Paxta maydonlari 215 ming gektar qisqartirildi. Nega?

15:13 03 May 2018 Iqtisodiyot
1671 0

Fermerlarga zarar keltiradigan, hosildorligi past yerlarga yuqori daromadli va eksportbop ekinlar ekiladi.

Prezidentimiz yaqinda Sirdaryo viloyati faollari yig‘ilishida paxtachilik masalasiga to‘xtalib, “Bo‘lsa-bo‘lmasa paxta ekaverish, uni arzon narxda xom ashyo sifatida sotish — iqtisodiyotni tushunmaslik. Endi paxtani faqat rentabelligi bor joylarda ekamiz”, deya alohida ta’kidladi.

Davralarda jahon iqtisodiyoti, olis-yaqin davlatlardagi bugungi ahvol haqida o‘zaro bahs-munozara ketsa, biz, albatta, xalqimiz paxtakor ekanligidan g‘ururlanamiz. “Oq oltin” yetishtirishu uning eksporti bo‘yicha oldingi saflardaligimizni aytib maqtanishga odatlanganmiz.

Chindan ham, xalqimiz mirishkor. Dehqonchilikning hadisini olgan. Buyog‘ini so‘rasangiz, eng katta maydonlarda g‘o‘za o‘stirgan ham, rekord darajada hosil yiqqan ham o‘zimiz. Biroq undan qanday naf ko‘rdik? Ko‘klamdan to kuzakkacha daladan beri kelmagan dehqon, uni bittalab yig‘ib-terib olgan qishloq ahli, birlamchi qayta ishlagan sanoatchi qancha daromad oldi?

Ochig‘i, hech qancha. Paxtaga siyosiy ekin tusi berilgan vaqtlar ortda qolib, unga strategik xom ashyo degan nisbat begonalashgan istiqlol yillarida ushbu tarmoqning foyda-ziyonini amalda his qildik. Muhimi, islohotlarning yangi bosqichida agrar soha faqatgina paxtachilikdan iborat emasligini chuqurroq anglayapmiz.

Hozirgi bozor iqtisodiyoti sharoiti ishga bo‘lgan talabni, masalaga munosabatni tamomila o‘zgartirdi-da. Tafakkur uyg‘ondi. Binobarin, bunday evrilishlardan agrar soha ham chetda qolayotgani yo‘q. U tubdan modernizatsiya qilinib, ekin yerlari maqbullashtirilayapti. Natijada asl dehqonchilik madaniyati qayta tiklanayapti.
Buni paxta maydonlari yil sayin qisqartirilib, ularning o‘rniga oziq-ovqat va ozuqabop ekinlar joylashtirilayotgani, yangi bog‘-rog‘lar barpo etilayotgani misolida yaqqol ko‘rish mumkin. Zero, bugungi shiddatli islohotlar qo‘yayotgan talab shu: tashqi bozorda qaysi mahsulotga talab yuqori bo‘lsa, o‘shani ek. Daromad ko‘r. Ro‘zg‘oring baraka ko‘rsin. Mehnatingdan davlat ham manfaat topsin.

Iqtisodiyotni tushunmaslikning ayanchli oqibati
Qishloq xo‘jaligi vazirligidan ma’lum qilishlaricha, oxirgi uch yilda paxta ekiladigan maydonlar qariyb 215 ming gektar qisqartirilgani agrar sohani diversifikatsiyalashda ulkan qadam bo‘ldi. Butun boshli tumanlarda esa umuman chigit ekilmayotgani, ta’bir joiz bo‘lsa, tarmoqda chinakam yangilanishlar davri kechayotganidan dalolat.

Darhaqiqat, ayni paytda Kitob, Asaka, Urgut, Bulung‘ur, Jomboy, Zangiota, Bo‘stonliq, Qibray, Parkent singari 30 dan ziyod tumanlar paxta yetishtirishdan xalos etilgan. Tabiati, iqlimi meva-sabzavotchilik uchun juda mos bo‘lgan mazkur hududlarda uzum, meva-sabzavot, poliz va kartoshka yetishtirilib, ichki bozor servitamin ne’matlar bilan to‘ldirilayapti, katta qismi esa eksportga chiqarilmoqda.

Bir paytlar shafqatsizlarcha kesib tashlangan necha yuz ming gektarlik ko‘rkam va serhosil bog‘-rog‘lar, salqini orombaxsh yong‘oqzorlaru bodomzorlar qayta tiklanayapti. Shudgorlab tashlangan sabzavot-poliz paykallariga yerning jonini sug‘urib oladigan emas, balki darmon bo‘ladigan, quvvat bag‘ishlaydigan ekinlar ekilayapti. Oddiy hayot haqiqati shuki, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash dunyo afkor ommasining birlamchi tashvishiga aylangan ayni sharoitda O‘zbekistonning shirin-shakar meva-sabzavotlari paxta xom ashyosidan ko‘ra ko‘proq foyda keltiradi.

Shu haqda mulohaza qilganda, davlatimiz rahbarining kuyinchaklik bilan qayta-qayta murojaat qilayotgan masala — paxta maydonlarini qisqartirish borasidagi islohotlar mazmun-mohiyatini anglagandek bo‘lasan, kishi.

Prezidentimiz yaqinda Sirdaryo viloyati faollari yig‘ilishida ushbu mavzuga yana to‘xtalib, jumladan, shunday dedi: “Bo‘lsa-bo‘lmasa paxta ekaverish, uni arzon narxda xom ashyo sifatida sotish — iqtisodiyotni tushunmaslik. Endi paxtani faqat rentabelligi bor joylarda ekamiz”.

Davlatimiz rahbarining mazkur tashrifidan so‘ng birgina Sirdaryo viloyatida paxta maydonlari 20 ming gektar qisqartirilganini alohida qayd etish zarur. Ushbu joyga hudud uchun yangi, ayni paytda o‘ta daromadli hisoblangan ziroat turlari joylashtirilayapti. Shu jumladan, 2 ming 494 gektarga raps, kungaboqar, kunjut, soya kabi moyli ekinlar, 3 ming 232 gektarga achchiq qalampir, salat bargi, barokko karami singari sabzavotlar, 5,3 ming gektarga no‘xat, mosh, loviya kabi dukkaklilar, 1,7 ming gektarga dorivor o‘simliklar ekilayotir. Bundan tashqari, salkam 1,5 ming gektarda anorzor, 118 gektar intensiv bog‘, 1,9 ming gektarda tokzor barpo qilinmoqda. Qolgan qismida esa kartoshka, poliz, ozuqa va boshqa ekinlar parvarishlanishi belgilangan. Bu esa aholi dasturxonini noz-ne’matlar bilan to‘ldirish barobarida, hudud eksport salohiyatini oshirishda ayni muddaodir.

— Bugun davlat tizimida, ijtimoiy, ma’naviy hayotimizda, iqtisodiyotda inqilobiy o‘zgarishlar ketayapti, — deydi O‘zbekiston Qahramoni, “Azim Shofirkon yulduzi” fermer xo‘jaligi rahbari Azim Latipov. — Shular qatorida qishloq xo‘jaligi ulkan islohotlarga yuz tutmoqda. Unumdorligi past yerlarga chigit ekilmayapti. Chunki bu na fermerga, na davlatga foyda keltiradi. Turgan-bitgani zarar. Dala-dashtli joylarga yong‘oq ek, bodom, pista o‘stir, tomorqangda bo‘sh joy qolmasin, hech bo‘lmasa, qalampir ek, deyilayapti. Buning uchun zarur sharoit ham yaratilmoqda. Dehqonchilikdagi ushbu hayotiy islohotlar qishloq xo‘jaligi ravnaqida tub burilish yasaydi, albatta.

Zarariga ishlash — vaqtini, naqdini behuda sovurish demak
Paxtaning o‘zi yengilu ishi og‘ir. Dehqonchasiga aytganda, sertashvish ekin. Suyagi dalada qotgan paxtakor fermerlarning fikricha, bu yilgidek ob-havo sharoitida chigitni yerning namiga undirish nechog‘li mashaqqatli kechayotgan bo‘lsa, ba’zida yog‘ingarchilik mo‘lligidan urug‘ chirib ketgani ham ko‘p kuzatilgan. Ayrim paytlarda endi qo‘shquloq ko‘rsatgan nihollarni do‘l va jala yer bilan yakson qilgani, oqibatda qayta mehnat, katta xarajat bilan takror urug‘ qadalgani ham bor gap.

Paxtachilikning mashaqqatli mehnatini xalqimiz yaxshi biladi. Avvaliga u yagana, so‘ng ketmonda chopiq qilinadi-da, begona o‘tlar yulinadi, yer qatqaloq bo‘lsa, tag‘in yumshatiladi, xullas, g‘o‘za qator orasiga texnika kirguniga qadar agrotexnika tadbirlari qo‘lda bajariladi.

Endi o‘zingiz o‘ylang, shuncha ter to‘kkan dehqon g‘alvir suvdan ko‘tarilgan paytda ko‘kka tikilib qolsa, foyda tugul, qilingan xarajati qoplanmasa, qo‘li ishga boradimi? Shunday ekan, nima qilmoq kerak? Savolga javobni Prezidentimiz shu yil 23 martda bo‘lib o‘tgan qishloq xo‘jaligini jadal rivojlantirish va islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha ishlar natijadorligiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ro‘yirost aytdi: “Fermerga faqat zarar olib keladigan, hosildorligi 15 sentnerdan past bo‘lgan yerlarga paxta ekishdan mutlaqo voz kechdik. Endilikda bunday maydonlarga yuqori daromadli eksportbop ekinlar ekiladi”.

Import kamaytirilib, eksport ko‘paytiriladi
Davlatimiz rahbarining 2018 yil 28 fevraldagi “Paxta xom ashyosi va boshoqli don yetishtirishni moliyalashtirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori tarmoqdagi bunday o‘zgarishlarning huquqiy kafolatidir. Unda tuproq unumdorligi past bo‘lgan, oxirgi 3 yil mobaynida kam hosil olingan yerlarda paxta yetishtirilmasligi aniq-tiniq belgilab qo‘yildi. 

Xo‘sh, mazkur hujjatning joylardagi ijrosi qanday? 

— 2018 yilda respublikamiz bo‘yicha 1 million 71 ming gektarga chigit ekilayapti, — deydi Qishloq xo‘jaligi vazirligi paxtachilik va texnika ekinlarini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari To‘xtamurod Meyliyev. — Bu paxta maydonlari o‘tgan yildagiga nisbatan salkam 135 ming gektar qisqartirildi, deganidir. Jumladan, past rentabelli, yer sharoiti va suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan qariyb 100 ming gektar maydon paxtadan bo‘shatildi. Ushbu maydonlarning 5,1 ming gektariga intensiv bog‘, 2,3 ming gektariga tokzor, 811 gektariga issiqxonalar barpo etilsa, qolgan qismiga sabzavot, poliz, dukkakli, moyli ozuqa hamda oziq-ovqat ekinlari joylashtiriladi.

Umuman olganda, joriy yilda yurtimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, eksport ko‘rsatkichlarini yaxshilash maqsadida asosiy, oraliq va takroriy maydonlarda jami 17,8 million tonna mahsulot, xususan, 7,1 million tonna sabzavot, 2,2 million tonna poliz, 95,8 ming tonna moyli, 697,8 ming tonna dukkakli mahsulotlar, shuningdek, 1,5 million tonna kartoshka hamda 6,1 million tonna qishloq xo‘jaligining boshqa mahsulotlari yetishtirish mo‘ljallangan. Buning uchun zarur yonilg‘i-moylash materiallari, mineral o‘g‘itlar, urug‘lik va boshqa moddiy resurslar hisob-kitob qilinib, o‘z vaqtida yetkazib berish chora-tadbirlari ko‘rilayapti. Bularning barchasi soha oldiga qo‘yilayotgan talab — oziq-ovqat mahsulotlari importini keskin kamaytirish, eksportni ko‘paytirishga xizmat qiladi.

Qaysi biri foydali?
Iqtisodiyot vazirligidan ma’lum qilishlaricha, 2017 yil yakunlariga ko‘ra, past rentabelli yerlarda yetishtirilgan paxtaning 1 gektaridan o‘rtacha 0,9 million so‘m daromad olingan, xolos. Holbuki, ushbu joyga ekiladigan sabzavotdan 5,2 million so‘m, kartoshkadan 5,9 million so‘m, polizdan 4,1 million so‘m, mevadan 1,8 million so‘m, uzumdan 2 million so‘m, moyli ekinlardan esa 1,2 million so‘mdan ziyod daromad olish mumkin. Bu, o‘z navbatida, aholining oziq-ovqat mahsulotlariga yildan-yilga o‘sib borayotgan talabini to‘liqroq qondirish, qayta ishlash va eksportchi korxonalarning qo‘shimcha daromad manbalarini shakllantirish imkonini beradi.
Mana, ilgari surilayotgan masalaning asl mohiyati, islohotlardan ko‘zlangan pirovard maqsad!

— Shu bois Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 apreldagi tegishli qaroriga muvofiq, Iqtisodiyot vazirligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda meva-sabzavot, uzum, poliz va dukkakli don mahsulotlari yetishtirish tannarxidan kelib chiqib, tavsiyaviy biznes-rejalar ishlab chiqdi, — deydi Iqtisodiyot vazirligi qishloq xo‘jaligida tuzilmaviy o‘zgartishlar boshqarmasi boshlig‘i Hasan Mamarasulov. — Bunda 1 gektar maydonda ekin yetishtirish, amalga oshiriladigan agrotexnika tadbirlari va moddiy-texnika resurslari, mehnat sarfi, soliq hamda boshqa xarajatlar hisob-kitobi to‘liq qamrab olingan. Unga ko‘ra, 1 gektar maydonda sabzavot ekinlarini parvarishlash xarajati 12,8 million so‘m bo‘lib, hosildorlik o‘rtacha 220 sentnerni tashkil etsa, olinadigan jami 22 tonna mahsulotning 1 tonnasi tannarxi 583 ming so‘mga tushadi. Yetishtirilgan mahsulot o‘rtacha 800 ming so‘mdan sotilgan taqdirda jami daromad 17,6 million so‘m, shundan sof foyda 4,8 million so‘mga yetadi, rentabellik esa 37 foizga ta’minlanadi.

Past rentabelli paxta maydonlarining maqbullashtirilishi moddiy va tabiiy resurslarni tejashda ham qo‘l keladi. Sababi, barpo etiladigan intensiv bog‘larga tomchilatib sug‘orish tizimi joriy qilinishi evaziga uning har gektaridan 2,5 — 3,5 kub metr, tokzorlarda esa 1,2 — 1,8 kub metr suv tejaladi. Bundan tashqari, 130 ming tonna paxta o‘rniga qo‘shimcha 430 ming tonnadan ziyod meva-sabzavot, 350 ming tonnadan ortiq moyli va ozuqa, 60 ming tonna sholi va dukkakli ekinlar hosili olinadi, 20 mingga yaqin ish o‘rinlari ochiladi.

Yana bir muhim jihati, unumdorligi past yerlarda g‘o‘zani joylashtirmaslik hisobiga o‘rtacha hosildorlik o‘tgan yildagi 27 sentnerlik ko‘rsatkichdan joriy yilning o‘zida 29 sentnergacha ko‘tarilishi kutilmoqda. Natijada 1 gektarda paxta xom ashyosi yetishtirish xarajatlari o‘rtacha 5,1 million so‘mdan 8,6 million so‘mgacha ko‘paygani holda, rentabellik 0,1 foizdan 10,2 foizgacha oshadi.

Achchiq ekinning shirin hosili
Agrar sohada boshlangan islohotlar uzviyligi, izchilligi ta’minlanishi g‘oyatda ahamiyatli. Negaki, samara ana shunda seziladi. Shu ma’noda, paxta maydonlarini maqbullashtirish harakati davomiyligi bilan dehqonu fermerlar daromadini oshirishda mustahkam poydevor yaratmoqda.

Gap shundaki, paxta maydonlari 2019 yilda 37,5 ming, 2020 yilda yilda esa 33 ming gektarga qisqartiriladi. Bo‘shagan yerlarga davlatimiz rahbarining tavsiyasi bo‘yicha serdaromad va eksportbop bo‘lgan ekinlar joylashtiriladi. Masalan, respublikamiz shimoliy hududlarida sholi va poliz, yurtimiz janubi va Samarqandda kartoshka hamda karam, vodiy viloyatlarida esa pomidor, bodring, lavlagi va ko‘katlar ekish fermer xo‘jaliklariga iqtisodiy jihatdan ko‘proq foyda keltiradi.
Shu o‘rinda aytish joizki, soha mutaxassislari va olimlar, tajribali eksportyorlar tomonidan tavsiya etilayotgan serhosil hamda tashqi bozorda xaridorgir qishloq xo‘jaligi ekinlari ro‘yxatida achchiq qalampirga alohida o‘rin berilgan. Bu bejiz emas, albatta. Chunki past rentabelli maydonlarda 60 — 80 kunda yetiladigan qalampir parvarishlansa, koni foyda.

Ma’lumotlarga qaraganda, bugungi kunda dunyo bo‘yicha 4,4 million gektar maydonda achchiq qalampir ekilib, yalpi hosil salmog‘i 68,3 million tonnadan oshadi. Boshqacha aytganda, ushbu ekin hosildorligi gektariga o‘rtacha 15 — 20 tonnani tashkil etadi. Agar uning 5 kilogrammidan 1 kilogramm quritilgan achchiq qalampir olish mumkinligini nazarda tutsak, qalampir paykalining har gektaridan 16 tonna hosil yig‘ishtirilgan taqdirda 3,2 tonna quritilgan achchiq qalampir tayyorlash mumkinligi oydinlashadi. Ushbu mahsulot jahon bozorida o‘ta xaridorgir bo‘lib, uning 1 tonnasi 8,6 ming AQSh dollari atrofida baholanadi. E’tibordan butkul chetda qolib ketgan sabzavotchilikning mazkur yo‘nalishidan buncha daromad topish mumkinligi, ochig‘i, paxtakor xalqimizning xayoliga ham kelmagandi.

Hozirgi paytda achchiq qalampir savdosidan olinadigan daromadning asosiy qismi Indoneziya, Xitoy va Meksika mirishkorlari qo‘liga tegayapti. Yurtimizda xorij tajribasini o‘rgangan holda, achchiq qalampir yetishtirishni ko‘paytirish bo‘yicha boshlangan amaliy sa’y-harakatlar, hademay, ular safiga qo‘shilishimizga umid uyg‘otmoqda.
Bunday deyishimizning boisi shundaki, joriy yilning o‘zida paxtadan bo‘shagan maydonlarning salkam 2 ming 300 gektariga achchiq qalampir joylashtirilmoqda. Qishloq xo‘jaligi vazirligi mutaxassislarining aytishicha, xususan, Farg‘onada 770, Surxondaryoda 547, Toshkent viloyatida 431, Xorazmda 175 gektarda ushbu ziroatning jahon bozorida xaridorgir bo‘lgan xorijiy navlari ekilayotir. E’tiborlisi, dehqon va fermer xo‘jaliklari, shuningdek, tomorqachilarga issiqxonalarda parvarishlangan tayyor qalampir nihollari tarqatilayapti.

Xom ashyo emas, tayyor mahsulot sotamiz
Keyingi paytda jahon bozorida paxta tolasiga bo‘lgan talabga qarab, uning bahosi o‘zgarib turibdi. Ammo sintetik, hatto bambuk tolalari sanoatda keng qo‘llanilayotgan hozirgi taraqqiyotning innovatsion bosqichida ham paxta tolasiga ehtiyoj aytarli susaygani yo‘q. Aksincha, aholi sonining ko‘payishi, daromadi ortib, turmushi farovonlashuvi kabi omillar tabiiy mahsulotga rag‘batni kuchaytirayotir.
Biroq masalaning boshqa nozik jihati shundaki, daromadning asosiy qismi yil bo‘yi qo‘li qavarib xirmon ko‘targan dehqon yoki fermerga emas, tayyor xom ashyoni chuqur qayta ishlagan sanoatchilarning ilkiga tushayapti. 

Mutaxassislarning hisob-kitoblariga qaraganda, 1 kilogramm kalava ip olish uchun 1,15 kilogramm paxta tolasi qayta ishlanadi. Shuncha kalava ipdan 5 metr gazlama yoki 0,93 kilogramm trikotaj mato to‘qiladi. O‘z navbatida, trikotaj matoning har bir kilogrammidan o‘rtacha 5-6 ta tayyor kiyim tikish mumkin. Buni pulga chaqadigan bo‘lsak, kalava ipning bahosi 20 — 22 ming so‘m, trikotaj matoniki 30 — 35 ming so‘mni tashkil etadi, xolos. U tayyor mahsulotga aylantirilgach esa qiymati keskin oshib, o‘rtacha 200 ming so‘mga aylanadi!

Shuning uchun davlatimiz rahbari yaqinda Jizzax viloyatiga amalga oshirgan safari davomida soha mutasaddilari oldiga qat’iy talab, aniq vazifa qo‘ydi: bundan buyog‘iga chetga xom ashyo sotilmaydi, u qo‘shimcha qiymatga ega tayyor mahsulotga aylantirilgan holda eksport qilinadi. Ushbu maqsadga qachon erishamiz? 

“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasidan olingan ma’lumotlarda keltirilishicha, yiliga 1 million tonnaga yaqin tola olinadi. Hozirgi kunda mavjud quvvatlar esa 706,2 ming tonna tolani qayta ishlashga mo‘ljallangan bo‘lib, bu respublikada yetishtirilgan paxta tolasining 72,4 foizini tashkil etadi. 

— Bugungi islohotlardan ko‘zlangan maqsad, shubhasiz, mashaqqatli mehnat evaziga yaratilgan xom ashyo qiymatini oshirish, ko‘proq foyda ko‘rishdir, — deydi “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi mintaqalarda to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Sodiq Boboqulov. — Paxtani tola ko‘rinishida emas, balki tayyor mahsulot sifatida sotsak, daromad ortadi. Shuning uchun qayta ishlash hajmi yil sayin oshirilmoqda. Bu boradagi o‘sish ko‘rsatkichlarini anglash uchun mustaqillikning dastlabki yillarida qayta ishlash hajmi atigi 5 — 7 foiz atrofida bo‘lganini eslash kifoya. Yurtimiz sanoatchilari 2018 yilda 469,6 ming tonna kalava ip, 305,2 million kvadrat metr gazlama, 93,1 ming tonna trikotaj mato, 540,2 millionta tayyor tikuv mahsulotlari va 84,7 million juft paypoq ishlab chiqarishni rejalashtirishgan.

Bu raqam kelgusida ortib boraveradi. Sababi, 2018 — 2021 yillarda ishlab chiqarishni modernizatsiyalash va yangi korxonalarni bunyod etish hisobiga yetishtirilgan paxta tolasini o‘zimizda to‘liq qayta ishlash quvvatlari (977,8 ming tonna) yaratiladi. Natijada ishlab chiqarish hajmi 1,7 barobar, tayyor tikuvchilik mahsulotlari 2 barobar, paypoq mahsulotlari 3 barobar ortishi mo‘ljallanmoqda.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, uyushma tomonidan 2018 yilda umumiy qiymati 461,3 million dollarga teng bo‘lgan 28 ta yirik loyihani bajarish ishlariga kirishilgan. Ularning izchil ijrosi yillik mahsulot eksportini 189,4 million dollarga oshirish, 6,4 mingta yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi.

Tarmoqdagi innovatsion qadam
Yetishtirilayotgan paxta haqida ko‘proq qayta ishlovchilar qayg‘urishi kerakligini davrning o‘zi taqozo qilayapti. Boisi agrar soha qanchalik sanoatlashsa, arzon va sifatli xom ashyo tayyorlash, unga qo‘shimcha qiymat qo‘shish hajmi shunchalik ortadi. Pirovardida davlatning iqtisodiy va eksport salohiyati ko‘tarilib, qishloq ahlining turmush farovonligi yuksaladi. Shuning uchun hozirgi paytda paxtachilikda ilg‘or texnologiyalarga asoslangan infratuzilmani yaratish, jahon tajribasida o‘zini oqlagan klaster usulini joriy qilishga jiddiy e’tibor qaratilayapti.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 25 yanvardagi “Paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishini tashkil etishning zamonaviy shakllarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, sinov tariqasida 13 ta paxta-to‘qimachilik klasteri tashkil etilmoqda. Ushbu loyihalarning afzalligi shundaki, paxta tolasini qayta ishlovchi korxonalar bevosita o‘zlari xom ashyo yetishtirish jarayonlari ishtirokchisiga aylanadi. Bu qishloq xo‘jaligi va sanoat integratsiyalashuvini jadallashtirib, korxonalarning sifatli, tannarxi arzon, eng muhimi, ehtiyojga yarasha tola bilan to‘liq ta’minlanishini kafolatlaydi.

Sodda qilib aytganda, paxta-to‘qimachilik klasteri, bu — yagona texnologik zanjirga birlashtirilgan korxonalar majmui. Mazkur yangi tuzilma innovatsion iqtisodiyotga o‘tishning muhim bosqichi sanaladi. Chunki bu yerda xom ashyo qayta ishlashning barcha bosqichidan o‘tib, eksportbop tayyor mahsulotga aylanadi. Shu ma’noda, klasterlarga paxta xom ashyosi yetishtirish uchun 140,9 ming gektar yer maydonlari ajratilayotgani agrar tarmoqdagi innovatsion qadam sifatida baholanmoqda.

Qishloq xo‘jaligidagi bugungi o‘zgarishlar, ya’ni paxta maydonlarining qisqartirilishi zamirida paxtachilikni eng serdaromad tarmoqlardan biriga aylantirishdek ezgu maqsad-muddao mujassamdir. Toki, fermer unumdorligi past yerlarga chigit qadab, vaqtini, naqdini behudaga sovurmasin, tuproq-iqlim sharoitiga mos ekin ekib, mehnatiga yarasha foyda ko‘rsin. Buning uchun dehqon va fermerlarga zarur shart-sharoitlar yaratish, ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash barobarida, paxta xarid narxi ham muttasil ravishda oshirilmoqda. Zotan, eksportni ko‘paytirish, aholi, ayniqsa, xotin-qizlar bandligini ta’minlashda yetakchi kuch hisoblangan to‘qimachilik va yengil sanoat salohiyatini yuksaltirish, qayta ishlash korxonalarini xom ashyo bilan barqaror ta’minlash mazkur tarmoq istiqboli bilan chambarchas bog‘liqdir.
Said RAHMONOV,
«Xalq so‘zi» muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?