Paxta xom ashyosi va boshoqli don etishtirishni moliyalashtirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida

16:10 02 Mart 2018 Hujjatlar
594 0

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Bozor munosabatlarini keng joriy etish hamda qishloq xo’jaligida moliyalashtirish va o’zaro hisob-kitoblar mexanizmlarini tubdan takomillashtirish, shu asosda qishloq xo’jaligi mahsulotlari etishtiruvchilar va ularga xizmat ko’rsatuvchi korxonalarning moliyaviy-iqtisodiy holatini yaxshilash, rentabelligini oshirish, etishtirilayotgan mahsulot hajmlari barqaror o’sishini ta’minlash maqsadida:
1. O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Qishloq xo’jaligi vazirligi, O’zbekiston Fermer, dehqon xo’jaliklari va tomorqa er egalari kengashi, «O’zpaxtasanoat» aktsiyadorlik jamiyati va «O’zdonmahsulot» aktsiyadorlik kompaniyasining:
a) 2018 yil 1 martdan boshlab ishlab chiqaruvchilarning rentabelligi oshishini va yuqori sifatli mahsulotlar etishtirishni rag’batlantirishni ta’minlaydigan navlar va klasslar bo’yicha paxta xom ashyosi va boshoqli don xaridi yuzasidan kafolatlangan davlat narxlarini belgilash;
b) tuproq unumdorligi past va oxirgi 3 yil mobaynida hosildorlik gektariga 15 tsentnergacha bo’lgan erlarda paxta xom ashyosiga davlat buyurtmasini joylashtirmaslik to’g’risidagi takliflari ma’qullansin.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklarining takliflari asosida ushbu bandga muvofiq, bo’shaydigan erlarda qishloq xo’jaligi ekinlarini, eng avvalo, ozuqa va moyli ekinlarni joylashtirish, meva-sabzavotchilik va chorvachilik loyihalarini amalga oshirish to’g’risida ikki hafta muddatda Hukumat qarorini qabul qilsin.
2. Belgilansinki:
paxta xom ashyosi va boshoqli don uchun uzil-kesil hisob-kitoblar hosil yig’ishtiriladigan yilning oxirigacha to’liq hajmda amalga oshiriladi;
qishloq xo’jaligi mahsulotlari etishtiruvchilarga va avtomobillarga yonilg’i quyish shoxobchalariga to’g’ridan-to’g’ri shartnomalar bo’yicha sotish uchun dizel yoqilg’isi va EKO dizel yoqilg’isining Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan yagona chakana narxlari 
2018 yil oxirigacha bo’lgan davrda amal qiladi;
mineral o’g’itlarni sotish O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan alohida shartlar hisobga olingan holda birja savdolarida amalga oshiriladi;
fermer xo’jaliklari va suv iste’molchilari uyushmalarining nasos agregatlari tomonidan iste’mol qilinadigan elektr energiyasi qiymati O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda Davlat byudjetidan sudbsidiyalar hisobiga qoplanadi.
3. Paxta xom ashyosi va boshoqli don etishtiruvchi fermer xo’jaliklarining xizmat ko’rsatuvchi tashkilotlar oldidagi 2018 yil 1 yanvardagi holatiga ko’ra hosil bo’lgan qarzlarini, shu jumladan, ichki tarmoq qarzdorligi hamda byudjet va davlat maqsadli jamg’armalari oldidagi qarzlarini to’lash muddati hisoblangan penya va jarimalar hisobdan chiqarilgan holda 3 yil muddatga uzaytirilsin.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi paxta xom ashyosi va boshoqli don etishtiradigan fermer xo’jaliklarining byudjet, davlat maqsadli jamg’armalari, xizmat ko’rsatuvchi tashkilotlar oldidagi 2018 yil 
1 yanvardagi holatiga ko’ra hosil bo’lgan qarzlari, shu jumladan, ichki tarmoq qarzlari bir oy muddatda yalpi xatlovdan o’tkazilishini, shuningdek, uni tartibga solish bo’yicha tegishli chora-tadbirlar ko’rilishini ta’minlasin.
4. O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Qishloq xo’jaligi vazirligining:
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qishloq xo’jaligi mahsulotlarining davlat xaridi va qishloq xo’jaligini texnika bilan jihozlashni maqsadli moliyalashtirish jamg’armasini Qishloq xo’jaligini davlat tomonidan qo’llab-quvvatlash jamg’armasiga (keyingi o’rinlarda Jamg’arma deb ataladi) aylantirish va uni O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tasarrufiga berish;
paxta tolasiga jahon narxlarining keskin pasayishi ehtimoli uchun paxta tolasiga preyskurant va jahon narxlari o’rtasidagi ijobiy tafovut summasi hisobiga Jamg’armaning sug’urta hisob raqamini shakllantirish to’g’risidagi taklifiga rozilik berilsin.
5. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda:
navlar va klasslar bo’yicha paxta xom ashyosi va boshoqli don xaridining davlat tomonidan kafolatlangan narxlarini tasdiqlashni;
mineral o’g’itlarni birja savdolarida sotishning maxsus shartlarini;
fermer xo’jaliklari va suv iste’molchilari uyushmalarining nasos agregatlari iste’mol qiladigan elektr energiyasi qiymatini qoplash uchun Davlat byudjetidan subsidiyalar ajratish tartibini;
2018 yil hosili paxta xom ashyosi va boshoqli don etishtirish bo’yicha agrotexnika tadbirlari o’z vaqtida o’tkazilishini ta’minlash uchun Jamg’armadan ajratiladigan kredit resurslari hajmlarini tumanlar bo’yicha belgilashni;
moliyaviy resurslar ajratilishi va ulardan maqsadli foydalanilishi, qishloq xo’jaligi mahsulotlari etishtirish uchun zarur bo’lgan yoqilg’i-moylash materiallari, mineral o’g’itlar, kimyoviy himoya vositalari hamda boshqa resurslar va xizmatlar o’z vaqtida va to’liq hajmda etkazib berilishi, tuzilgan shartnomalar shartlariga rioya etilishi, shuningdek, o’z vaqtida hisob-kitob qilinishi va ajratiladigan kredit resurslari qaytarilishi yuzasidan javobgarlikning aniq sohalari hamda nazorat mexanizmlari belgilanishini;
Jamg’arma faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlarini;
birinchi navbatda, qishloq xo’jaligi mahsulotlari etishtiruvchilarning ehtiyojlarini qondirishni hisobga olgan holda, 2018 yilda mineral o’g’itlar ishlab chiqarish va sotish balansini tasdiqlashni nazarda tutuvchi Hukumat qarorini qabul qilsin.
6. Qishloq xo’jaligi mahsulotlari etishtiruvchilarga mineral o’g’itlar sotuvchi korxonalar uchun 2019 yil 
1 yanvargacha bo’lgan muddatda yagona soliq to’lovi stavkasi 
2 foiz miqdorda belgilansin.
7. Tadbirkorlik sub’ektlari, shu jumladan, qishloq xo’jaligi mahsulotlari etishtiruvchilar tomonidan olib kelinadigan fosforli o’g’itlar, shuningdek, fosforli o’g’itlar ishlab chiqarish uchun olib kelinadigan fosforit xom ashyo 2021 yil 1 yanvargacha bo’lgan muddatda bojxona to’lovlaridan ozod qilinsin, bojxona rasmiylashtiruvi yig’imlari bundan mustasno.
8. O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bir hafta muddatda:
«Agrobank» ATBga davlat xaridlarining nazarda tutilgan hajmlaridan ortiqcha boshoqli don etishtiruvchi fermer xo’jaliklariga kreditlar ajratish uchun yillik 5 foiz stavka bo’yicha depozitga 150 milliard so’m miqdorida yillik 10 foizgacha stavka bo’yicha mablag’lar joylashtirilishini;
Qoraqalpog’iston Respublikasi byudjetida va viloyatlarning mahalliy byudjetida past hosilli erlarda paxta xom ashyosi etishtiruvchi fermer xo’jaliklarini moliyaviy qo’llab-quvvatlash uchun zararkunandalarga qarshi kurashish hamda favqulodda vaziyatlarda hosilning saqlanishi bo’yicha xarajatlarni qoplashga respublika byudjetida nazarda tutilgan mablag’lar hisobiga 
100 milliard so’m miqdorida mablag’lar shakllantirilishini ta’minlasin.
9. O’zbekiston Respublikasi Hisob palatasi (M. Ikramov) har bir hudud bo’yicha mas’ul xodimlar belgilangan holda Jamg’arma mablag’lari o’z vaqtida ajratilishi va ulardan maqsadli foydalanilishi ustidan tizimli nazoratni ta’minlasin.
O’zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va «Agrobank» ATB bir oy muddatda O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari talablariga muvofiq, paxta xom ashyosi va boshoqli don xarid qilish uchun mablag’lar o’z vaqtida ajratilishi va ulardan maqsadli foydalanilishi ustidan real vaqt rejimida nazorat qilish imkonini beradigan O’zbekiston Respublikasi Hisob palatasining «Agrobank» ATBning ma’lumotlar bazasidan foydalanishini ta’minlasinlar.
10. Chora-tadbirlar so’zsiz amalga oshirilishini va Qishloq xo’jaligi mahsulotlari etishtiruvchilarni o’z vaqtida moliyalashtirish bo’yicha talablarga so’zsiz rioya qilinishini, ularga mineral o’g’itlar va yoqilg’i-moylash materiallarining zarur hajmlari etkazib berilishini ta’minlash, shuningdek, ularga narxlar spekulyativ tarzda o’sib ketishiga yo’l qo’ymaslik uchun Bosh prokuror O. B. Murodov, Bosh vazirning o’rinbosarlari Z. T. Mirzaev, J. A. Qo’chqorov, A. S. Sultanov, N. S. Otajonov, O’zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisi M. M. Ikramovga shaxsiy mas’uliyat belgilansin.
11. Qishloq xo’jaligi vazirligi Suv xo’jaligi vazirligi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o’zgartirish va qo’shimchalar yuzasidan ikki hafta muddatda takliflar kiritsin.
12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O’zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. N. Aripov, O’zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisi 
M. M. Ikramov va O’zbekiston Respublikasi Bosh prokurori O. B. Murodov zimmasiga yuklansin. 
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti     Sh. MIRZIYoEV
Toshkent shahri, 2018 yil 28 fevral


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?