Paxta terimi vaqtida majburiy mehnatga yoʻl qoʻygan mansabdorlar lavozimidan ozod qilinadi

09:55 10 Sentyabr 2018 Jamiyat
461 0

Paxta mavsumida 200 nafar profilaktika inspektori majburiy mehnatga qarshi kurashadi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida oʻtkazilgan “Oʻzbekiston Respublikasi hududida majburiy mehnatga qarshi olib borilayotgan chora-tadbirlar” mavzusidagi matbuot anjumanida maʻlum qilindi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sh.Kudbiyev va boshqalar kutilayotgan paxta yigʻim-terimi bilan bogʻliq tashkiliy masalalar ustuvor vazifalardan biri ekani va mavsumda fuqarolarni majburan paxta dalalariga olib chiqish holatlarining oldini olish boʻyicha tegishli chora-tadbirlar koʻrilayotgani, bunda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etayotganini taʻkidladi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi majburiy mehnatga qarshi kurashish maqsadida maxsus ishonch tarmoqlarini ishga tushirmoqda. Endilikda majburiy mehnatga jalb qilish holatlari kuzatilganda vazirlikning @mehnathuquqbot telegram tarmogʻiga xabar yoʻllash yoki 200-06-01 telefon raqamlariga qoʻngʻiroq qilish mumkin. Har bir murojaat boʻyicha tezkor chora-tadbir koʻriladi. Bundan tashqari, paxta yigʻim-terimida majburiy mehnatga yoʻl qoʻymaslik va ixtiyoriy ravishda paxta terimiga chiqish istagida boʻlgan fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini taʻminlash uchun @terimuzbot telegram tarmogʻi hamda terim.uz sayti faollashtirildi.

– Majburiy mehnatga jalb qilish holati kuzatilganda fuqarolar yuqoridagi telegram tarmogʻi orqali ism-sharifini koʻrsatmasdan faqat telefon raqamini kiritgan holda manzillari va voqea holatini aks ettirgan holda murojaatni yoʻllash mumkin, – dedi Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sh.Kudbiyev. – Shundan soʻng, kelib tushgan murojaat tegishli tartibda oʻrganiladi va huquqbuzarlik aniqlansa, majburiy mehnatga yoʻl qoʻygan shaxsga nisbatan chora koʻrilib, lavozimidan ozod etiladi. Bundan tashqari joriy paxta mavsumida respublika boʻyicha 200 nafar profilaktika inspektori majburiy mehnatga qarshi kurashadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?