Pandemiya sharoitida umumtaʼlim maktablaridagi darslar qanday tashkil etiladi?

15:38 05 Sentyabr 2020 Jamiyat
371 0

Joriy oʻquv yilida Toshkent viloyatining Nurafshon shahridagi mavjud 13 ta umumtaʼlim maktabida 8864 nafar oʻquvchilarning taʼlim olishi rejalashtirilgan. Shundan, 1-4 sinf oʻquvchilari 3619 nafarni, 5-11 sinf oʻquvchilari esa 5245 nafarni tashkil etadi. Xoʻsh bugungi pandemiya sharoitida bolalarning taʼlim olish jarayoni qanday kechadi? Nurafshon shahar Xalq taʼlimi boʻlimi tasarrufidagi 1-umumiy oʻrta taʼlim maktabida “Pandemiya sharoitida 2020-2021 oʻquv yilida anʼanaviy taʼlim jarayonlarini tashkil etish” boʻyicha oʻtkazilgan oʻquv-amaliy seminarida ana shu masalalar batafsil muhokama qilindi.

Unda, Toshkent viloyatining barcha tuman va shahar Xalq taʼlimi boʻlimi mudirlari, viloyat Sogʻliqni saqlash boshqarmasi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi hamda ichki ishlar idoralari masʼullari, OAV vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda “Xalq taʼlimi muassasalarini yangi 2020-2021 oʻquv yiliga tayyorlash boʻyicha Harakat dasturi” doirasidagi dolzarb vazifalarni bajarish jarayonlari atroflicha tahlil qilindi.

Oʻquv-amaliy seminar ishtirokchilar maktabda anʼanaviy oʻquv jarayonini tashkil etish uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdilar. Pandemiya sharoitida maktablarda dars mashgʻulotlarini ertalab soat 8:00 dan kech soat 17:30 gacha tashkil qilish borasidagi jarayonlar maktab oʻquvchilari va sinf rahbarlari ishtirokida koʻrgazmali chiqishlar orqali namoyish etildi.

Ushbu seminarda belgilab olinganidek, viloyatdagi barcha taʼlim muassasalaridagi darslar bolalarning bir vaqtda toʻplanib qolishini oldini olish maqsadida, tabaqalashtirilgan holda amalga oshiriladi. Unga koʻra, barcha oʻquvchi va oʻqituvchilar maktablarda ijtimoiy masofani saqlagan holda, maxsus yoʻlaklar orqali oʻtishlari lozim boʻladi.

Pandemiya vaqtida boshlangʻich sinf oʻquvchilari sinf rahbarlari tomonidan maktabning asosiy darvozasi yonida kutib olinishi hamda kuzatilishi, ota-onalarning esa maktabga kirishini taqiqlash boʻyicha tushuntirishlar berildi.

Endi maktablarda darslar oraligʻidagi tanaffus qoʻngʻiroqlari chalinmaydi. Sinfxonalar koʻchadagi havo haroratidan kelib chiqqan holda tez-tez shamollatib turiladi.

Seminarda viloyatdagi barcha umumtaʼlim muassasalarini yangi oʻquv yiliga oʻz vaqtida tayyorlash, tavsiya etiladigan oʻquv dasturlari hamda qayta va yangidan nashr etilgan darsliklarni oʻqitish yuzasidan metodik tavsiyalar berildi.

Shodiyor MUTAHAROV
(Xalq soʻzi).

Ravshan Mirzaqulov olgan suratlar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?