“Ozodlik” radiosi 48 ta soxta akkaunt yordamida AOKA rahbariyatiga qarshi qasddan salbiy axborot kampaniyalarini tarqatdi

18:16 12 Avgust 2019 Jamiyat
399 0

Shu kunlarda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komil Allamjonov bloger Kirill Altman bilan boʻlgan mufassal intervyusida ommaviy axborot vositalari va jamiyat rivojlanishiga oid koʻplab dolzarb savollarga javob qaytardi.

Ushbu intervyu media maydonda katta rezonanslarga sabab boʻldi va ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi. Jumladan, joriy yilning 9-10-avgust kunlari “Ozodlik” radiosi “Facebook” ijtimoiy tarmogʻi oʻzbek segmentida intervyudan ajratib olingan parcha asosida tayyorlangan materiallarni faol tarqatdi, keyinchalik shu xabarlar sarlavhasi juzʼiy oʻzgartirilgan holda Kun.uz nashrining rus tilidagi talqinida eʼlon qilindi. Mazkur materiallarda Komil Allamjonovning inson dunyoqarashi oʻzgarishi va borliqni anglashi — iqtisodiyot rivojlanishi bilan bogʻliq ekani haqidagi mulohazalari bayon qilingan.

“Ozodlik” radiosi boshqa OAVdan farqli ravishda, Komil Allamjonovning ushbu iqtibosini nutqi va yaxlit konteks ichidan ajratib olib, unga atayin salbiy tus bergan, shu orqali oʻzining asl maqsadi AOKA rahbarini qoralash va obroʻsizlantirish ekanini bildirib qoʻygan. Natijada ikki kun ichida ushbu material jamoatchilik tomonidan salbiy qabul qilingan va ushbu post ostida 730dan ortiq izoh qoldirilgan. Ularning 500 ga yaqini Komil Allamjonov shaxsi va faoliyatini kamsituvchi xarakterga ega.

Biroq agar har qanday foydalanuvchi bu izohlarning mazmunini oddiygina tahlil qilsa, aksariyat izohlar shaxsiy maʼlumoti va surati boʻlmagan 48 ta soxta profildan qoldirilganini koʻrishi mumkin. Xususan, eng faol soxta profillar — “Ivap Svirav”, “Gʻijduvon Buxoro”, “Miniyozov Farxod” va boshqalar.

Tahllilarga koʻra, shunday soxta profillar vositasida axborot kampaniyasi qoʻllangan boʻlib, bundan maqsad — K.Allamjonov faqat oʻz boyligini koʻpaytirishdan manfaatdor ekanligi va Oʻzbekistondagi boshqa koʻplab amaldorlar kabi uning ham xalq bilan ishi yoʻqligi haqida jamoatchilik orasida fikr paydo qilish va boʻrttirish boʻlgan. Shuningdek, u korrupsiyada ayblangan, AOKA direktori lavozimidan isteʼfoga chiqishi zarurligi haqida turli daʼvatlar bildirilgan.

Ushbu vaziyat yolgʻon axborotlarni tarqatish uchun soxta profillarni jalb qilish dunyo miqyosida haqiqiy xavfga aylanganini yana bir bor yaqqol koʻrsatmoqda. Bu esa ularga nisbatan chora koʻrishni talab etadi. Soxta akkauntlarning bunday faolligi Oʻzbekiston media maydonida ham kuzatilmoqda, bunda muayyan shaxslar doirasining manfaatlari yoʻlida soxta akkauntlardan foydalanish tobora ortib bormoqda. Shu munosabat bilan bugungi kunda Agentlik tomonidan IP-maʼlumotlarni aniqlash uchun soxta akkauntlarni oʻrganish ishlari olib borilmoqda, keyinchalik ular tegishli idoralarga qonuniy chora koʻrish maqsadida taqdim etiladi.

Biz “Ozodlik” radiosi axborot bilan ishlashda gʻirrom usullarni qoʻllashi hamda jurnalistik faoliyat va etika tamoyillarini buzishda davom etayotganiga yana bir bor ishonch hosil qildik. Ushbu OAV rahbariyati hozirga qadar AOKAning avval yuborgan rasmiy murojaatlariga javob qaytarmadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?