Paxta mavsumining navbatdagi avtomobillari ham oʻz egalariga topshirildi

11:28 07 Oktyabr 2019 Jamiyat
106 0

“XALQ SOʻZI ONLINE”. Saminjon Husanov/Andijon. Andijon viloyat hokimligi tomonidan paxtakorlarni qoʻllab-quvvatlash, moddiy va maʼnaviy jihatdan ragʻbatlantirish tadbirlari davom etmoqda. Jumladan, mavsumda jonbozlik koʻrsatayotgan paxtakorlarga avtomobil topshirish tadbirlari kundan-kunga quloch yoymoqda. Xoʻjaobod tumanidagi “Zokirjon ota” fermer xoʻjaligida boʻlgan viloyat rahbari Shuhrat Abdurahmonov ilgʻor terimchilarni qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirladi. Tan olish kerak, paxta hosilini yetishtirguncha kechayu kunduz samarali mehnat qilayotganlar bor. Ana shulardan biri Olimjon aka Toshmatov 20 yildirki, suvchilik bilan mashgʻul. Unga “Kobalt” avtomobilining topshirilishi haqiqatdan ham kutilmagan voqea boʻldi.

-Viloyat hokimi dalamizga kelganida turmush oʻrtogʻim bilan boshqa maydonda paxta terayotgandim,-deydi Olimjon aka Toshmatov. –Menga mashina sovgʻa qilmoqchi ekanligini eshitib, umuman ishonmadim. Axir, shu paytgacha suvchini hech kim yoʻqlamagandi-da...

Marhamat tumanidagi paxtakorlar xolidan xabar olib, ularga dalda boʻlgan viloyat rahbari bu safar “Marhamatlik ota” fermer xoʻjaligida olib borilayotgan ishlarga yuqori baho berdi. Odiljon Egamberdiyev boshchiligidagi ushbu xoʻjalik aʼzolari bu yil adirlikdagi hosil yetishtirish uchun noqulay boʻlgan 55 gektar maydonga urugʻ qadab, shu kungacha samarali mehnat qildilar. Birdamlikda tashkillashtirilgan mehnat samarasi tufayli 130 tonna xom ashyo yigʻib olib, shartnomaviy rejani ortigʻi bilan bajargan fermer xoʻjaligi rahbari shu kuni “Neksiya-3” avtomobili sohibiga aylandi.

Kezi kelganda aytish joiz, bu yil Andijon viloyatida paxta terish mavsumiga byudjet tashkilotlari jalb etilmadi va “majburiy mehnat” bilan bogʻliq holatlar kuzatilmadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?