Paxtakorga “Malibu” avtomobili topshirildi

21:38 08 Oktyabr 2019 Jamiyat
123 0

Xabaringiz bor, Fargʻona viloyatining Qoʻshtepa tumani paxtakorlari yaqinda davlatga paxta sotish rejasini ortigʻi bilan bajargan edi.

Bugun ushbu tumanda “Fergana global textile” MCHJ rahbari Moʻminjon Razzoqovning onalari Havoxon Madaminovaga viloyat hokimining “Tashakkurnoma”si va “Malibu” avtomobilini tuman hokimi Ilyosjon Novikov topshirdi.

–Bugun chinakam baxtli ona ekanligimni yuragimdan his etdim Farzandim mehnati tufayli olqish oldim, – deydi Havoxon aya. –Besh nafar oʻgʻilni voyaga yetkazib, ularni el koriga kamarbasta insonlar qilib tarbiyaladim. Muzaffarjon, Murodjon, Alisher, Murodiljon, Moʻminjonlar xorijda tahsil oldilar. Bugungi kunda ularning barchasi qishloq xoʻjaligi sohasida faoliyat yuritmoqda.

Darhaqiqat, elimizning rizq-nasibasi boʻlgan paxtachilik tarmogʻi istiqbolida klaster tizimi muhim ahamiyatga ega boʻldi. Tuman paxtachilik rivojini yangi bosqichga olib chiqqan Moʻminjon Razzoqov esa koʻplab yutuqlarni qoʻlga kiritdi.

U rahbarlik qilayotgan “Fergana global textile” MCHJ fermer xoʻjaliklariga yonilgʻi, oʻgʻit va boshqa zarur vositalarni yetkazib berib, 7240 gektar yer maydonida klaster asosida paxta yetishtirdi. Davlat omborlariga 19 ming 900 tonna paxta hosili topshirildi.

Fargʻona shahrida 2020-yilning may oyida masʼuliyati cheklangan jamiyati qoshida eksport hajmi 35 million dollarni tashkil etadigan yangi ip-yigiruv toʻqimachilik kompleksi ishga tushadi. 1500 dan ziyod ish oʻrinlari yaratiladi. Korxona qurilishiga tadbirkorning shaxsiy mablagʻi va bank krediti hisobidan 50 mln. AQSH dollari jalb etilishi koʻzda tutilgan.

Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, bugun Fargʻona viloyatining Toshloq tumani paxtakorlari ham davlatga 15 ming 335 tonna xirmon bilan shartnomaviy rejani bajardi.

Elyorjon Ehsonov.
(Xalq soʻzi)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?