“Paxtakor”ning 5 futbolchisida koronavirus aniqlandi

17:43 19 Iyul 2020 Sport
303 0

“Paxtakor” asosiy jamoasining 5 nafar futbolchisida koronavirusga topshirilgan test natijalari ijobiy natija berdi.

Yurtimizda koronavirus pandemiyasiga chalingan insonlar aniqlanishi bilan “Paxtakor” futbol klubida doimiy ravishda futbolchilar va klub xodimlari muntazam tarzda test topshirib kelishdi. Oʻzini noxush his qilgan 5 nafar futbolchida koronavirus uchun topshirilgan test natijalari ijobiy natija bergach, futbolchilar va xodimlar yana bir bor test topshirishdi. AGMK bilan oʻtkazilgan Superliga 9-tur bahsidan keyin baʼzi futbolchilar sogʻligʻida muammolar paydo boʻldi, shundan keyin mashgʻulotlar vaqtincha toʻxtatib turildi.

Ayni paytda koronavirus aniqlangan 5 nafar futbolchi izolyatsiyaga olindi va ularni davolash jarayoni boshlab yuborildi. Futbolchilar doimo tibbiy nazorat ostida boʻlib turibdi va barcha zarur vositalar bilan taʼminlanmoqda, deyiladi klub axborot xizmati maʼlumotida.

PFL bosh direktori vazifasini bajaruvchi Diyor Imomxoʻjayevning Tribuna.uz saytiga maʼlum qilishicha, 20-iyul kuni PFL Superliga klublari rasmiylari va bosh murabbiylari bilan Zoom orqali videokonferensiya oʻtkazib, chempionat bahslarini davom ettirish yoki qoldirish masalasini muhokama qiladi. Shundan soʻng PFL tomonidan bir qarorga kelinadi.

Maʼlumot uchun, avvalroq Superliganing “Bunyodkor”, “Surxon” klublarida, Pro-ligada esa “Dinamo” va “Xorazm” futbolchilarida koronavirus alomatlari aniqlangan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?