Pandemiya tufayli qoʻmita rejasiga oʻzgartirishlar kiritildi

11:25 30 Iyul 2020 Siyosat
451 0

Xalqaro aloqalar va parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash hozirgi vaqtda Qonunchilik palatasi faoliyatining muhim yoʻnalishlaridan biri boʻlib kelmoqda. Zero, aynan xalqaro hamkorlikni kengaytirish va faol tashqi siyosat yuritish orqali mamlakatimiz iqtisodiyotining barqaror rivojlanishiga, uning xalqaro maydondagi nufuzini yana-da yuksaltirishga erishish mumkin.

2017 — 2021-yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan ustuvor vazifalardan kelib chiqqan holda, qoʻmitamiz oʻz faoliyatini bir necha yoʻnalishlarda olib bordi. Jumladan, qonun ijodkorligi faoliyatini olib qaraydigan boʻlsak, qoʻmita quyi palata tomonidan koʻrib chiqilgan va qabul qilingan bir qator qonun loyihalarini maromiga yetkazishda faol ishladi. «Xalqaro xususiy huquq boʻyicha (Gaaga, 1951-yil 31-oktyabr) Gaaga konferensiyasi Ustavini ratifikatsiya qilish toʻgʻrisida»gi, “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihalari shular jumlasidandir.

Shuningdek, qoʻmita bir qator normativ hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va ularga takliflar tayyorlashda ham ishtirok etdi. Jumladan, ilk marta qoʻmita tomonidan Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi va Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti bilan birgalikda “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi qonuni loyihasining BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2006-yil 13-dekabrda qabul qilingan Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya normalariga mosligi oʻrganib chiqildi va shu asosda qonun loyihasiga kiritish uchun amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi. Bundan tashqari, “Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlararo doʻstlik guruhining konsepsiyasi” loyihasi ishlab chiqilib, hozirda kelishish uchun Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlariga yuborildi.

Shuningdek, qoʻmita “Parlament diplomatiyasi konsepsiyasi” loyihasini ishlab chiqishda ham faol ishtirok etmoqda. Hozirda ushbu muhim hujjat loyihasi ishlab chiqilgan boʻlib, kelishish uchun Oʻzbekiston Respublikasining tegishli vazirlik va idoralariga yuborilgan.

Qoʻmita xalqaro munosabatlar va tashqi siyosat bilan bogʻliq qonunlarning ijrosini nazorat-tahlil qilishda ham bir qator tadbirlarni oʻtkazib kelmoqda. Masalan, respublikamiz xalqaro hamkorligining huquqiy poydevorlaridan biri — “Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilinganligining bir yilligi munosabati bilan uning amaldagi ijrosi nazorat-tahliliga bagʻishlab tashkil qilingan tadbirda qonun normalarning amalda bajarilishining hozirgi holati chuqur tahlil qilindi, huquqni qoʻllash amaliyotidagi dolzarb masalalar boʻyicha fikr almashildi va umuman, shu yoʻnalishda amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi.

Afsuski, mart oyi oʻrtalarida respublikamizga koronavirus pandemiyasining kirib kelishi va u bilan bogʻliq qatʼiy karantin choralarining joriy etilishi qoʻmita rejalariga ham biroz oʻzgartishlar kiritishni taqozo etdi. Qoʻmita aʼzolari Prezidentimizning koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishga oid qabul qilingan Farmon, qarorlari ijrosiga ham yetarli eʼtibor qaratmoqda. Jumladan, ushbu hujjatlar bajarilishi holati yuzasidan Jizzax viloyatida oʻrganishlar oʻtkazildi. Yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar yuzasidan mutasaddi tashkilotlar rahbarlariga bir qator taklif va tavsiyalar taqdim etildi.

Maʼlumki, parlamentlararo hamkorlik guruhlari xorijiy davlatlar qonun chiqaruvchi organlari bilan aloqalarni rivojlantirish uchun doimiy maydon vazifasini oʻtamoqda va oʻz navbatida, chet ellik hamkorlar bilan ochiq, konstruktiv va jonli muloqot olib borishning qulay mexanizmi hisoblanadi. Qayd etish kerak, 2020-yilda ularning soni 43 taga yetdi, shu jumladan, 42 davlat va 1 ta Yevropa Ittifoqi parlamenti bilan hamkorlik guruhlari tashkil qilindi.

Shu nuqtayi nazardan, qoʻmita tomonidan Oliy Majlisning xorijiy mamlakatlar parlamentlari bilan hamkorlik boʻyicha guruhlari ishini faollashtirish va amaliy hamkorlikni kengaytirish boʻyicha dastur loyihasi ishlab chiqilgan. Ushbu dastur maqsadi parlamentlararo muloqotni chuqurlashtirish, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashishni uyushtirish, mamlakatimizda olib borilayotgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi keng koʻlamli islohotlarning mazmun-mohiyatini jahon hamjamiyatiga yetkazishga qaratilgani bilan ahamiyatli.

Toʻgʻrisi, pandemiya sababli xalqaro delegatsiyalar va davlat tashriflari bir oz sekinlashib qoldi. Biroq xalqaro aloqalarni olib borish, parlamentlararo hamkorlikni kuchaytirish hamda rivojlantirish maqsadida parlamentlararo doʻstlik va hamkorlik guruhlari oʻrtasida qator onlayn uchrashuvlar va konferensiyalar tashkil etilmoqda.

Jumladan, 3-iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Oʻzbekiston — Fransiya” parlamentlararo hamkorlik guruhi aʼzolarining Fransiya Milliy Assambleyadagi “Fransiya — Markaziy Osiyo” doʻstlik guruhi aʼzolari bilan videokonferensiya shaklidagi onlayn muloqoti tashkil qilindi. Shu kabi videokonferensiya formatidagi qoʻshma yigʻilish va forumlar AQSH Kongressi, Malayziya Parlamenti Vakillar palatasi, Chexiya Respublikasi Deputatlar palatasi hamda Kanada parlamenti bilan tashkil qilindi.

Qoʻmitada jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashga ham alohida eʼtibor berilmoqda. Xalq bilan ochiq va samarali muloqot olib borish, joylarda aholini qiynayotgan muammolarni hal qilish qoʻmita aʼzolari faoliyatining asosiy mezoniga aylangan.

Qoʻmitaga 2020-yilning birinchi yarim yilligida jismoniy va yuridik shaxslardan jami 296 ta murojaat kelib tushdi.

Alohida qayd etish joizki, quyi palataga kelgan murojaatlarda qonun hujjatlarini takomillashtirishga qaratilgan takliflar soni birmuncha koʻpaygan. Misol uchun, qoʻmitaga kelib tushgan takliflardan 9 tasi qonunlar, normativ-huquqiy hujjatlar, xususan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks, “Taʼlim toʻgʻrisida”gi, “Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida”gi qonunlar hamda “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi qonun loyihasiga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan bildirilgan taklif va fikr-mulohazalardir.

Ayni paytda qoʻmitamiz oʻtgan olti oydagi faoliyatini sarhisob qilgan holda, galdagi vazifalarni bajarishga kirishgan. Albatta, saʼy-harakatlarimiz, eng avvalo, inson, uning manfaatlarini muhofaza qilish, bu boradagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan boʻlib, ushbu jarayonda imkoniyatlarimizni ishga solamiz.

Dilorom FAYZIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar

qoʻmitasi raisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?