Pahlavon Muhammadning hazili

11:21 29 Yanvar 2020 Madaniyat
328 0

Hazrat Navoiyning shaxsiy hayotlari, doʻstlari va hamsuhbatlari orasida oʻtgan hazil-mutoyibalar bir qator tarixiy manbalarda, xususan, ulugʻ mutafakkirning oʻz asarlarida ham bitib qoldirilgan. Pahlavon Muhammad Navoiy bobomizning yaqin doʻstlari, uzoq yillik qadrdonlari edi. Navoiy u haqda “Holoti Pahlavon Muhammad” asarini bitgan. Quyidagi hikoya ham oʻsha asardan bugungi tilimizga tabdil qilingan holda eʼtiboringizga havola etilmoqda.

Alqissa, Pahlavonning turli xil yaxshi amallari, siyrat va suvratining dilkashligini sharhlashga soʻz ustalarining ham tili ojizlik qiladi. Qirq yil davomida u kaminaning jondek doʻsti, hamsuhbati, sirdoshi boʻlib keldi. Eng ogʻir damlarimdan to yorugʻ kunlarimga qadar yonimda boʻldi. Biz ikkalamiz ne-ne koʻchalarda yurmadik, shu tariqa dilkash insonlar davrisidan oʻrin oldik. Uning doʻstligi, samimiyligini na aytib, na yozib ado qila olaman.

Tasavvur qiling, (Pahlavon Muhammad) mendek oʻzboshimcha, darvishtabiat, turmushi parishon bir kimsa bilan qirq yil hamroh boʻlganiga qaramay, biror marta boʻlsin, dilimni ranjitgani, sal boʻlsa-da, koʻnglimga gʻubor qoʻndirganini eslolmayman. Aksincha, oʻtgan yillar davomida doʻstligimiz qalinlashib, sadoqat rishtalari mustahkamlanib bordi...

Uning zehnu zakovati, latofati, quvvayi hofizasi oʻtkirligi, hazilkashligi haqida bir-ikki ogʻiz toʻxtalib oʻtish foydadan xoli boʻlmaydi. Sulton Abusaid mirzo zamonida Xuroson ahli Samarqandga tobe edi... Kamina muhtojlik, boshimga tushgan musibatlar, taqdir va ranj-alamlar sababli Mashhadga ravon boʻldim. Shu yerda mafosil (boʻgʻimlarning zirqirab ogʻrishi) kasaliga chalindim va bir kulbada yotib qoldim. Oʻsha paytda Pahlavon Muhammad ham Mashhadda xizmat qilardi. Mening ahvolimdan xabar topgach, to oyoqqa turib ketgunimcha, har kuni yonimga hol soʻragani kelib, menga doʻstona gʻamxoʻrlik koʻrsatdi. Oʻsha kezlari ancha dovrugʻ qozongan, rahmatli Abdusalom Sheroziy ismli bir hakim meni davoladi. Tabiblar odatda bemorni davolab oyoqqa turgʻizganlaridan keyin teri ostida qolib ketgan xiltlar, zararli moddalarni tarqatib yuborish uchun dalk (massaj) olishni buyurishadi. Hakim menga ham shuni tavsiya qildi.

Pahlavon Muhammad ham tabobatdan bir muncha xabardor, xususan, dalk qilish boʻyicha ham unga yetadigani yoʻq edi. Pahlavon mehribonlik va shafqat yuzasidan har kuni kulbamga kelib, oʻzi meni muolaja qila boshladi. Oʻsha kunlarda ertalab bitta gʻazal yozgandim. Uning birinchi baytii quyidagicha:

Har qayon boqsam, yuzumga ul quyoshdin nur erur,

Har sori qilsam nazar, ul oy manga manzur erur.

Yetti baytli bu gʻazalni oqqa koʻchirgan, qogʻozni buklab, choʻntagimga solib qoʻygandim. Hali uni hech kimga koʻrsatmagan, birovga oʻqib bermagandim. Pahlavon belgilangan vaqtda kelib, kiyimimni yechib, yelkalarimni uqalay turib, gap boshladi:

— Aytishlaricha sen turkiy tilda yaxshi sherlar yozarmishsan. Koʻpchilik turkiy nazm ixlosmandlaridan eshitib yuribman. Senga bir savolim bor.

— Qanaqa savoling boʻlsa, soʻrayver, — dedim.

— Shu paytgacha bitilgan turkiy shoirlar bitgan sheʼrlardan qay biri eng yaxshisi? Ularning qay biri senga koʻproq yoqadi?

— Hammasi yaxshi, menga hammasi yoqadi? – dedim.

— Oliftalik va kamtarinlikni qoʻy. Boʻladigan gapni gapir, hammasi birdek yaxshi boʻlavermaydi-ku? Baribir farqi bor-ku?

— Hozir bu borada Mavlono Lutfiyga yetadigani yoʻq, ul zot turkiy kalomning podshohidirlar.

— Unda Sayid Nasimiy-chi?

— Negadir esimga kelmabdi. Qolaversa, Sayid Nasimiy sheʼriyati boshqa olam. Uning sheʼrlari boshqa koʻplab shoirlarning ijodi singari zohiriy mazmunga ega emas, balki haqiqiy ishq haqida yozgan. Sen, menimcha, majoziy ishq haqida sheʼr bitadigan shoirlarni soʻrading, deb oʻylabman.

— Sayid Nasimiy sheʼriyati turganida, Mavlono Lutfiyni tilga olishing qiziq, — deya kinoya bilan eʼtiroz bildirdi Pahlavon. — Nasimiy shaklan majoziy ishq haqida yozgandek koʻrinsa-da, mazmunan haqiqat ishqi haqida bitgan.

U shunday deb ertalab oʻzim yozgan gʻazalni soʻzma-soʻz tartib bilan oʻqiy boshladi. Gʻazal quyidagi bayt bilan yakunlanardi:

Gar Navoiy siymbarlar vaslin istab koʻrsa ranj,

Yoʻq ajab, nevchunki, xom etgan kishi ranjur erur.

Faqat pahlavon baytdagi “Navoiy” soʻzini “Nasimiy”ga oʻzgartirib oʻqidi. Nazarimda, baytga Navoiydan koʻra Nasimiy taxallusi munosibroqdek koʻrinardi. Men hayron boʻldim. Sekin kiyimim ustidan choʻntagimni paypaslab koʻrdim: qogʻoz joyida turibdi. Hayratim yanada ortdi. Bu paytda pahlavon gʻazalni qaytadan oʻqiy boshlagan edi. Sabrim chidamay, bu holatning sababi bilan qiziqdim. U esa sir boy bermadi va oʻz soʻziga ishontirishga urindi. U bilan bahsimiz chuqurlasha bordi. Nihoyat:

— Bu sheʼrni yodlaganingga qancha boʻldi? — deb soʻradim.

— Oʻn ikki yilcha boʻldi. Abulqosim Bobur sheʼriy majlislarida bu sheʼr koʻp tilga olinardi. Oʻsha paytlar menga maʼqul tushib, yodlab olganman.

Xullas, oʻsha kun oʻtdi. Pahlavon oʻz yotogʻiga ketdi. Ertasiga yana mendan xabar olish uchun keldi. Yana gap borib kechagi gʻazalga taqaldi. “Axir bu sheʼrni men yozganman, qanaqasiga bunday boʻlishi mumkin?” deb bu jumboqning tagiga yetishga oshiqdim.

— Bu sheʼrni yodlagan paytlarim menga oʻxshagan bir qancha polvonlar ham uni olishgan edi. Ularni topib keldim.

U shunday deya uch-toʻrtta polvonni boshlab qirdi:

— Haligi majlisda biz yodlagan sheʼrni aytib beringlar, — deb ularga yuzlandi. Ular birin-ketin sheʼrni ravon oʻqib berishdi. Mening hayratim oʻn karra oshgandi. Pahlavon oʻz soʻzini shu tariqa isbot qilib boʻlgandi. Bundan tashqari guvohlarni ham topib kelgandi.

Keyinchalik maʼlum boʻldiki, pahlavon meni muolaja qilayotgan paytida kiyimim choʻntagidan koʻrinib turgan qogʻozni olib, ehtiyotkorlik bilan ochib, oʻqigan va yaqinda yozilgan sheʼr ekanini payqagan. Shundan keyin qogʻozni oldiga qoʻyib, bir necha marta oʻqib, yodlagan (Men yuztuban yotganim uchun buni koʻrmaganman). Keyin yana qogʻozni buklab, choʻntagimga solib qoʻygan. Keyin boyagi gap-soʻzlardan soʻng uyiga qaytgan. Bir qancha polvon tanishlarini topib, ularga sheʼrimni yodlatib, mening oldimda ravon oʻqib berishni tayinlagan. Pahlavonning ana shunday qiziq ishlari,odamga xush yoqadigan, hayratga soladigan hazillari koʻp edi...

Rustam JABBOROV, SamDU tadqiqotchisi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?