“Paxtakor” safardagi imtihondan oʻtdi, OKMK esa...

23:51 19 Fevral 2019 Sport
475 0

Xabar berib oʻtganimizdek, bugun Osiyo Chempionlar ligasining guruh bahslariga chiqish uchun saralash oʻyinlari boʻlib oʻtdi.

“Paxtakor” jamoasi Birlashgan Arab Amirliklarida “An-Nasr” jamoasi bilan kuch sinashib, safarda 2:1 hisobida gʻalaba qozondi. Gollarga “Sherlar” safidan Dragan Cheran (penalti) va Marat Bikmayev mualliflik qilgan boʻlsa, mezbonlar vakili Alvaro Negredo (penalti) hisobni qisqartiruvchi golni kiritdi.

OKMK esa boshqa bir “An-Nasr” (Saudiya Arabistoni) klubiga yirik hisobda magʻlub boʻldi. 0:4 hisobida yakunlangan oʻyinda arab jamoasining legioneri Juliano dubl qayd etgan boʻlsa, Omar Xavsavi va Sulton al Gʻannam bittadan gol muallifi boʻlishdi. Shu tariqa Oʻzbekiston kubogi sohibi OCHL musobaqasini tark etdi.

Endi joriy yilgi Osiyo chempionlar ligasining guruh bellashuvlarida yurtimiz sharafini Toshkentning ikki jamoasi — “Lokomotiv” va “Paxtakor” himoya qiladi.

OCHLning Gʻarbiy mintaqasi guruhlari esa quyidagicha koʻrinish olgan:

“A” guruhi: “Al Vasl” (BAA), “Al Zavra” (Iroq), “Zob Axan” (Eron), “An-Nasr” (Saudiya Arabistoni).

“B” guruhi: “Al Ittihod” (Saudiya Arabistoni), “Al Vahda” (BAA), “Lokomotiv” (Oʻzbekiston), “Ar Rayan” (Qatar).

“C” guruhi: “Ad Duhail” (Qatar), “Al Hilol” (Saudiya Arabistoni), “Al Ayn” (BAA), “Istiqlol” (Eron).

“D” guruhi: “Persepolis” (Eron), “As Sadd” (Qatar), “Al Ahli” (Saudiya Arabistoni), “Paxtakor” (Oʻzbekiston.)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?