«Ozodlik radiosi» bosh muharriri: «O‘zbek matbuotida «portlash» sodir bo‘ldi»

18:57 29 Iyun 2018 Jamiyat
916 0
Foto: O'zMAA

2018 yilning 29 iyun kuni O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi Bosh direktori Laziz Tangriyev va “Ozodlik” radiosi xalqaro notijorat tashkilotining bosh muharriri hamda vitse-prezidenti Ninad Pejich uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar bermoqda.

O‘zMAA Bosh direktori L.Tangriyev mehmonga Agentlikning asosiy faoliyat yo‘nalishlari haqida ma’lumot berib, ushbu tashkilot ommaviy axborot vositalari sohasida davlat siyosatini amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organi ekanligini qayd etib o‘tdi.

Ninad Pejich ushbu fikrni qo‘llab-quvvatlab, Agentlikning xuddi boshqa mamlakatlarda bo‘lgani kabi OAV sohasida qonun buzilishlarining oldini olish, ularning faoliyat ko‘rsatishlari uchun guvohnoma berish kabi masalalar bilan shug‘ullanishi unga ma’lum ekanligini alohida ta’kidlab, quyidagilarni ma’lum qildi:

“O‘zbekistonga kelishimning asosiy sabablaridan biri shuki, bugun davlatingizda juda katta o‘zgarishlar sodir bo‘lmoqda. Biz, albatta, bu o‘zgarishlarni O‘zbekiston uchun yaxshi deb hisoblaymiz. Shuningdek, o‘zbek matbuotida ijobiy ma’noda portlash sodir bo‘ldi. Va biz ana shu portlashning bir bo‘lagi bo‘lishni xohlardik. Aynan mana shuning uchun ham O‘zbekistonda rasman ro‘yxatdan o‘tgan holda faoliyat yuritishni istaymiz. Men O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalari sohasida katta ishtiyoqni his qilyapman. Chunki hamma davlatlarda ham matbuot sohasidagi vaziyatni yaxshi deb bo‘lmaydi. Ba’zi davlatlarda OAV erkinligi pasayib bormoqda”, - dedi Ninad Pejich.

“Siz ta’kidlagan portlash muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning samarasidir. Chunki, sir emaski, har qanday jamiyatda matbuot va OAV erkinligini cheklovchi kuchlar mavjud bo‘ladi. Prezidentimizning qat’iyati, azmu shijoati ana shu kuchlarni yengdi. O‘zbek jurnalistikasi tarixida hech qachon kuzatilmagan imkoniyat eshiklari ochildi, ulkan shart-sharoitlar yaratib berilmoqda.

Misol uchun, yaqindagina tashkil etilgan O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini yoki nodavlat ommaviy axborot vositalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat fondi tashkil etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni aytib o‘tish mumkin. Shuningdek, 27 iyun – Matbuot va OAV xodimlari kuni munosabati bilan o‘nlab nodavlat OAV, xususan, internet nashrlari vakillari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi”, - deya fikr bildirdi L.Tangriyev.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?