Paxta terimi uchun toʻlov miqdori maʼlum qilindi

14:55 05 Sentyabr 2018 Jamiyat
673 0

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov 5 sentyabr kuni Vazirlar Mahkamasida boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida paxta terimi vaqtida 1 kg uchun toʻlanadigan haq miqdorini maʼlum qildi.

Bekzod Shukurovning Facebookʼdagi sahifasida yozishicha, paxtaning 1 kg narxi uchun mavsumga qarab ming soʻmgacha, aholi kam boʻlgan ayrim tumanlarda esa 1 300 soʻmgacha haq toʻlanadi.

Paxta terimi toʻliq bozor munosabatlari asosida amalga oshirilishi aytib oʻtilgan. Shuningdek paxta terimi vaqtida majburiy mehnatga qatʼiy tartibda yoʻl qoʻyilmasligi alohida taʼkidlab oʻtilgan.

Aholi kam boʻlgan hududlar uchun alohida tartib belgilanib, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlarining barcha tumanlarida, shuningdek Qashqadaryo viloyatining Koson, Muborak, Nishon va Kasbi, Surxondaryo viloyatining Qiziriq va Muzrabot tumanlarida qoʻlda terilgan bir kilogramm paxta uchun qoʻshimcha 150 soʻm, oziq-ovqat xarajatlariga 150 soʻm, jami 300 soʻm ustama haqi toʻlanishi belgilangan.

Ushbu mablagʻlar Moliya vazirligi huzuridagi qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tomonidan taʼminlanadi. Shu maqsadda jamgʻarmadan 246 mlrd. 404 mln. soʻm ajratilishi rejalashtirilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?