Pandemiya sharoitiga moslashtirilgan namunaviy dars jadvali ishlab chiqildi

14:36 04 Sentyabr 2020 Jamiyat
629 0

Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan 2020-2021 oʻquv yilining 1-choragi uchun umumtaʼlim maktablarining pandemiya sharoitlariga moslashtirilgan namunaviy dars jadvali ishlab chiqildi. Bu haqda vazirlik Matbuot xizmati xabar berdi.

"Mazkur dars jadvali asosida umumtaʼlim maktablarining navbatliligi (smenasi), oʻquvchi oʻrni, sinflar va oʻqituvchilar sonidan kelib chiqib, ushbu namunaviy jadvalga moslashtirilgan holda dars jadvalini tuzish tavsiya etiladi.

Dars jadvalini tuzishda quyidagi talablarga eʼtibor qaratiladi. Jumladan, bir vaqtning oʻzida oʻquvchilar koʻp toʻplanmasligi va tirbandlikni oldini olish uchun dars mashgʻulotlarining boshlanish vaqtlari belgilanadi (boshlangʻich sinflar uchun 8-00 da, 5-8 sinflar uchun 8-30 da, 9-11 sinflar uchun 9-00 da).

Oʻquvchilarning sogʻligini himoyalash, ijtimoiy masofani saqlagan holda ortiqcha muloqot qilishlarini oldini olish maqsadida, jismoniy tarbiya, chaqiriqqa qadar boshlangʻich harbiy tayyorgarlik, musiqa madaniyati, tasviriy sanʼat va chizmachilik, texnologiya hamda tarbiya fanlari oʻquv yili boshida vaqtinchalik oʻtilishi tavsiya etilmaydi, ushbu fanlar masofaviy taʼlim shaklidagi televizion darslar orqali oʻzlashtirib boriladi. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, mazkur fanlardan dars berayotgan oʻqituvchilarning oylik ish haqi toʻliq saqlab qolinadi va ular maktabdagi oʻquv-tarbiya jarayonini tashkil etish bilan bogʻliq tashkiliy masalalarga jalb etiladi.

Tanaffus vaqtlarida sanitar-gigiyenik talablarga rioya etish, ijtimoiy masofani saqlash va oʻquvchilarning oʻzaro muloqotini cheklash maqsadida darslar oraligʻida qoʻngʻiroqlar chalish tavsiya etilmaydi, tanaffus vaqtlarida bir vaqtda oʻquvchilar toʻplanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Darslar orasida 5 daqiqalik tanaffus beriladi, shuningdek, boshlangʻich sinfda 2-soat darsidan keyin, 5-11 sinflarda 3-soat darsidan keyin 10 daqiqalik katta tanaffus, smenalar oraligʻida esa 30 daqiqa tozalash uchun vaqt beriladi.

Masofaviy shaklda taʼlim olayotgan oʻquvchilar uchun televizion darslar jadvali joriy yilning 10-sentyabridan boshlab vazirlikning rasmiy sayti va ijtimoiy tarmoqdagi sahifalari orqali eʼlon qilib boriladi.

Eslatib oʻtamiz, 2020/2021 oʻquv yili rasman joriy yilning 14-sentyabr kunidan boshlanadi", deyiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?