Paxta sotishdagi erkinlik fermer va dehqonlarimiz manfaatlari toʻliq taʼminlanishiga xizmat qiladi

09:54 11 Mart 2020 Jamiyat
416 0

Davlatimiz rahbari ­tomonidan 2020-yil 6-mart kuni imzolangan “Paxtachilik sohasida bozor tamo­yillarini keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror agrar sohada uzoq yillar davomida saqlanib kelayotgan stereotiplarni tubdan oʻzgartiradigan, xalqona qilib aytganda, bobodehqonlarimizning birini ikki qiladigan, kosasini oqartiradigan tarixiy hujjat boʻldi. Binobarin, bu or­qali soʻnggi yuz yillikda dehqonlarning oyogʻiga tushov boʻlib kelgan paxta boʻyicha davlat buyurtmasi bekor qilindi, sohaga butunlay yangicha yondashuvlar kiritilib, amaliy harakatlarga yoʻl ochildi.

Bu hujjat, birinchi ­navbatda, Oʻzbekistonda chinakamiga bozor iqtisodiyoti qaror topayotganini anglatadi. Ikkinchidan, fermerlar faoliyatida tub burilish yasaydi. Yaʼni ularda iqtisodiy manfaatdorlik hissi oshib, endilikda yer egalari mahsulot ishlab ­chiqarishda ham, narxlarni shakllantirishda ham bozor sharoitidan kelib chiqadi. Yana bir muhim tomoni, ­davlat buyurtmasining bekor boʻlishi qishloq xoʻjaligining jozibadorligini oshirib, tarmoqqa katta miqdorda investitsiyalar oqimi kirib kelishiga zamin yaratadi. Shu bilan birga, bu tarixiy oʻzgarishlar davlatning tarmoqqa aralashuvini ka­maytiradi. Natijada hokimlarning reja ortidan quvish, qoʻshib yozishlar, ajratilayotgan resurslardan maqsadsiz foydalanish yoki odamlarni majburiy mehnatga jalb qilish kabi holatlarga oʻrin qolmaydi.

Prezidentimiz qarori bilan mamlakatimizda paxta­ xom ashyosi yetishtirish, xarid qilish va ­sotishda erkin raqobatni taʼminlaydigan bozor tamoyillarini joriy etish hamda ushbu yoʻnalishda fermer xoʻjaliklari manfaatdorligini oshirishning yangi mexanizmlari belgilab berildi. Jumladan, 2020-yil hosilidan boshlab, davlat tomonidan paxta xom ashyosi ­ishlab ­chiqarish va sotish rejasini belgilash amaliyoti bekor qilinadi. Paxta xom ashyosining xarid narxini belgilash amaliyotidan voz kechiladi. Paxta xom ashyosi yetishtiruvchilarga rayonlashtirilgan navlarni erkin tanlash huquqi beriladi. Sertifikatlangan urugʻlik yetkazib berish saqlab qolinadi hamda bosqichma-bosqich Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Urugʻchilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi urugʻchilik klasterlari va paxta-toʻqimachilik klasterlari ­zimmasiga yuklatiladi.

Aytish joizki, yurtimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy etilgan klaster tizimi oxirgi uch yillikning eng muhim oʻzgarishlaridan biri boʻldi. Eʼtiborlisi, bu yangicha yondashuv qisqa muddat ichida agrar sohani jadal rivojlantirishning lokomotiviga aylandi.

Tahlillarga koʻra, 2019-yilda ­paxta hosilining 73 foizi aynan paxta-toʻqimachilik klasterlari hissasiga toʻgʻri kelgan. Ularda anʼanaviy ekin yerlariga nisbatan oʻrtacha 4,1 sentner yuqori hosil olingan. Jumladan,
13 ta klasterda hosildorlik 2018-yildagiga qaraganda 1,5 barobar, 4 ta klasterda 2 barobar oʻsgan. Ushbu tizim asosida yurtimizning 40 tumanida paxta yetishtirish borasida oxirgi oʻn yildagi eng yuqori koʻrsatkich qayd etildi. Bundan paxtachilikdagi yangi yoʻnalish qanchalik samarali ekanini anglash qiyin emas. ­Joriy yilda esa paxta-toʻqimachilik klasterlari soni
88 taga yetkazilib, ular umumiy paxta maydonining 87 foizini qamrab oladi.

Qarordagi muhim yangiliklardan yana biri — endi yurtimizda paxta-toʻqimachilik klasterlari tashkil etilmagan 173 ming gektar paxta maydonida fermerlar ishtirokida kooperatsiyalar ­faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Yaʼni fermerlarning ixtiyoriy ­kooperatsiyalari hududlardagi paxta tozalash korxonalari negizida tashkil etiladi. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlariga muvofiq tashkil etilgan paxta-toʻqimachilik klasterlariga berilgan imtiyozlar paxta xom ashyosini yetishtiruvchi va qayta ishlovchi kooperatsiyalar uchun ham tatbiq qilinadi. Bu bilan respublikamiz paxta-toʻqimachilik sohasida ­klasterlar ­monopoliyasining oldi olinadi.

Paxta narxi qanday belgilanadi? Ishlab chiqaruvchilar qancha daromad qilishini oldindan bilishi mumkinmi? Avvallari respublikada ishlab chiqarilgan paxta tolasi uchun birjada boshlangʻich narx shakllanishida amalda qoʻllanilayotgan 10 foiz miqdoridagi chegirma bekor qilinadi. Jahonbozori tahlilidan kelib ­chiqib, har yili 1-dekabrga qadar ­kelgusi yil hosili uchun kutilayotgan minimal narx­lar eʼlon qilinadi. ­Bozorlardagi narx­lar oʻzgarsa, har chorakda ushbu ­narxga tuzatishlar ­kiritilishi mumkin.

Bundan tashqari, paxta yetishtirishni moliyalashtirishning amaldagi tizimi ham zamon talablariga, umuman, javob bermaydi. Shu bois fermer xoʻjaliklari, paxta-toʻqimachilik klas­terlari, kooperatsiyalar va Urugʻchilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi elita urugʻchilik xoʻjalik­lari tomonidan paxta xom ashyosi yetishtirishni davlat tomonidan moliyaviy qoʻllab-quvvatlashning yangi mexanizmlari yoʻlga qoʻyiladi. Yaʼni 2020-yilning
15-martidan boshlab, tijorat banklari tomonidan Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 12 oy muddatgacha yetishtiriladigan paxta xom ashyosi umumiy qiymatining 50 foizigacha boʻlgan miqdorida moliyalashtirilganda, yillik 8 foiz, 60 foizigacha boʻlgan miqdorda moliyalashtirganda, yillik 10 foiz stavkadan oshmagan miqdorda kreditlar ajratiladi.

Shuningdek, fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalari yetishtirgan paxta xom ashyosini xarid qilish hamda paxta yigʻim-­terimi xarajatlarini moliyalashtirish uchun paxta-toʻqimachilik klasterlari va kooperatsiyalarga tijorat banklari tomonidan 12 oy muddatgacha kreditlar beriladi. Bunda milliy valyutada ajratiladigan tijorat kreditlari foiz stavkasining Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining asosiy stavkasidan oshadigan, lekin 10 foiz ­punktidan koʻp boʻlmagan qismini, ­xorijiy valyutada ajratiladigan ­kerditlar boʻyicha tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 30 foizigacha, lekin 3 foiz punktidan koʻp boʻlmagan qismini qoplash uchun ­Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi ­hisobidan kompensatsiya beriladi.

Qisqasi, mamlakatimiz qishloq xoʻjaligida yangi davr boshlanmoqda. Davlatimiz rahbari qarori bilan joriy etilayotgan zamonaviy mexanizmlar agrar sohadagi unumdorlik, demakki, manfaatdorlik, tarmoqda mehnat qilayotgan millionlab insonlarning turmushiga yorugʻlik, farovonlik olib kirishi, shubhasiz.

Shuhrat TESHAYEV,

qishloq xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari:

— Avvalambor, aytish kerakki, bu — ­tarixiy qaror. Sababi, u tufayli yuz yillar davomida yaratilgan tizim inkor qilinib, soha butkul bozor tamoyiliga oʻtmoqda. Shu maʼnoda, uni fermerlarning koʻp yillik ­orzusining roʻyobi, desak, boʻladi.

Belgilangan vazifalardan kelib chiqib, dastlabki ishlar boshlab yuborilgan. Birinchi navbatda, Urugʻchilikni rivojlantirish markazi qoshida 53 ta elita urugʻchilik xoʻjaligi tashkil qilindi. Joriy yildan boshlab ushbu elita urugʻchilik xoʻjaliklarida gʻalla, paxta va boshqa qishloq xoʻjalik ekinlarining original, kafolatlangan urugʻlari ishlab chiqiladi hamda ular fermerlarga, kooperatsiyalarga, paxta-toʻqimachilik klasterlariga yetkazib beriladi.

Bundan tashqari, fermer oʻzi yetishti­rayotgan paxta xom ashyosining chigit ekmasdan oldin narxi qancha ekanligini bilib boradi va shunga qarab agrotexnik tadbirlarni bajaradi, faoliyatida yuqori texnologiyalarni qoʻllashga moyilligi ortadi. Masalan, oʻtgan yilda sugʻorishda innovatsion texnologiyalarni joriy qilgan fermer xoʻjaliklarimiz yuqori daromad olishdi. Yaʼni 11,5 ming gektar paxta maydoniga tomchilatib sugʻorish tizimi joriy qilindi va ularni qoʻllagan fermerlarning hech biri 40 sentnerdan kam hosil olgani yoʻq. Hattoki, koʻrsatkich 70 sentnerga ham yetdi.

Murtazo RAHMATOV,

paxta-toʻqimachilik klasteri rahbari:

— Koʻp yillardan buyon paxta, gʻalla yetishtirib kelamiz. Lekin har bir qishloq mehnatchisi, har bir fermer, har bir klaster manfaatini koʻzlab qabul qilingan qarorlar juda kam. Bu hujjat, haqiqatan ham, inqilobiy qaror hisoblanadi.

Xoʻsh, uning mohiyati nimada? Mazkur hujjat mamlakatimiz qishloq xoʻjaligida ishlab chiqarishni tashkil etish va boshqarishni xalqaro standartlarga koʻtarish, paxtani yetishtirish, xarid qilish hamda sotishda davlat aralashuvini cheklash bilan qishloq xoʻjaligiga koʻproq investitsiyalarni jalb qilish, shu sohada mehnat qilayotganlarning ­manfaatdorligini oshirish, turmush tarzini yaxshilashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Sergey ZORYA,

Jahon bankining qishloq xoʻjaligi boʻyicha yetakchi iqtisodchisi:

— Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligini rivojlantirishga xizmat qiluvchi juda muhim qaror qabul qilindi. Negaki, bu bilan koʻp yillardan beri Oʻzbekistondagi mavjud tizim, paxta boʻyicha davlat rejalashtiruviga barham berildi. Eng asosiysi, fermerga erkin ishlab chiqaruvchi boʻlish uchun sharoit yaratilyapti.

Mazkur qarorning ikkinchi ustunligi shundaki, paxta ­terimi mavsumida majburiy mehnatdan foydalanish ­holatlariga chek qoʻyilmoqda. Shuningdek, ushbu hujjat ­toʻqimachilik sanoatini rivojlantirishga ham poydevor boʻlib xizmat qiladi.

Jahon banki Oʻzbekiston hukumati, fermerlar va ­boshqa bozor ishtirokchilari bilan mazkur qarorni hayotga tatbiq etishda hamkorlik qilishga tayyor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?