Paxta dalalarida bolalar mehnati va majburiy mehnat yuzasidan tekshiruvlar oʻtkaziladi

11:33 19 Sentyabr 2019 Jamiyat
157 0

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasida “2019-yilgi paxta yigʻim-terimi mavsumida terimchilar uchun shart-sharoit yaratish, mavsum davomida bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanmaslik yuzasidan Milliy monitoringni tashkil qilish borasida olib borilayotgan ishlar” mavzusida brifing oʻtkazildi.

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi matbuot xizmati xabariga koʻra, bir necha yildan buyon paxta yigʻim-terimi mavsumida terimchilar uchun shart-sharoit yaratilishini nazorat qilish, bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanmaslik yuzasidan Milliy monitoring oʻtkazib kelinmoqda.

Brifingda joriy yilda ham mazkur monitoringni oʻtkazish rejalashtirilgani, u 25-sentyabrdan 31-oktyabrgacha davom etishi hamda bu yilgi Milliy monitoring Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti farmoni bilan tashkil etilgan Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi bilan hamkorlikda oʻtkazilishi toʻgʻrisida maʼlumot berildi.

Monitoringga tarmoq va hududiy kasaba uyushmalari, Xotin-qizlar qoʻmitasi, Savdo-sanoat palatasi, Yoshlar ittifoqi va joylardagi nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari, shuningdek mahalliy huquq himoyachilari ham jalb etilishi bildirildi. Shuningdek Milliy monitoringda AQSH, Yevropa davlatlari va bir qator xalqaro kasaba uyushmalari markazlari vakillarining ishtirok etishi ham kutilayotgani taʼkidlandi.

Monitoringni oʻtkazishdan asosiy maqsad – paxta yigʻim-terimi mavsumida terimchilar uchun shart-sharoit yaratilganini baholash, paxta yigʻim-terimi ishlarida 18 yoshga toʻlmagan shaxslarning, oʻquvchi va talabalarning, byudjet tashkilotlari xodimlarining majburiy mehnatidan foydalanishga yoʻl qoʻyilmasligi yuzasidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, aniqlangan kamchiliklarni joyida bartaraf etish choralarini koʻrish.

Oʻrganish jarayonida paxta terayotgan voyaga yetmagan shaxslar aniqlansa, ularni zudlik bilan daladan olib chiqish va oʻquv dargohiga yoki uyiga qaytarish choralari koʻriladi. Bu haqda akt (dalolatnoma) tuziladi va mehnat inspeksiyasiga aybdor shaxslarga nisbatan chora koʻrish uchun yuboriladi.

Majburiy mehnatdan foydalanish holatlari aniqlangan holda ham zudlik bilan akt (dalolatnoma) tuziladi hamda mehnat inspeksiyasi chaqirilib, ularni ish joylariga qaytarish choralari koʻriladi. Shu bilan birga, mazkur vaziyatni oʻrganish uchun hududiy “Qayta aloqa mexanizmi” (MOS) vakillariga ham xabar beriladi.

Eslatilishicha, xodimlarning mehnat huquqlari buzilishini oldini olishga qaratilgan Qayta aloqa mexanizmi (MOS) Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimida tashkil etilgan boʻlib, mavsum davomida uzluksiz ravishda kecha-yu kunduz ishlaydi, bunda 1092 qisqa raqamli “Ishonch telefonlari”, internet saytlar, telegram ijtimoiy tarmogʻi imkoniyatlaridan keng foydalaniladi.

Milliy monitoring davrida oʻrganish natijalarini oshkor etmaslik tamoyiliga amal qilinadi va monitoring yakunlari dekabr oyida Xalqaro mehnat tashkiloti bilan birgalikda oʻtkaziladigan davra suhbatida batafsil eʼlon qilinadi (Oʻzbekiston Respublikasining “Bola huquqlari toʻgʻrisida”gi va “Shaxsiy maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi Qonunlari hamda Xalqaro mehnat tashkiloti bilan kelishilgan “Monitoring uslubiyoti” talablariga muvofiq oshkor etmaslik tamoyiliga amal qilinadi).

Alohida taʼkidlanishicha:

– korxona, tashkilot va muassasalar xodimlaridan hech kimni mehnat shartnomasini bekor qilish yoki intizomiy jazo berish tahdidi ostida paxta yigʻim-terimiga jalb etish mumkin emas;

– hech bir korxona, tashkilot, muassasa rahbari xodimlarni paxta yigʻim-terimiga yuborish toʻgʻrisida buyruq chiqarishi mumkin emas;

– mehnatkashlar, tadbirkorlar, dehqon bozorlarida savdo-sotiq bilan shugʻullanuvchilar, mahallalarda istiqomat qiluvchi fuqarolardan paxta yigʻim-terimi uchun pul mablagʻlari yigʻish qatʼiyan taqiqlanadi;

– terilgan paxtaning har bir kilogrammi uchun toʻlanadigan terim pullari har besh kunda, terimchilar xohishiga koʻra zarurat tugʻilganda – har kuni toʻlanishi lozim.

Byudjet tashkilotlari xodimlarini, oʻquvchi va talabalarni, umuman, fuqarolarni paxta yigʻim-terimi ishlariga majburan jalb qilish yoki bunday ishlarni boshqalar bajargani uchun pul yigʻish holatlari roʻy berganda huquqni muhofaza qilish organlariga yoki kasaba uyushmalarining 10-92 raqamli “Ishonch telefoni”gaxabar berilishi zarur.

Shuningdek, majburiy mehnat qaltisliklarini keltirib chiqaruvchi boshqa alomatlar, yaʼni fuqaroning zaifligini suiisteʼmol qilish, aldov, hujjatlarni olib qoʻyish, ish haqini toʻlamaslik, xavfli mehnat sharoitlarida ishlatish, ish vaqti meʼyorlariga rioya qilmaslik kabi holatlarda ham yuqoridagi “Ishonch telefoni”ga murojaat qilish mumkin.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?