Paxtachi tumani nega “qoniqarsiz” hududga tushib qoldi?

11:41 06 Oktyabr 2020 Jamiyat
233 0

6-oktyabr xalq deputatlari Paxtachi tumani kengashining navbatdagi, oʻn sakkizinchi sessiyasi boʻlib oʻtdi.

Sessiyaga deputatlar, tuman hokimining oʻrinbosarlari, hokimlikning boshqa xodimlari, tashkilotlar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari va jamoat tashkilotlari vakillari taklif etildi.

Shuningdek, sessiya ishida tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga befarq boʻlmagan fuqarolarning ishtirok etishi uchun imkoniyat yaratildi.

Shundan soʻng sessiya kun tartibiga “Paxtachi tumanini 2020-2021-yillarda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish orqali “Qizil” hududdan chiqarish yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi masala deputatlar va jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.

Sessiya ishida tuman hokimi M.Hamdamovning hisoboti tinglandi.

Reyting koʻrsatkichlariga koʻra, tuman 2019-yil yakunlari boʻyicha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasining umumiy bali jami 13,27 balni tashkil etgan. Ushbu koʻrsatkich bilan tuman viloyatdagi shahar va tumanlarning orasida eng oxirgi oʻrinni egallagan.

Shu oʻrinda Paxtachi tumani nega “qoniqarsiz” hududga tushib qoldi degan haqli savol tugʻiladi.

Birinchidan, 2019-yilda virtual va xalq qabulxonalari orqali kelib tushgan takroriy murojaatlar soni 397 taga yetgan. Bu hududda istiqomat qiluvchi har ming kishidan 3 nafari murojaat qildi degani. Viloyatda eng oxirgi 16-oʻrinda.

Ikkinchidan, iqtisodiy faol aholi soni 59 ming nafarni tashkil etib, hisobot davrida bu koʻrsatkich 53 ming nafarni tashkil etgan. Iqtisodiy faol aholiga nisbatan 90,4 foiz bilan viloyatda 15-oʻrinda.

Uchinchidan, xotin-qizlarning bandlik darajasi 85,5 foizni tashkil qilib, viloyatda 13-oʻrinda.

Toʻrtinchidan, 2019-yilda ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlari 201 milliard soʻm boʻlib, uning 5 milliard soʻmi eksportga yoʻnaltirilgan, bu esa oʻz navbatida ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlarining 2,3 foizini tashkil etgan. Bu sohada viloyatda 15-oʻrinda.

Beshinchidan, 2019-yilda isteʼmol tovarlar ishlab chiqarish hajmi 
148,3 milliard soʻm boʻlib, aholi jon boshiga 1023,0 ming soʻmni tashkil etgan, bu koʻrsatkich boʻyicha viloyatda 15-oʻrinda.

Oltinchidan, 2019-yilda tumanda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirilishi 8,2 milliard soʻmni tashkil etib, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarning umumiy investitsiyadagi ulushi 3,1 foizini tashkil etgan hamda viloyatda 14-oʻrinni egallagan.

Yettinchidan, 2019-yilda markazlashmagan investitsiya xajmi 
243,4 milliard soʻm boʻlib, aholi jon boshiga hisoblanganda 1707,0 ming soʻmdan toʻgʻri kelgan. Bu sohada ham viloyatda 9-oʻrinda.

Sakkizinchidan, 2019-yilda tumandagi qishloq xoʻjaligida foydalaniladigan yerlarga suvni tejovchi texnologiyalar bilan taʼminlanganlik darajasi qoniqarsiz ahvolda ekanligi, yaʼni bu sohada tumanda umuman ishlar amalga oshirilmaganligi natijasida viloyatda eng oxirgi 16-oʻrinda.

Toʻqqizinchidan, 2019-yilda eksport hajmi 3668,8 ming AQSH dollarini tashkil etib, aholi jon boshiga 26 AQSH dollarni tashkil etgan hamda viloyatda 13-oʻrinda.

Oʻninchidan, 2016-yilda mol-mulk va yer soligʻi tushumi 7,7 milliard soʻmni tashkil etgan boʻlsa, 2019-yilda tushum 12,4 milliard soʻmni tashkil etdi hamda 2016-yilga nisbatan 161 foizga oʻsgan, viloyatda 14-oʻrinni egallagan.

Shu bilan birga tumanda oxirgi bir yil ichida iqtisodiy va ijtimoiy sohalar boʻyicha qilinayotgan ishlar koʻlami oshgan. Xususan, yangi ishlab chiqarish subyektlarini tashkil etish, aholi bandligini taʼminlash borasida yangi loyihalar boshlangan.

Joriy yil yakunigacha tumanda qiymati 206 milliard soʻmlik 21 ta sanoat ishlab chiqarish loyihalari ishga tushirilishi va hududiy sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi oʻtgan yilga nisbatan 109,9 foizga oʻsishi kutilmoqda.

Shuningdek, tumandagi 3 ta korxonani eksport faoliyatiga jalb etish evaziga yil yakunigacha jami 6060,0 ming AQSH dollari miqdoridagi mahsulotlarni eksport qilish rejalashtirilgan (hozirgacha 2905,0 ming AQSH dollarlik eksport qilingan).

2020-yil yakuni bilan jami 325 milliard soʻmlik investitsiyalar oʻzlashtiriladi. Uning 80 milliard soʻmini toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va davlat kafolati ostida boʻlmagan xorijiy kredit mablagʻlari tashkil etadi.

Paxtachi tumani “qoniqarsiz” roʻyxatga tushib qolishiga qanday salbiy omillar taʼsir etmoqda?

Aholi, asosan, qishloq xoʻjaligi bilan band etilgan. Bugungi kunda takroriy murojaatlar tahlil qilib, koʻrilganida fuqarolar tomonidan yoʻllanayotgan murojaatlarning mazmuni asosan ishga joylashishdan iborat ekanligini koʻrish mumkin. Murojaat etganlarning aksariyat qismi xotin-qizlarni tashkil etadi.

Bu borada birinchi navbatda yangi ish oʻrinlarini yaratish, buning uchun 2020-2021-yillarga moʻljallangan hududiy investitsiya dasturiga muvofiq amalga oshirilishi rejalashtirilgan umumiy qiymati 664 hisobidan soʻmlik jami 98 ta investitsiya loyihalarini ishga tushirish, 1569 ta yangi ish oʻrinlarini yaratilishini taʼminlash hamda aholini, ayniqsa xotin-qizlar va yoshlarni doimiy ish oʻrinlariga ega boʻlishlarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Shuningdek, tumanning eksport salohiyatini oshirish borasida «Ziyovuddin silk» MCHJ, «Paxtachi yogʻ rodnik» MCHJ, «Jamshidjon universal savdo» MCHJ va shu kabi sanoat korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarning asosiy qismi eksportga yoʻnaltirib, 2019-yilda jami 3686,8 ming AQSH dollar miqdorida eksport amalga oshirilgan. 2020-yil yakuni bilan 6060,0 ming AQSH dollariga bajarish, oʻtgan yilga nisbatan 164,3 foizga oʻsishini, aholi jon boshiga 42 AQSH dollaridan toʻgʻri kelishini taʼminlash rejalashtirilgan.

Paxtachi tumani geografik joylashuvi jihatidan ijtimoiy-iqtisodiy va qishloq xoʻjaligini rivojlantirish uchun qulay hudud, bundan tashqari tuman yer osti va yer usti tabiiy boyliklariga boy boʻlgan hudud hisoblanadi. Tumanda temir yoʻl masofasi ishlab chiqarish maydonlarini kesib oʻtganligi, Ziyovuddin temir yoʻl stansiyasining mavjudligi, M-37 magistral yoʻlining 34 kilometr masofasi tuman boʻylab kesib oʻtganligi, (CARGO) Navoiy yuk tashish logistikasi tuman markazigacha 40 kilometr masofada joylashganligi, yuqori bosimli magistral gaz tarmogʻining mavjudligi, “Suvli” elektrostansiyasining mavjudligi, Qarnabota va Qizbuvi togʻlarida yer osti qazilma boyliklari zaxirasining mavjudligi alohida ahamiyatga ega. Sanab oʻtilgan qulayliklar bugungi kunda investorlarni jalb qilish va ularga oʻz loyihalarini amalga oshirish uchun yetarlicha imkoniyat, deb bemalol aytish mumkin.

Tumanda aholi bandligini taʼminlash hamda sanoat ishlab chiqarish hajmini kengaytirish maqsadida tumanning Sh.Qahhorov massivida 20 gektar maydonda sanoat klasteri tashkil etiladi, ushbu klaster negizida bir qancha tadbirkorlikni rivojlantirish uchun loyihalar amalga oshiriladi.

Birinchidan, 2020-yil yakuniga qadar yangi tashkil etilgan pillachilik klasteri “Ziyovuddin silk” MCHJ tomonidan umumiy qiymati 5000,0 million soʻmlik 400 tonna pillani qayta ishlash loyihasi amalga oshiriladi. Natijasida 100 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi va yiliga eng kami 3 million dollarlik mahsulot eksportga yoʻnaltiriladi.

Ikkinchidan, 2021-yil 1-iyulgacha “Paxtachi klaster” MCHJ tomonidan umumiy qiymati 50 milliard soʻmlik paxta tolasidan mato ishlab chiqarish va texnik chigitni qayta ishlash loyihasi amalga oshiriladi, natijada 300 dan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

Uchinchidan, 2020-2021-yillarda “SFX GLAS SAMARQAND” MCHJ tomonidan umumiy qiymati 412 milliard soʻmlik kvars qumini qazib olish, qumni qayta ishlash va import oʻrnini bosuvchi hamda eksportbop oyna mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi. Natijada 350 ta yangi ish oʻrinlari yaratishga erishiladi hamda 20 million dollar investitsiya kiritiladi.

Toʻrtinchidan, Samarqand shahrida 2019-yil 22-23-noyabr kunlari boʻlib oʻtgan 1-Xalqaro “Invest in Samarkand” Investitsion forumida Samarqand viloyati hokimligi hamda Shveysariya davlatining “PariSA” korxonasi oʻrtasida memorandum imzolangan boʻlib, mazkur korxona tomonidan bugungi kunda Paxtachi tumani hududidan 80 gektar yer maydoni tanlab olinib, boshlangʻich moliyalashtirish mablagʻlari uchun 150 ming AQSH dollari miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya kiritilgan.

Ushbu mahsulot sanoat va togʻ kon sanoatida portlovchi vosita sifatida foydalaniladi. Mahsulotning Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan turlari, yaʼni «Gʻovakli» (yiliga 200 ming tonna), “sariq suv oʻtkazmaydigan donador” (50 ming tonna) va silliq TNA “A” (200 ming tonna) ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.

Shundan 250 ming tonna mahsulot ichki bozorga sotilib, import oʻrnini egallaydi va valyuta tejalishiga erishiladi, qolgan 200 ming tonna mahsulot chet davlatlarga eksport qilinishi belgilangan.

Loyihaning ishga tushish muddati 2020-2025-yillarga belgilangan. Bundan tashqari tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida 2020-2021-yillarga moʻljallangan hududiy investitsiya dasturi doirasida umumiy qiymati 606 milliard soʻmlik 77 ta loyiha amalga oshiriladi.

Natijada 1388 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

Shuningdek, 2019-yilda mol-mulk va yer soligʻining undirilishi 
6984,0 million soʻmni tashkil etgan boʻlsa, bu koʻrsatkich 2020-yilda 
7956,0 million soʻmga yoki 114 foiz oʻsishiga erishiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 16-martdagi PQ-3607-sonli qaroriga asosan Samarqand viloyati Paxtachi tumanining «Fay» mahallasi hududidan kichik sanoat zonasini tashkil oʻtish boʻyicha 5,56 gektar yer ajratilgan.

Natijada ushbu KSZga jami 10 ta loyiha joylashtirilgan boʻlib, 
bugungi kunda 3 ta loyiha ishga tushirilgan. Qolgan 7 ta loyihada qurilish ishlari olib borilmoqda hamda 2020-yilning 4-chorak yakuniga qadar ishga tushirilishi belgilangan.

Jumladan, tumanda qishloq xoʻjalik sohasini rivojlantirish boʻyicha 2020-2021-yillarda ishga tushishi rejalashtirilgan 51 ta umumiy qiymati 302,3 milliard soʻmlik, loyihalar shakllantirilgan boʻlib, buning natijasida 742 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi. Shundan joriy yil yakuniga qadar 19 ta loyiha amalga oshirilib, 106 nafar yangi ish oʻrinlari tashkil etiladi.

Sessiyada tuman aholisining turmush tarzini yaxshilash borasida bir qator ishlarni amalga oshirish uchun vazifalar belgilab olindi.

Jumladan, tuman aholisini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash maqsadida davlat dasturi asosida 46,6 kilometr ichimlik suv tarmoqlari hamda boshqa manbalardan 25,3 kilometr jami 71,9 kilometr toza ichimlik suvi tarmoqlari tortiladi.

Bugungi kunda tumanda 129 ta maktabgacha taʼlim tashkilotlari mavjud boʻlib, shundan 41 ta davlat bogʻchasi, 87 ta oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari hamda 1 ta davlat xususiy sherikchiligi bogʻchasi mavjud. Bogʻcha yoshdagi bolalarni qamrab olish darajasi 2019-yilda 43 foizni tashkil qilgan boʻlsa, joriy yilning yakuniga qadar bu koʻrsatkich 63 foizga yetkaziladi.

Yil yakuniga qadar 4 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti investitsiya dasturi asosida rekonstruksiya qilinadi. Shuningdek, 10 ta maktabgacha taʼlim tashkilotlari joriy taʼmirdan chiqariladi.

Tumanda 47 ta maktab mavjud boʻlib, ularda 25500 nafar oʻquvchilar tahsil olmoqda hamda ushbu maktablarda jami 2239 nafar pedagog xodimlar oʻquvchilarga taʼlim berib kelmoqda. Joriy yilda mazkur maktablarda 1939 nafar oʻquvchi maktabni tugatdi. Oliy oʻquv yurtlariga oʻqishni davom ettirish uchun hujjat topshirganlar 1881 nafarni tashkil etadi. Oliy oʻquv yurtlariga qabul qilingan oʻquvchilar 276 nafar boʻlib, bu koʻrsatkich jami bitiruvchilarning 14,2 foizini tashkil etmoqda.

Tumanda 1 ta markaziy shifoxona, 3 ta QOP, 8 ta QVP, 1 ta DSEOM, 1 ta Stomatologiya DUK mavjud. Ushbu tibbiyot sohasida faoliyat yuritayotgan vrachlar soni - 166 nafar, oʻrta tibbiyot xodimlari soni - 836 nafar, boshqa xodimlar - 146 nafarni tashkil etmoqda.

Tumanda “Obod qishloq” dasturiga asosan Burqut qishlogʻida 
50 qatnovga moʻljallangan “Burqut” qishloq vrachlik punkti (950 million soʻm) hamda Suluv (Taraqqiyot) qishlogʻida 75 qatnovga moʻljallangan Qurbon Rajabov qishloq vrachlik punkti (670 million soʻm) binolarida kapital rekonstruksiya ishlari olib borilib foydalanishga topshirildi va barcha tibbiy jihozlar bilan taʼminlandi.

Ziyovuddin shaharchasida 100 qatnovga moʻljallangan investitsiya dasturi asosida 2 milliard 550 million soʻmlik oilaviy poliklinika 
ham joriy yilning dekabr oyigacha foydalanishga topshiriladi.

Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?