darslarni onlayn oʻqitish va qabul qilish tajribasini ham qoʻllash kerak. Bir qancha ilgʻor chet el universitetlarida bu tajriba 2000-yillardan buyon qoʻllanib kelinmoqda.

Koʻrinadiki, pandemial karantin jamiyat va birinchi navbatda, sogʻliqni saqlash, taʼlim tizimlari oldiga oʻz ishini qayta qurishvazifasini qoʻymoqda. Endieskicha ishlab va yashab boʻlmaydi. Jamiyatning qon tomirlari boʻlgan sogʻliqni saqlash va taʼlim har qanday holda ham oʻzining ijtimoiy funksiyasini toʻla va kamchiliksiz bajarishi kerak. Rivojlangan jamiyatlarning eng noyob boyligi – inson kapitalini yaratish hamda uning bilim va koʻnikmalaridan unumli foydalanish ushbu ikki tizimning qay darajada muvaffaqiyatli ishlashi bilan bogʻliqdir.

Umuman, pandemiyadan keyingi hayot tarzimiz, shu kunlarda “Xalq soʻzi” gazetasidagi maqolalardan biriga qoʻyilgan sarlavhada aytilgandek “Oʻzbekistonda yashash brendga, biznes yuritish trendga aylanadi”,mamlakatimizni yana-da kuchli va rivojlangan davlatga aylantirishiga ishonchimiz komil.

R. XOLMURODOV,
Samarqand davlat universiteti rektori,
Oliy Majlis Senati aʼzosi
J. ELTAZAROV,
filologiya fakulteti dekani, professor

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?