Payariqda 350 gektar yer oilalarga imtiyozli kredit asosida berildi

12:02 21 Aprel 2020 Jamiyat
341 0

Maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunda Payariq tumanida 3500 ga yaqin kambagʻal oila bor ekan. Ularni kambagʻallikdan chiqarish, doimiy daromad manbaiga ega boʻlishi uchun tuman hokimligi, jamoatchilik tomonidan zarur choralar koʻrilmoqda.

- Kim kambagʻal boʻlishi mumkin — ish joyi va tomorqasi boʻlmagan, bemor yoki nogiron kishi shunday vaziyatga tushishi mumkin, — deydi Payariq tumani hokimining oʻrinbosari, mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻi Dilfuza Mamasoliyev. — Baʼzida bunga ishyoqmaslik, dangasalik ham sabab boʻlishini koʻramiz. Bunday oilalar, kishilarga bir marta, ikki marta yordam berarmiz, lekin qoʻldan berganga qush toʻymas degan gap bor. Shu bois kambagʻal, kam taʼminlangan oilaga pul emas, pul topish imkoniyat yaratib berilsa, bu oʻsha fuqaro uchun ham, davlat va jamiyat uchun ham foydali boʻladi. Bugun davlatimiz ana shunday yoʻl tutmoqda. Jumladan, tumanimizda ham aholini kambagʻallikdan chiqarish uchun ularni ish bilan taʼminlash, yer ajratish choralarini koʻryapmiz.

Kuni kecha Shoʻrtepa mahallasida foydalanilmay turgan, lalmi yerdan 350 gektar maydon 500 nafardan ortiq oilaga kamida 50 sotixdan imtiyozli kredit asosida ajratildi. Nima uchun imtiyozli kredit hisobidan ajratdik? Chunki bu yer maydonlariga mayizbop uzum koʻchatlari ekilib, tomchilab sugʻorish texnologiyasi yoʻlga qoʻyilib, aholiga boʻlib berilmoqda. Ularga yangi tashkil etilgan qishloq xoʻjalik kooperativi xizmat koʻrsatadi. Bu yerda ham besh kishining bandligi taʼminlanadi. Tok koʻchatlari hosilga kirgunga qadar qator oralarida dukkakli yoki poliz ekinlari yetishtirish mumkin. Kredit toʻlovlari toʻliq qoplangach, yer maydonlari aholiga dehqon xoʻjaligi sifatida rasmiylashtirib beriladi.

Yil yakuniga qadar tumanning Bagara qishlogʻidan yana 2000 gektar yer maydonini dehqonchilik qilish uchun aholiga boʻlib berish rejalashtirilgan.

- Shu paytgacha ishsiz edim, — deydi Shoʻrtepa mahallasi Guliston qishlogʻida yashovchi Oʻktam Toʻratoshov. — Endi esa lalmi maydondan menga ham 50 sotix yer ajratib berishdi. Bu yerlarda uzum yaxshi boʻladi. Yerga tok koʻchatlari ekilgani va tomchilatib sugʻorish mumkinligi menga maʼqul boʻldi. Endi shu yerda ishlaymiz va daromad olamiz.

Abdulaziz Yoʻldoshev

(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?