Paxta topshirishdagi koʻzboʻyamachilik fosh etildi

10:57 08 Noyabr 2018 Jamiyat
964 0

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan Namangan viloyatining Pop tumanidagi “Pop paxta tozalash” AJ mansabdor va moddiy javobgar shaxslarining jinoiy rejalariga nuqta qoʻyildi. Bu haqda “Xalq soʻzi“ muxbiri xabar berdi.

Oʻtkazilgan tezkor tadbirda paxta topshirish maskani brigadiri Furqat Rahimov “Shamsiddin-Dildora” fermer xoʻjaligida terilgan paxta xom ashyosi ostiga yashirilgan 1 tonna tuproq hamda qumni oʻtkazib berish evaziga Shuhrat Usmonovdan 300 AQSH dollari va 400 ming soʻm olib, qum hamda tuproqni jamiyat hududiga tushirib chiqqan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.

Shuningdek, tezkor tadbir jarayonida tumandagi “Oltin zamin Rasul” va “Abdurashid ota T” fermer xoʻjaliklarining paxta xom ashyolari olib kelingan transport vositalari har birida polietilen qoplarda boʻlgan 1 tonnadan tuproq va qum borligi aniqlandi. Umuman, uchta fermer xoʻjaligi tomonidan 3 tonna qum va tuproq shu kuni sotilgan 9 694,7 ming soʻmlik paxta xom ashyosi oʻrniga oʻtkazilgani ayon boʻldi.

Bu hali hammasi emas, jamiyat hududidagi 27-buntning ichida tuproq uyumlari bor boʻlib, paxta saqlash maydonchasida mavjud xom ashyo 1-navga mansubligi va uning ichiga 1,8 tonna tuproq aralashtirib yuborilgani fosh etildi. Mazkur almashtirib qoʻyilgan tuproq uchun davlatdan 6 million 313 ming soʻm pul olingan.

Yuqoridagi holat yuzasidan “Pop paxta tozalash” AJ qoshidagi PTM brigadiri Furqat Rahimov va jamiyatning boshqa mansabdor hamda moddiy javobgar shaxslariga nisbatan JKning 167-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Ana shu kabi ayrim fuqarolar iqtisodiyotimiz uchun muhim boʻlgan paxta hosilidan choʻntakni toʻldirish, oʻz nafsini qondirish manbai sifatida foydalanayotgani achinarli hol, albatta. Holbuki, bunday jinoyatlarni sodir etgan yoki shunga uringan shaxslar, albatta, qonun oldida javob beradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?