Pandemiya davrida ajrimlar soni kamaydi. Karantindan soʻng keskin ortib ketishi mumkinmi?

17:08 24 Avgust 2020 Jamiyat
890 0

Qirq kunlik kuyov ajrimga ariza berdi. Sudga kelinda turli ruhiy oʻzgarishlar tez-tez kuzatilayotganligi sababli ajrashmoqchiligini bildirdi. Nikohdan avvalgi tibbiy koʻrik natijalarida kelinda ruhiy kasalliklar aniqlanmagani koʻrsatilgan. Aslida esa qizning ruhiyatida oʻzgarishlar boʻlib turishini nafaqat ota-onasi, balki shifokorlar ham bilgan. Qayta tekshiruv natijasida qiz hatto nevropatologda tez-tez davolanib turishi ham maʼlum boʻldi. Yaqinlari qizning turmushga chiqsa yaxshi boʻlib ketishidan umid qilgan. Ammo umidlar puchga chiqqan...

Savol tugʻiladi, oilaning darz ketishiga kim aybdor: kasalligini yashirib, qiz uzatgan ota-onami yoki tibbiy koʻrikdan oʻtishga eʼtiborsizlik qilgan yoshlarmi yoxud yuzaki tibbiy koʻrikdan oʻtganlik haqida “spravka” tayyorlab bergan shifokorlarmi? Bugun ajrimlarning ortib borishiga kim koʻproq aybdor?

FHDYOga kimdir oila qurish uchun, kimdir esa umid bilan bogʻlangan rishtalarni uzish uchun keladi. Bugun ajrimlarning ortib ketishi, ayniqsa, yosh oilalarga erta darz ketishi haqidagi xabarlar quloqqa koʻp chalinaverganidan odatiy holga aylanib qoldi, afsuski. Baʼzan ajrimlarga kattalarning oʻzi ham bilmay sababchi boʻlib qoladi. Aslida oila mustahkamligining siri nimada? Bunda yoshning ahamiyati muhimmi yoki ruhiyatning? Ushbu bahsli mavzu doirasida yigʻilgan fikrlarni Andijon viloyati misolida koʻrib chiqamiz. Nega deganda statistika maʼlumotlarida joriy yilning yanvar-iyun oyi holati boʻyicha eng koʻp ajrimlari kuzatilgan hududlardan biri bu Andijon.

“Qizimning mayib boʻlib qolishidan qoʻrqib, oilasidan ajratib oldik...”

Hech bir ota-ona farzandim baxtsiz boʻlsin demaydi. Hamisha ularning toʻkis hayoti uchun jon kuydiradi. Ammo dono xalqimiz necha zamonlardan aytib kelganidek, roʻzgʻor bu gʻor, uning kami aslo toʻlmaydi. Biroq bu naqlga koʻnar-koʻnmay, turli yetishmovchiliklarni bahona qilib, ajrashib ketayotganlarga nima deyish mumkin? Ayrim hollarda ajrim toʻgʻri qaror, ayrim hollarda esa shoshqaloqlik natijasi boʻlib koʻrinadi. Aslida-chi?

Feruza SHERALIYEVA, uy bekasi:

— Qizimizning juda chiroyli ekanidan bir quvonsak, bir yomon yoʻlga kirib ketmasaydi deb xavfsirar edik. Sovchilari ham tinmasdi. Bolam universitetda oʻqiyman deganida, qiz bolaga oʻqish shart emas dedik. Xullas, oʻn yettisida kollejni tamomladiyu kelin boʻldi, katta oilaga kelin qilib uzatdik uni. Katta oilaning vazifasi ham oʻziga yarasha katta boʻladi. Qaynonasi yosh kelinni baʼzan sepi yaxshi boʻlmagani, baʼzan esa ishlarga noʻnoqlikda ayblab, haqorat qilar ekan. Axir yosh-ku hali, ovsinlaridan, qaynonasidan oʻrganadi deb oʻylagan edim men ham. Toʻydan avval qizimning hali ishlarga u qadar yaxshi emasligini, qolaversa, sepi ham tayyormasligini aytganimda qudalar “bilmaganini oʻrgatamiz, olmaganini oʻzimiz olamiz” degan edi. Ammo afsus... ular soʻzlarida turmay, kamsitar, haqorat qilar, urar... xullas, har koʻyga solar edi bolamni. Oxiri qizimizning mayib boʻlib qolishidan qoʻrqib, toʻyiga hali bir yil ham boʻlmagan boʻlsa-da, oilasidan ajratib oldik...

Yosh, sep, ijtimoiy kelib chiqish kabi mayda masalalar bir oilaning darz ketishiga sabab boʻla oladimi? Aslida bahsli savollar juda koʻp. Hammasining javobi oʻzimizga kelib taqaladi. Inson islohni avvalo oʻzidan boshlashi kerak. Oʻzi boshlab berishi kerak oʻzgarishlarni. Biroq bu yerda juda koʻp “biroq”lar borki, nima deyishni ham bilmaysan kishi...

Andijonda ajrimlar holati har doim yuqorimi?

Maʼlumotlarga koʻra, viloyatdagi eng koʻp ajrim holati Andijon shahri (232 ta), Asaka (167 ta) va Andijon tumanida (167 ta) kuzatilgan. 2020-yilning yanvar—iyun oylari davomida Davlat xizmatlari agentligi Andijon viloyati boshqarmasi tasarrufidagi shahar va tuman Fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish boʻlimlari tomonidan 1 ming 498 ta nikohdan ajralganlik qayd etilgan. 2019-yilning mos davriga nisbatan ajrimlar soni 2020-yilda 1 ming 323 taga kamaygan. Ammo shunga qaramay, respublika miqyosidagi ajrimlar hududda koʻp kuzatilgan.

Salimjon MATGʻOZIYEV, Ammor ibn Yosir jomeʼ masjidi hamda Andijon tumani bosh imom xatibi:

— Ajrimlarning kundan kunga ortib borishi nafaqat jamiyat uchun, balki millat uchun ham bir fojea. Xatari shundaki, yetim bolalarning koʻpayishi, jamiyatda oʻzaro tarafkashliklar shakllanishi, shaxsiy xusumatlarning ijtimoiy faoliyatga aralashib ketishi kabi holatlar koʻpaya boshlaydi. Eru xotin bir-biriga aybu nuqsonlarini yashirguvchi libosdirlar. Bu haqda muqaddas kitobimizda alohida oyat qilib keltirilgan hattoki. Ammo bugungi yoshlar buning teskarisi... bir-birining aybu nuqsonini elga oshkor qilishdan tortinmaydilar afsuski.

Oila qurganiga bir-ikki yil oʻtar oʻtmay ajrashib ketayotgan aksariyat yoshlar farzandsizlikni bahona qilishadi, ammo sahobalarimiz orasida yigirma yilda, undan ortiq vaqtda farzandli boʻlganlar borligini tushunmaydilar, ibrat olmaydilar, sabrni, shukrni bilmaydilar. Toʻgʻrisini aytganda, yurib ketayotgan poyezd maʼlum maʼnoda relsidan chiqib boʻldi. Endi uni qayta relsga tushirish uchun hamma barobar harakat qilishi lozim. Yoshlarning faqatgina huquqiy savodxonligini emas, balki diniy va madaniy savodxonligini ham oshirish kerak.

Karantinda bolalar ota-ona mehriga toʻyib boshladi

Yana bir eʼtiborli jihat ham borki, pandemiya davridagi karantin oilalarni maʼlum maʼnoda birlashtirdi, bolalar ota-ona mehriga toʻya boshladi, insonning oʻziga va oʻzgalarga eʼtibori oʻzgardi... shunday emasmi? Bu haqida jamiyat qanday fikrda?

Dilrabo AVAZBEKOVA, Qorasuv shahri FHDYO boʻlim mudiri:

— FHDYO boʻlimiga nikohdan ajralish masalasida kelgan taraflarning har ikkisi bilan alohida gaplashsangiz, har ikkisi ham haqdek tuyuiladi. Yosh oilalar koʻproq bir-biriga eʼtiborsizlik, uchinchi shaxslarning aralashuvini sabab qiladilar. Katta yoshlilar esa oʻzboshimchalik, shallaqilik, bir-birini hurmat qilmasligini roʻkach qilishadi. Ularga imkon berish maqsadida arizalarni uzoq vaqt qabul qilmaymiz baʼzan, ammo koʻpincha buning foydasi boʻlmaydi.

Shunga qaramay, nikohdan ajralishlar chekka hududlarda shaharlarga nisbatan kamroq, deb uylayman. Sababi bunday hududlardagi odamlarda sabr qilish, koʻnikish kabi jihatlar yuqori. Qishloq odamlarining koʻp vaqti yo dalada, yo keng yaylovda chorva bilan, tunu kuni mehnat bilan oʻtadi. Turli mayda nizolarga vaqti ham, xafsalasi ham boʻlmaydi. Qorasuv shahrida karantin davrida ajrim holatlari oʻtgan yildagi shu davrga nisbatan ancha kam kuzatildi.

Akrom HAYDAROV, hunarmand:

— Turmush oʻrtogʻim bilan oʻn ikki yil deganda farzandlik boʻlganmiz. Oila aʼzolarimiz bizni koʻp marta ajratishmoqchi boʻlishgan. Men ertaga uylanib ketarman. Farzandli boʻlarman yo boʻlmasman. Ammo bir insonni baxtsiz qilib bemalol yashab boʻladimi? Boʻlmaydi! Vijdoni bor odam, qiyin pallada umr yoʻldoshini tashlab ketmaydi. Shu sabab ayolim bilan hamma qiyinchiliklarni birga yengdik, ajrashmadik. Hozir shiringina qizalogʻimiz bor. Fikrimcha, pandemiyadan keyingi hayot butunlay boshqacha boʻladi, ajrimlar sekin-asta kamayadi.

Xulosa qilib aytganda, bu yil avvalgi yillarga nisbatan ajrim holatlari respublikada kam kuzatildi. Balki karantin ham bir sabab boʻlgandir. Karantin tugagach esa bu keskin ortib ketishi ham hech gap emas. Buning oldini olish oʻz qoʻlimizda. Zero, pandemiya davrida uyda, yaqinlari bilan koʻp vaqtini oʻtkazgan odamlar oila muqaddasligini yana-da teranroq anglab yetgan boʻlsa ajab emas. Shunday emasmi?

Yulduz OʻRMONOVA,
“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?