Pandemiya davrida ham iqtisodiyot barqaror rivojlanishi kerak

16:15 13 Iyul 2020 Siyosat
391 0

Koronavirus pandemiyasi, butun dunyoda kuzatilayotganidek, yurtimizda bugungi kunda ham davom etmoqda. Mart oyining oʻrtasida boshlangan ushbu kasallik, mamlakatimizda oʻz vaqtida koʻrilgan qatʼiy choralar, sogʻliqni saqlash tizimida soʻnggi yillarda amalga oshirilgan keng qamrovli islohotlar tufayli nisbatan qisqa, qariyb uch oylik davrda jilovlanib, kasallanish koʻlami, davolash samaradorligi va oʻlim holatining past koʻrsatkichlari boʻyicha xalqaro miqyosda ijobiy baholangan edi. Lekin, afsuski, soʻnggi kunlarda Oʻzbekistonda ushbu kasallanishning miqyosi keskin osha boshladi. Ushbu holatni baʼzilar pandemiyaning navbatdagi davri, deb talqin qilsalar-da, xaqiqatni tan olib aytish kerakki, biz oxirgi vaqtda koronavirusdan “qoʻrqmaydigan”, unga parvo qilmaydigan boʻlib qoldik: karantinning oddiy qoidalari — niqob taqish, qoʻlni tez-tez sovunlab yuvish va dezinfeksiya qilish, jamoat joylarida ijtimoiy masofalanishga koʻpchilik zaruratsiz, oʻz ahamiyatini yoʻqotgan vazifadek qaray boshladi. Karantin choralari yumshatilishini baʼzi insonlar goʻyoki uni butunlay toʻxtatilishidek qabul qilib, katta toʻy-tomoshalarni boshlab yuborganlari ham haqiqat. Koʻrsatkichlar hali qoʻshni davlatlarnikidan past boʻlsa ham, bizni ogoh boʻlishga chaqirishi kerak.

Ushbu muammoni samarali hal etish, koronavirusni mamlakatimizning turli hududlarida tarqalishini tubdan jilovlashda tegishli vazirlik va idoralar, hokimiyatlar, mutassadi rahbarlar bilan birga, keng jamoatchilik faol ishtirok etishi lozim. Har bir inson oʻz sogʻligʻi, farzandlari va oilasini oʻylab, ushbu muammoni bartaraf etish uchun nafaqat oʻrnatilgan tartiblarga qatʼiy rioya qilishi, balki yon atrofdagilarni ham shunga chaqirishi zarur. Koronavirus pandemiyasini yengish umumxalq ishi deyilishining mazmuni ham aynan shu holatdan kelib chiqadi.

Pandemiya davrida aholi salomatligini himoya qilish va tibbiy xizmatlarni kengaytirish, moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlashga muhtoj insonlarga zarur yordam koʻrsatishni tizimli tashkil etish bilan bir qatorda, davlatning ushbu davrga xos yana bir juda muhim iqtisodiy vazifasi bor. Bu — pandemiya karantini cheklovlari munosabati bilan korxona va tashkilotlar koʻradigan zararni qoplash maqsadida ularni iqtisodiy, moliyaviy va boshqa koʻrinishda har tomonlama qoʻllab quvvatlashdir. Ushbu ikki masala mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi boshlanishi davridan beri davlat rahbarining doimiy diqqat eʼtiborida boʻlib, vujudga kelayotgan muammolarni samarali hal etish boʻyicha yigirmaga yaqin Prezident Farmon va qarorlari qabul qilinib, ushbu hujjatlar bilan tadbirkorlarga katta imtiyoz va yengilliklar berildi. Bu,oʻz navbatida, pandemiyani yurtimizda tarqalishi va iqtisodiyotimizga zararli taʼsirini jilovlab turishga juda muhim asos boʻldi.

Koronavirus tarqalishining mamlakatimizdagi bugungi kengaygan holati iqtisodiyotimizni uning zararli taʼsiridan himoya qilish nuqtayi nazaridan yangi, avvalgilaridan ham qattiqroq choralar koʻrish va ularga qatʼiy amal qilishni talab qiladi. Prezidentimiz shu yil 8-iyulda oʻtkazgan videoselektor majlisida aynan shu masalalar — koronavirus pandemiyasi asoratlariga qarshi kurash, bu davrda tadbirkorlikni qoʻllab quvvatlashni kuchaytirish, byudjet tushumi intizomiga qatʼiy rioya qilish boʻyicha hududlar kesimida har tomonlama tahlil qilindi. Davlat rahbari taʼkidlab oʻtganidek, hozirgi haqiqatda ogʻir davrda har bir rahbar, har bir tadbirkor yoki oddiy insondan metin iroda va doimiy ishchanlik talab qilinadi.

Amalda, joylarda har bir mutassadi rahbar shu masʼuliyatni his qilyaptimi? Majlisda koʻrsatilgan masalalar — mamlakatimizda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar va taklif etilayotgan yechimlar boʻyicha iqtisodiyot tarmoqlari va hududlardagi mutasaddi rahbarlarning axboroti eshitildi. Savdo sanoat palatasining Toshkent viloyati Ohangaron tumanida va biznes-ombudsmanning Fargʻona viloyatida olib borgan oʻrganishlari koʻplab korxona va tashkilotlar pandemiya davrida oʻz ishini yangi sharoitda toʻgʻri tashkil eta olganligini koʻrsatdi. Tegishli vazirlik va hokimiyatlar tomonidan koʻrsatilgan amaliy yordam tufayli ishlab chiqarish jarayoni shu davrda toʻxtatilmadi yoki oʻz vaqtida koʻrsatilgan iqtisodiy va moliyaviy koʻmak tufayli yangidan boshlab yuborildi. Bunday ijobiy holat pandemiya davrida xalq farovonligi va turmush darajasini oshirishga qaratilgan siyosatni xalq tomonidan qoʻllab quvvatlanishi uchun yana bir salmoqli asos boʻlib xizmat qiladi.

Lekin, bir qator tumanlarda, korxona va tashkilotlarda aholining yordamga muhtoj qatlami vakillarini qoʻllab quvvatlash, “temir daftar”da qayd etilgan fuqarolarni bosqichma-bosqich ushbu toifadan chiqarish, xalq salomatligi uchun fidokorona xizmat qilayotgan shifokorlarni Prezident qaroriga asoslanib, munosib taqdirlashni oʻz vaqtida amalga oshirishni taʼminlash, tadbirkorlikni boshlayotganlarga eʼtiborsizlik bilan munosabatda boʻlgan bir qator rahbarlar aniqlanib, ularga eng qattiq jazo choralari koʻrildi.

Majlisdagi tahlil natijalari shuni koʻrsatdiki, mamlakatimizning har bir viloyati, har bir tumanida sektorlar faoliyatining yoʻlga qoʻyilishi hudud iqtisodiyotini toʻliq qamrab oluvchi samarali nazorat va koʻmaklashish tizimini shakllantirdi va bu mexanizm barqaror rivojlanish, joylarda tadbirkorlikni kengaytirish hisobiga sanoat ishlab chiqarishi, qishloq xoʻjaligini rivojlantirishni taʼminlab berdi. Shu bilan birga, mutasaddi rahbarlarning aholining real talablarini xonadonma-xonadon yurib oʻrganish orqali muammolarini tezda va toʻlaligicha yechish imkonini yaratadi. Koronavirus pandemiyasi davom etib, uning koʻlamini keskin jilovlash zarur boʻlgan hozirgi vaqtda bunday mexanizmni har bir viloyat, har bir tumanda samarali ishlashi Oʻzbekiston iqtisodiyotining barqaror rivojlanishini taʼminlaydi.

Erkin ZOHIDOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?