Pandemiya davrida Jizzaxda avtokemping ishlab chiqildi

19:33 23 Aprel 2020 Jamiyat
365 0

Yurtimizda turizmni ravnaq toptirish, unda jahon standartlariga mos xizmatlar koʻrsatish, sohaning ekologik, ziyorat, togʻ, changʻi, sogʻlomlashtirish, davolash, agrar, baliq ovi, avtoturizm va boshqa turlarini rivojlantirish boʻyicha katta ishlar olib borilmoqda. Mamlakatimizga kelayotgan sayyohlar va yurtimiz aholisi betakror vatanimizning Jizzax vohasidagi Zomin, Baxmal, Aydarkoʻl, Forishning soʻlim oromgohlari va boshqa daryo va koʻllar yonlarida, Mirzachoʻl sahrosining (qoʻriqxonalarning ruxsat etilgan joylarida) dam olib, tabiatimiz ajoyibotlaridan bahramand boʻlish imkoniyatiga ega boʻlishmoqda.

— Sir emaski, mamlakatimizda shuncha oromgohlar, davolanish maskanlari, dam olish uylari va uy mehmonxonalari boʻlishiga qaramay koʻplab oromgohlarda joy yetishmasligi sababli, dam oluvchilar noqulay sharoitlarda tunashlari yoki shu kunning oʻzida uyiga qaytib ketishlariga majbur boʻlishadi, — deydi Jizzax davlat pedagogika instituti oʻqituvchisi, iqtisodchi, texnolog Baxtiyor Botirov. — Muammoni yechishning qulay usuli bu sayyohlarga va dam oluvchilarga innovatsion avtokemping, avtouy mashinalari, tirkamalarini yurtimiz urf-odatlaridan kelib chiqib milliy uslubda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish va ularni ijaraga berishni tashkil qilishdir.

Jizzax davlat pedagogika institutining moliyaviy qoʻllab-quvvatlashi hamda ixtirochining saʼy-harakati bilan milliy uslubda Avtouy tirkamasi ishlab chiqarishni sanoat namunasi koʻrinishidagi maketiga intellektual mulk agentligi tomonidan 29.12.2018-yilda № SAP 2018 0058 raqamli patent olingan edi.

Institut rahbariyati koronavirus pandemiyasi davrida, inqirozni yengib oʻtishga imkon qadar yordam berish, oilaviy sayyohlikni rivojlantirish maqsadida mazkur patentni ishlab chiqarishga tatbiq etdi. Kelajakda milliy uslubdagi avtouy, avtokempinglarni yurtimizdan tashqari qoʻshni respublikalar va Rossiya davlatiga eksport qilish rejalashtirilmoqda.

Tolibjon ERGASHEV,
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?