Pandemiya davrida zoʻravonlikning oldini olish choralari muhokama qilindi

15:03 28 Oktyabr 2020 Jamiyat
124 0

Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiyasi va uning huzuridagi NNTlar birlashmasi tomonidan “Global Covid-19 inqirozi davrida zoʻravonlik pandemiyasi: xatarlar, ularning oldini olish choralari, yechimlar” mavzuida trening oʻtkazildi. Tadbir Yevropa Ittifoqi tajribasi asosida amalga oshirilayotgan loyiha doirasida tashkil etildi. Unda Komissiya aʼzolari, yurtimizda faoliyat yuritayotgan siyosiy partiyalar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari hamda mahalliy Kengashlar deputatlari va OAV xodimlari qatnashdi.

Taʼkidlanganidek, Sovid-19 pandemiyasi oqibatida oilalardagi zoʻravonlik holatlari global miqyosda koʻpaygani kuzatilmoqda. Shu boisdan ham zoʻravonlikdan jabr koʻrganlarga xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar xodimlarida tegishli koʻnikmalarni shakllantirish hamda ularning bilim darajasini oshirish muhim. Bu borada malaka va tajriba almashish orqali ayollarga nisbatan zoʻravonlik darajasini kamaytirish ham dolzarb masala hisoblanadi. Uning oldini olishda ommaviy axborot vositalari vakillari bilan hamkorlikda muammo sabablari toʻgʻrisida, tegishli xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari haqida jamoatchilik xabardorligini taʼminlash ham alohida ahamiyatga ega. Shundan kelib chiqib, treningda bu yoʻnalishdagi maʼlumotlarni samarali tarqatish usullari muhokama qilindi.

Bundan tashqari, tadbirda pandemiya sharoitida ayollarni, ayniqsa, zoʻravonlik qurbonlari boʻlgan xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydigan milliy va mahalliy darajadagi choralar muhokama etildi. Bu borada tegishli takliflar bildirildi.

Maʼlumot uchun aytish kerakki, loyiha doirasida 2020-yilning 29 va 30-oktyabr kunlari xuddi shu mavzuda jurnalistlar, ichki ishlar organlari va tibbiyot muassasalari xodimlari uchun bir kunlik treninglar oʻtkazilishi ham rejalashtirilgan.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?