Pandemiya paytida Buxoroda Xalq qabulxonalari bir kun ham ish faoliyatini toʻxtatmadi

11:13 27 Avgust 2020 Jamiyat
331 0

Karantin davrida Buxoro viloyatidagi Xalq qabulxonalarida aholining uyda oʻtirgan holda telefon va internet orqali murojaat qilishi uchun barcha shart-sharoit yaratildi. Viloyat va tuman (shahar)lardagi Xalq qabulxonalari oʻrtasida murojaatlarni koʻrib chiqishni nazorat qilishda, mavjud muammolarni muhokama etish va ularga yechim topishda videokonfrensaloqa xizmati yoʻlga qoʻyildi.

— Boshqacha aytganda, pandemiya paytida qanchalik murakkab boʻlmasin sanitariya- gigiyena qoidalariga toʻla rioya qilgan holda bir kun ham oʻz ish faoliyatimizni toʻxtatmadik, — deydi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Buxoro viloyati Xalq qabulxonasi mudiri Erkin Qudratov.-Bu esa joylardagi muammolarga, aholi murojaatlariga oqilona yechim topishda qoʻl keldi.

Shu oʻrinda ayrim dalillarga eʼtiborni qaratish oʻrinli.Jondor tumani 3-sektor hududidagi “Nurafshon” qishlogʻida joylashgan 21-umumtaʼlim maktabi 1987-yilda qurilgan boʻlib, 624 oʻringa moʻljallangan edi. Oʻquv muassasasi taʼmirtalab holga kelgandi. Ayniqsa, kuz-qish mavsumida maktabni isitish katta muammoga aylanardi. Jondor tumani Xalq qabulxonasiga murojaatdan soʻng bu muammo sektor rahbari bilan birga tegishli mutaxassislar jalb qilingan holda atroflicha oʻrganildi. Bilim dargohi “Yoʻl xaritasi”ga kiritildi. Joriy yilda mazkur maktabni rekonstruksiya qilish va zamonaviy jihozlash uchun 3 milliard 200 million soʻm mablagʻ ajratildi.Qurilish-taʼmirlash va jihozlash ishlari poyoniga yetib qoldi.

Yoki boshqa bir misol. «Qirlishon» qishlogʻi Olot tumani markazidan qariyb 35 kilometr uzoqda joylashgan. Hududdagi 134 ta xonadonda 686 nafar aholi istiqomat qiladi. Qishloq aholisini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash masalasi katta muammo edi. Aholi murojaatlaridan soʻng davlat byudjetidan 2,9 milliard soʻm ajratilib, qishloqqa 11,5 kilometr uzunlikda ichimlik suvi quvuri tortildi, 1 ta suv inshooti qurildi. Bundan tashqari, hududga kirish joyidagi koʻprik yangidan barpo etildi. Fuqarolar yigʻinini tuman markazi bilan bogʻlovchi asosiy yoʻlning oʻnqir-choʻnqir qismi asfalt qilinib, taʼmirlandi.Ushbu yumushlardan viloyatning eng chekka qishloqlaridan biri sanalgan Qirlishonda yashovchilar xursand.Bu kabi misollarni yana koʻplab keltirish mumkin.

Umuman olganda, Buxoro viloyatidagi Xalq qabulxonalariga 30 mingdan ziyod murojaat kelib tushgan boʻlib, ularning asosiy qismi (61%) qanoatlantirildi, mingdan ziyod murojaat esa koʻrib chiqish jarayonida. Mablagʻ va muddat talab etuvchi murojaatlar “Yoʻl xarita”lariga kiritilib, ularning hal qilinishi nazoratga olindi.

Bundan tashqari,Xalq qabulxonalari va sektor rahbarlari hamkorligida 656-marta ommaviy qabul va yoshlar bilan 397 ta uchrashuv oʻtkazildi.Oʻrtaga tashlangan masalalarning aksariyat qismi qanoatlantirildi.Shuningdek, uyma-uy yurish orqali 2381 ta muammo aniqlanib, aksariyatiga yechim topildi.Qolgan qismi ijrosi nazoratda.

Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?