“Oʻzsanoatqurilishbank” ATB “Sumitomo Mitsui Banking Corporation” bilan 100 mln. AQSH dollarilik hamkorlik kelishuvini imzoladi

16:41 16 Dekabr 2019 Iqtisodiyot
391 0

Bu kelishuvga bugun Tokio shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Yaponiyaga davlat tashrifi arafasida tashkil qilingan Oʻzbekiston va Yaponiya ishbilarmon doiralarining biznes-forumi doirasida erishildi. Mazkur hujjat savdoni moliyalashtirish, gʻaznachilik operatsiyalari, Oʻzbekistonda kichik va oʻrta biznes loyihalarini moliyalashtirish kabi sohalarda banklararo hamkorlikni rivojlantirishni nazarda tutadi.

Yaponiya banki moliyalashtirish liniyasi “Oʻzsanoatqurilishbank”ka Yaponiya va boshqa mamlakatlardan texnologik uskunalar hamda xizmatlarni import qilishni koʻzda tutuvchi loyihalarni moliyalashtirish boʻyicha resurs bazasini kengaytirish imkonini beradi.

Qayd etish joizki, Yaponiya banki tomonidan “Oʻzsanoatqurilishbank” mijozlariga tovarlar va xizmatlar eksport-oldi moliyalashtirilishi uchun resurs taqdim qilinishi ham ushbu kelishuvda koʻzda tutilgan.

Maʼlumot uchun, “Sumitomo Mitsui Banking Corporation” va uning kompaniyalar guruhi Yaponiyadan tashqarida koʻplab moliyaviy xizmatlar koʻrsatadi. Korporatsiya faoliyati korporativ va chakana bank xizmatlari, xalqaro kapital bozori, venchur kapitali va qimmatli qogʻozlar xizmatlarini oʻzida qamrab olgan.

Korporatsiyaning 38 davlatda 72 boʻlinmasi faoliyat koʻrsatadi. Tashkilotda 70 mingga yaqin odam ishlaydi. 2018 moliyaviy yil yakunlariga koʻra, bankning umumiy aktivlari 1 trln. 835 mlrd. dollarni, umumiy daromadi esa 7 mlrd. 140 mln. dollarni tashkil etgan.

Bank axborot xizmati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?