Pandemiya davrida ham korxonalarda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda

18:17 14 Iyul 2020 Iqtisodiyot
303 0

Pandemiya davrida ham korxonalarda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda

Respublikamizda tadbirkorlar uchun berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar bugungi pandemiya davrida xoʻjalik yurituvchi subyektlarning moliyaviy-iqtisodiy ahvolini yaxshilash, yangi loyihalar asosida ishlab chiqarishni koʻpaytirish, raqobat muhitini shakllantirish, qoʻshimcha ish oʻrinlarini tashkil qilish, eng asosiysi aholi turmush farovonligini taʼminlash imkonini beryapti.

Buni birgina “Urgut erkin iqtisodiy zonasi”dagi tadbirkorlik subyektlari tomonidan ayni paytda yaratilgan sharoitlardan foydalanib yoʻlga qoʻyilayotgan qator yangi loyihalar misolida ham koʻrishimiz mumkin.

Bugungi kunda hududda 73 ta loyihani amalga oshirish ustida ish olib borayotgan boʻlib, ushbu loyihalarning umumiy qiymati 350,4 million AQSH dollarni tashkil etadi. Mazkur loyihalar toʻliq ishga tushirilishi hisobidan 5337 ta yangi ish oʻrinlari yaratilishi, 250 million AQSH dollarlik mahsulot ishlab chiqarilishi hamda 50 million AQSH dollariga teng mahsulot eksporti amalga oshirilishi belgilangan.

Joriy yilning birinchi yarmida 73 ta investitsion loyihaga jami 
265,3 million AQSH dollar investitsiya kiritilib, 49 ta loyiha oʻz ishlab chiqarishini boshlagan. Ushbu loyihalar doirasida 3288 ta ish oʻrinlari yaratildi. Mazkur korxonalar tomonidan 2020-yil 1-iyul holatiga 470,1 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilib, 10,2 million AQSH dollariga teng mahsulot eksporti amalga oshirildi.

Xususan, “Sam-Negin” Masʼuliyati cheklangan jamiyatida xalq xoʻjaligining turli tarmoqlarida keng qoʻllaniladigan 30 turdan ortiq mahsulot ishlab chiqariladi. Korxonada tadbirkorlarning koʻp yillik izlanishlari natijasida yangi innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Yoʻl va uy qurilishi, suv inshootlari, energetika hamda temir yoʻl tizimi, qishloq xoʻjaligi sohasi uchun as qotadigan geotekstil mahsuloti shular jumlasidandir. Ayni paytda Urgut erkin iqtisodiy zonasining baʼzi yoʻllariga mana shunday poliefir tolasidan tayyorlangan ekologik xavfsiz notoʻqima mato yotqizilmoqda. Xoʻsh, uning afzalligi nimada?

— Bu mato jahon tajribasida asosan uy qurilishi, yoʻl qurilishi, drenaj tizimlarida, suv ombolarida keng qoʻllanilib kelinadi, — deydi korxona menejeri Jahongir Abdullayev. — Biz oʻzimizning tashabbusimiz bilan Urgut iqtisodiy zonasida ushbu matoni sinov tariqasida yoʻlga yotqizish taklifi bilan chiqdik. Bu matoning yoʻl uchun afzalliklari shundaki, yer ostidan oʻsib chiqayotgan begona oʻsimliklarni yoʻlga zarar bermasligi uchun uni oʻsishini oldini oladi. Shuningdek, yoʻlga tushayotgan suvni teng ravishda butun maydonga tarqatib, uning drenaj tizimini yaxshilab beradi. Bundan tashqari ogʻir yuk mashinalari oʻtganda ogʻirlikni teng taqsimlab berish xususiyatiga ham ega. Bu esa yoʻllarni uzoq muddat xizmat qilishiga yordam beradi.

Eʼtiborlisi, bu toʻshama “SN Group” brendi ostida 100 foiz mahalliy xom ashyodan tayyorlanmoqda. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, ikkilamchi pet idishlar, yaʼni kundalik hayotimizda har kuni uchraydigan baklajka va shunga oʻxshash buyumlardan tayyor mahsulotlar tayyorlanayapti.

Davlatimiz rahbari tashrifi chogʻida ikkilamchi pet idishlardan chiqadigan yarim tayyor mahsulotlarni tayyor mahsulot sifatida xalqqa yetkazib berishni nazarda tutib, bizga topshiriq berib ketgan edilar, - deydi korxona ish boshqaruvchisi Anvar Temirov. Hozirda bizlar bu loyihaning birinchi qismini ishga tushirdik. Yaʼni, yoʻl va qurilish ishlarida ishlatiladigan geotekstil mahsulotini ikkilamchi pet baklajka idishlaridan notoʻqima mato shaklida yetkazib berayapmiz.

Bugun masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi mazkur korxonada 420 nafar ishchi mehnat qiladi. Korxona Xitoy, Janubiy Koreyaning zamonaviy texnologiyalari bilan jihozlangani bois mahalliylashtirish dasturiga asosan import oʻrnini bosuvchi mahalliy xom ashyodan eksportga moʻljallangan, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishga kirishgan.

— Korxonamizda import oʻrnini bosuvchi va eksportga moʻljallangan koʻplab yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni oʻzlashtirganmiz. — deydi korxona rahbari Abdurashid Tursunov. — Misol uchun oyoq kiyim ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun asosiy xom ashyo hisoblangan oyoq kiyimlarning ichki karton mahsulotlari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydik. Xuddi shu mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan shu paytga qadar yuz foiz Xitoy va Turkiya kabi davlatlardan import qilib keltirilayotgan edi. Ahamiyatli tomoni shundaki, bunga ishlatilgan xom ashyo yuz foiz mahalliy mahsulot boʻlib, maqsadimiz ham Prezidentimizning topshiriqlariga asosan ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, importni qisqartirish va eksportga moʻljallangan tayyor mahsulotlarni koʻpaytirishdan iborat. Bundan tashqari avtosanoat korxonalari uchun ichki qoplamalar, shovqindan va issiq-sovuqdan saqlovchi mahsulotlarni ham ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyganmiz. Mahsulotlarimizga talab yuqori. Shundan kelib chiqib, ishlab chiqarish hajmi va mahsulotlar turini koʻpaytirishni moʻljallab turibmiz.

Shuningdek, tadbirkor pandemiya sharoitiga qaramasdan eksport geografiyasini ham kengaytirishga harakat qilyapti. MDH davlatlari va Afgʻonistonga joriy yilning 5 oyi davomida 630 ming AQSH dollariga teng mahsulot joʻnatildi. Hamkorlar bilan bu boradagi muzokaralar davom etmoqda.

Bundan tashqari Urgut erkin iqtisodiy zonasida faoliyat olib borayotgan korxonalar ayni paytda import oʻrni bosuvchi kundalik ehtiyoj uchun zarur boʻlgan zamonaviy maishiy texnika vositalarini ham ishlab chiqarishmoqda.

Hududda ikki yil oldin faoliyatini boshlagan «Sam elektro servis» masʼuliyati cheklangan jamiyati bugunga kelib 35 turdan ortiq elektr pechi, gaz plita va dudburonlarni ishlab chiqaryapti. Mazkur investitsion loyiha 6,2 million AQSH dollarini tashkil qiladi. Korxona mahsulotlarining qariyb 50 foizi chet elga eksport qilinadi. 2020-yilning birinchi yarmida 600 ming AQSH dollari miqdorida eksport amalga oshirildi. Jumladan, tadbirkorlar maishiy elektr texnikasi jihozlarini Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston, Afgʻoniston va Ozarbayjondagi buyurtmachilarga yetkazib berishdi.

Hozirgi kunda qoʻshni davlatlardagi epidemologik vaziyat tufayli eksport biroz kamaygan boʻlsa-da, ishlab chiqarish surʼati bir zum pasaygani yoʻq. Buyurtmalar tayyorlab quyilmoqda. Har kuni 350 — 400 dona gaz plita, 400-500 dona elektr pech va dudburonlar tayyor koʻrinishga keltirilyapti.

— Ayni pandemiya davrida biz kabi yosh yigit-qizlarning mana shu kabi korxonalarda ish bilan taʼminlanganligi ham muhim ahamiyatga ega, — deydi koxona ishchisi Abulfayz Abrorov. - Chunki, bizning shu yerdan topayotgan daromadimiz dasturxonimiz butligini taʼminlamoqda. Bu yerda barcha sharoitlar yaratilgan transport, issiq ovqat va himoya vositalari bilan taʼminlanganmiz. Shu yerda mehnat qilib, oilam farovonligiga oʻz hissamni qoʻshayotganimdan mamnunman.

Korxona davlat tomonidan berilayotgan imtiyozlar tufayli faoliyatini kengaytirib, mahsulot turini oshirib bormoqda. Masalan, joriy yil yakuniga qadar mahalliylashtirish dasturiga asosan elektr pechlar uchun oynali eshiklar, gaz plitalarining ustiga qoʻyiladigan panjaralar va plastmassa detallarni shu yerning oʻzida ishlab chiqarish toʻliq yoʻlga qoʻyiladi. Eʼtiborlisi, mazkur yangi istiqbolli loyiha mahsulot tannarxini tushirishga olib keladi. Shuningdek, jamiyat rahbarlari 2021-yildan boshlab kir yuvish mashinasi, sovutgichlarni ham ishlab chiqishni rejalashtirgan.

— Bugun Turkiya texnologiyasi asosida yangi dizayn va rusumdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni koʻpaytirishga harakat qilyapmiz, - deydi korxona muhandisi Murat Buyuk Oʻjal. — Oʻzim Turkiyaning «Simfer» firmasida tajriba oshirganman. Bizda qanday ishlar amalga oshirilayotgan boʻlsa, bu yerda ham shu ishlar qilinyapti. Mahsulotlarni Turkiyaga ham eksport qilish rejalashtirilgan.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, «Sam elektro servis» masʼuliyati cheklangan jamiyati Samarqanddagi avtomobilsozlik korxonalari uchun zarur boʻlgan, ayni paytda xorijdan import qilinayotgan ayrim butlovchi qismlarni ham tayyorlab berish imkoniyatiga ega.

Mahalliy va xorijiy bozorlarda talab yuqori boʻlgan mahsulotlar tayyorlash uchun kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish, xoʻjalik yurituvchi subyektlar oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni toʻgʻri yoʻlga quyish iqtisodiyotni rivojlantirishning eng muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Biroq, Samarqanddagi korxonalarning ayni paytdagi kooperatsion aloqalari foydalanilmayotgan imkoniyatlar borligini koʻrsatmoqda. Shu bois davrning oʻzi bu boradagi oʻzaro hamkorlikni jonlantirishni taqoza etyapti.

— “Urgut erkin iqtisodiy zonasi”da 2020-yil yakuniga qadar yana 9 ta loyiha ishga tushirilib, mazkur loyihalarda 808 ta ish oʻrinlari yaratilishi hamda 328,8 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilishi va 7 million AQSH dollarlik mahsulotlar eksport qilinishi kutilmoqda,  deydi “Urgut erkin iqtisodiy zonasi” direksiyasi boʻlim boshligʻi Mirjahon Yazdonov. — Shu bilan birga, yil yakunigacha amalga oshirilgan loyihalar soni 58 tani tashkil etib, ishlab chiqarish quvvatlari 1,2 trillion soʻmga, yaratilgan ish oʻrinlari soni esa 4096 taga yetadi.

Qisqasi, erkin iqtisodiy hududda ana shunday yangi loyihalarning hayotga keng tatbiq etilishi iqtisodiyotimizning barqarorligini oshirish, importni qisqartirib, eksportni koʻpaytirish, qolaversa koʻplab yangi ish oʻrinlari tashkil etishga xizmat qiladi.

Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?