“Oʻzsanoatqurilishbank” ATB xalqaro kapital bozorini korporativ emitentlar uchun ochib berdi

10:24 26 Noyabr 2019 Iqtisodiyot
238 0

London fond birjasida listingga kiritilgan va xalqaro kapital bozorlarida sotuvga chiqarilgan “Oʻzsanoatqurilishbank” ATBning 300 million AQSH dollari miqdoridagi xalqaro obligatsiyalari investorlar tomonidan yuqori baholandi.

Mamlakatimizda barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash hamda xususiy, shu jumladan xorijiy investitsiyalarni, respublikadagi loyihalarga keng jalb qilish uchun xalqaro kapital bozorlari muhim rol oʻynaydi. Bu borada joriy yil fevral oyida mamlakatimiz tarixida ilk bora Oʻzbekiston Respublikasining 1 milliard AQSH dollariga teng suveren obligatsiyalarining xalqaro kapital bozorlarida muvaffaqiyatli joylashtirilishi yurtimizdagi tijorat banklari va korxonalar uchun yangi imkoniyat yaratdi.

“Oʻzsanoatqurilishbank” ATB tomonidan korporativ xalqaro obligatsiyalar chiqarish boʻyicha JP Morgan, Citigroup, Commerzbank, Raiffeisen Bank singari xalqaro investitsiya banklari (moliyaviy konsultantlar) tavsiyalari asosida tayyorgarlik ishlari amalga oshirildi. Joriy yilning 18-22-noyabr kunlari Syurix, Frankfurt va London shaharlarida oltmishga yaqin investorlar bilan uchrashuvlar va muzokaralar boʻlib oʻtdi.

Muzokaralarda investorlarga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan bank sohasida olib borilayotgan ishlar, Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va Taraqqiyot jamgʻarmasi tomonidan yirik tijorat banklarining kapitalizatsiyasi va kreditlarni mazkur jamgʻarmaga oʻtkazish borasidagi Hukumat strategiyasi, Oʻzbekistondagi banklarni xususiylashtirish istiqbollari, xalqaro obligatsiya mablagʻlarining qaysi loyihalarga yoʻnaltirilishi, bankning boshqa resurs bazasini shakllantirish manbalari, Oʻzsanoatqurilishbankda transformatsiyadan keyin kutilayotgan aktivlar holati, kredit siyosati, muammoli aktivlar dinamikasi toʻgʻrisida maʼlumotlar taqdim etildi.

Taʼkidlash joizki, bankning transformatsiya jarayoni (jumladan, xususiylashtirishga tayyorgarlik) va unda Xalqaro moliya korporatsiyasining ishtiroki hamda korporativ boshqaruv tizimining takomillashtirilishi yirik investorlar tomonidan ijobiy qabul qilindi.

Bankning biznes modeli tijorat faoliyatini yanada mustahkamlashga va bosqichma-bosqich xususiylashtirishga qaratilayotgani tufayli, “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB investorlar tomonidan davlat banki emas, tijorat banki sifatida qabul qilindi hamda Rossiyaning “Moskovskiy kreditnыy bank” (5 yillik 5,3%), Gruziyaning “TBC Bank” (5 yillik 5,75% kupon), Turkiyaning “Akbank” (5 yillik 6%) kabi banklariga taqqoslandi.

Joriy yilning 25-noyabr kuni investorlarning takliflariga asoslangan moliyaviy konsultantlarning tavsiyasiga koʻra, bankning 5 yillik xalqaro obligatsiyalari uchun ilk daromadlilik stavkasi 6,50% etib belgilandi va London vaqti bilan soat 08:23da tranzaksiya eʼlon qilindi. Buyurtmalar hajmi soat 10:00da 300 mln. dollar (tranzaksiya toʻliq qoplandi) va 12:10da 800mln. dollarni (tranzaksiya 2,5 barobar toʻliq qoplandi) tashkil etdi.

London vaqti bilan soat 12:25da obligatsiyalarning daromadlilik stavkasi 0.125%ga pasaytirildi va yangi stavka 6,375% eʼlon qilindi. Mazkur strategiya investorlarga maʼqul keldi va 13:05ga kelib buyurtmalar hajmi 1 mlrd. dollardan oshdi. Soat 14:00da buyurtmalar kitobi 1,2 mlrd. dollar bilan, yaʼni tranzaksiyani 4 barobardan yuqori qoplagan holda yopildi.

Talabning yuqoriligi natijasida moliyaviy konsultantlar daromadlilik stavkasini 6%ga tushirishga muvaffaq boʻlishdi. Tranzaksiya London vaqti bilan soat 17:00da 5,75% kupon stavkasi bilan yakunlandi.

Mazkur tranzaksiya Oʻzbekiston tarixida ilk bora “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB tomonidan chiqarilgan korporativ xalqaro obligatsiyalar boshqa tijorat banklari va korxonalar uchun “benchmark” boʻlib xizmat qiladi.

Dunyo bozori sari tashlangan mazkur dadil qadamning xalqaro investorlar tomonidan ijobiy qabul qilingani dunyo hamjamiyati tomonidan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli iqtisodiy islohotlarga berilgan yana bir yuksak bahodir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?