Ozodlik yoʻlidagi kurash yoshlar uchun ibrat maktabi

18:29 05 Sentyabr 2020 Jamiyat
446 0

«Bu insonlar haqiqiy yetakchilar, ilgʻor ziyolilar, adabiyot, madaniyat namoyandalari, boshqacha aytganda, millatimizning, xalqimizning eng sara vakillari edi. Tasavvur qiling, agar ular qatagʻon qilinmaganida — Vatanimiz rivoji uchun, ilm-fan, iqtisodiyot, madaniyat va adabiyotimiz uchun qanday buyuk ishlar qilgan boʻlar edi, xalqimizni -oldinga boshlardi. Shu bilib turib qilingan. Bugun buni armon bilan eslaymiz».

Shavkat MIRZIYOYEV

Mustabid tuzum davrida minglab begunoh vatandoshlarimizning umri xazon boʻlgan. 1937 — 1953-yillarda Oʻzbekistonda 100 ming odam qatagʻonga uchragan. Ularning 13 ming nafari shafqatsiz otib tashlangan. Qanchadan-qancha oilalar xonavayron boʻlib, bolalar yetim qolgan. Birgina 1937-38 yillardagi katta qatagʻon davrida 7 mingga yaqin vatandoshlarimiz otilgan.

Ayrim maʼlumotlarga qaraganda, ikki millionga yaqin vatandoshlarimiz Turkistondan bosh olib, xorijiy mamlakatlarga chiqib ketgan. 1 million 700 ming yurtdoshimiz Sibir, Ukraina, Shimoliy Kavkaz, Ural, Qozogʻiston, Uzoq Sharq, Kavkaz va Volgaboʻyiga badargʻa qilingan.

Ular orasida xalqni erk, ozodlik uchun oyoqqa turgʻiza oladigan taniqli maʼrifatparvarlar, jadidchilik harakati namoyandalari, Germaniya, Turkiya, hatto Rossiyaning yetakchi oliy taʼlim muassasalarida tahsil olib, millatning farovonligi uchun xizmat qilishga bel bogʻlagan turli kasb egalari bor edi.

Bu koʻhna dunyo sahnasidagi har bir xalq, millatning oʻz tarixi, madaniyati va maʼnaviyati boʻlganidek, oʻzbek deb atalgan, oʻz davrida dunyo ilmu fani tamadduniga poydevor qoʻygan millat ham bu kunlarga qadar ne-ne voqeliklarni oʻz boshidan oʻtkazmadi, deysiz.

Mamlakatimiz mustaqilligining shukuhli kunlarida mazkur fikrlarni bayon etishimiz bejiz emas. Zotan, davlatimiz rahbari poytaxtimizdagi “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuiga tashrif buyurib, yaqin tariximizdagi xalqimiz ozodligi, yurtimiz mustaqilligi va yorqin kelajagi yoʻlida jonfido qilgan buyuk ajdodlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Ajdodlarimizning Vatan tinchligi va ozodligi yoʻlidagi kurashi xalqimiz, ayniqsa, bugungi kun yoshlari uchun katta ibrat maktabi ekanligiga urgʻu berdi.

Oradan qancha yillar oʻtgan boʻlsa ham, qatagʻon yillarida roʻy bergan dahshatli voqealarni oʻzida aks ettirgan arxiv manbalarini oʻrganar ekanmiz, yangidan-yangi maʼlumotlar va turfa taqdirlar aks ettirilgan voqeliklar guvohi boʻlib boraveramiz. Gap faqat 100 mingdan ziyod oʻzbek xalqining maʼrifatparvar farzandlari qamoqqa tashlanishi haqida emas, balki hibsga olingan minglab taraqqiyparvar insonlarning tuhmatlar asosida otib tashlangani va hech bir nom-nishonsiz koʻmib yuborilgani, mol-mulklarining davlat foydasiga musodara etilishi, farzandlarini turli shaharlardagi, hatto yurtdan tashqaridagi bolalar uylariga yuborilib, ota-onalarini, ajdodlarini unutishga mahkum etilganligidadir. Boz ustiga, ularning peshonasiga “xalq dushmani” degan mudhish tamgʻa urilib, qamoqqa olingani yetmaganidek, shu inson xizmat qilgan korxona va tashkilot, zavod-fabrikalar hamda muassasalarda katta mitinglar oʻtkazilib, ular shaʼniga laʼnat toshlari yogʻdirilib, pok nomlari butunlay badnom qilindi.

Bu voqeliklar xalqimizni oʻz taqdirini oʻzi belgilashiga, ilm-maʼrifat rivojlanishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida yurt ozodligi uchun kurashgan minglab yurtdoshlarimizni hech bir asosli ayb boʻlmasada, zoʻrma-zoʻraki “millatchi” degan tamgʻa bilan qoralash, qamash va oxir-oqibat millatni ziyolilaridan mahrum qilishga yoʻnaltirilgandi.

Dono xalqimiz aytganidek, «oyning oʻn beshi qorongʻu boʻlsa, oʻn beshi yorugʻ»dir. Davlatimizning oʻz siyosiy mustaqilligiga erishishi Vatan tinchligi, ozodligi va avlodlar farovonligi yoʻlida kurash olib borgan, haqiqatdan yuz oʻgirmay, gʻanimlarga bosh egmay jonfido qilgan vatandoshlarimizning xotirasi xalqimiz tomonidan munosib qadrlanishiga keng imkoniyat berdi.

Xususan, Toshkent shahrida qatagʻon yillarida qatlgoh boʻlib, mahalliy xalq tilida “Alvasti koʻprik” nomi bilan atalgan manzilda “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi va majmuada oʻsha suronli voqeliklarni oʻzida aks ettirgan Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi tashkil etildi. Bugungi kunda eng mashʼum voqeliklarga tilsiz guvoh boʻlgan bu manzil obod goʻshaga aylanib, fuqarolarimizning muqaddas qadamjosiga aylandi.

Davlatimiz rahbari 2017-yilda 31-avgust — “Qatagʻon qurbonlarini yod etish kuni” munosabati bilan Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeyiga tashrifi chogʻida “ushbu muzey — muzeylarning muzeyi” deb yuksak baho bergani bunday maskanlar xalqimiz, qolaversa, yoshlar uchun maʼnaviyat va maʼrifat oʻchogʻi boʻlib qolaverishidan dalolat.

Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari intilayotgan ona Vatanimizda milliy anʼanalarimiz, qadriyatlarimiz, gʻururimizning tiklanishi, eng asosiysi, inson qadr-qimmatining yuksak darajada ulugʻlanishi Oʻzbekistonimiz kelajagi boʻlmish yoshlarimiz uchun ibrat va bitmas-tuganmas jasorat manbaidir. Shu bilan birga, ularning pok nomini abadiylashtirish, shaxs va jamoat arbobi, taraqqiyparvar yurt oʻgʻloni sifatidagi faoliyatini keng yoritish biz uchun ham qarz, ham farz.

Mana shunday azobli taqdirni yuz minglab vatandoshlarimiz qatori hali koʻpchiligimiz bilmaydigan va qatagʻon tarixining nomaʼlum sahifalarida qolib ketgan Nazir Toʻraqulov, Gʻozi Yunus, Sanjar Siddiq, Davlat Rizayev, Najim Davqorayev, Karim Boltayev, Abdulla Toshmuhamedov, Said Ahroriy, Otajon Xoshim, Ashurali Zohiriy, Gʻozi Olim Yunusov, Shokirjon Rahimiy, Muso Saidjonov, Normat Isroilov hamda boshqa minglab xalqimizning taraqqiyparvar farzandlari timsolida koʻrishimiz mumkin.

Mustabid tuzum nafaqat “qora roʻyxat”ga tushganlarning oʻzlarini qatagʻon qildi, balki ularning oila aʼzolarini ham azob-uqubatlarga duchor etdi. Xususan, “xalq dushmani” ayollari uchun Qaragʻandada¬“ALJIR” (Akmolinskiy lager jyon izmennikov rodinы) deb nomlangan lager tashkil qilingan boʻlsa, farzandlari sobiq ittifoqning turli hududlaridagi bolalar uylariga tarqatib yuborildi.

Maʼlumotlarga qaraganda, NKVDning 00486-sonli buyrugʻi bilan 1938 — 1946-yillarda “ALJIR”da “Vatan xoinlarining oila aʼzolari”dan 6 500 nafar ayol jazoni oʻtagan. “Xalq dushmani” tamgʻasi bilan qatagʻon boʻlganlarning farzandlari maxsus bolalar muassasalarida saqlangan. 1937-yil 15-avgustdan 1939-yil yanvarigacha ittifoq boʻyicha 25 342 bola oilasidan ajratib olingan, ulardan 15 yoshgacha boʻlgan 22 427 nafari Xalq maorifi komissarligiga qarashli bolalar uylariga va mahalliy bogʻchalarga tarqatib yuborilgan. Shundan 1 909 nafari Moskvada boʻlgan, 2 915 nafari boshqalarga boqish uchun oilalarga qaytarib berilgan. Yoshi 15 dan yuqorida boʻlgan bolalar “ijtimoiy xavfli” hisoblanib, qamoqqa olingan va hukm qilingan.

Qaragʻanda lageridagi mahbus ayollar jazo muddatini oʻtayotganida 1 507 nafari farzand koʻrgan, bu bolalar zoʻrlik asosida dunyoga kelgan.

Tarixiy manbalar orqali qatagʻon qurbonlarining achchiq qismati bilan tanishar ekanmiz, sizu bizga notanish boʻlgan turfa taqdirlar qatori qishloq xoʻjaligi xodimi — Mirmuslim Shermuhammedov va uning oilasi bilan bogʻliq voqealarni bayon etishni lozim topdik.

Qishloq xoʻjaligi xodimi boʻlgan Mirmuslim Shermuhammedov asossiz ayblanib, 1937-yilda hibsga olingan va shu yili otib yuboriladi. Bu ham yetmaganidek, uning ayoli Rahbaroy Shermuhammedova ham turli ayblovlar bilan qamoqqa olinib, “ALJIR”ga yuboriladi. Biri 5, ikkinchisi 7 yosh boʻlgan qizlari Qozogʻistondagi yetimxonalarga topshiriladi. Bir oila taqdiri bilan tanishish asnosida qatagʻon ishlari avvaldan chuqur rejalashtirilgani va millatni oʻz taraqqiyparvarlaridan mahrum etishga qaratilgan tizimli ishlar mahsuli ekanligiga amin boʻlasan, kishi.

“ALJIR” va u yerda ayollar, onalar boshiga solingan jabru sitam hamda tahqirlashni eshitgan inson borki, oʻsha mashʼum kunlarni qoralab, bugungi tinch va ozod yurtda yashayotganligiga shukronalar aytadi.

Davlat rahbari qatagʻon qurbonlarining ruhini shod etish va yosh avlodga ularni yaqindan tanishtirish uchun quyidagi ishlarni amalga oshirishimiz lozimligini bildirdilar:

birinchidan, tarixiy adolatni tiklash, qatagʻon qurbonlari xotirasini abadiylashtirish hamda ular yashagan koʻcha va mahallalarga nomlarini berish;

ikkinchidan, qatagʻon qurbonlari boʻlgan taraqqiyparvar ziyolilar faoliyati boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlarini yana-da kengaytirish va ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil etish;

uchinchidan, qatagʻon qurbonlarining yaqin qarindoshlarini izlab topish va tarixiy haqiqatni tiklash;

toʻrtinchidan, taʼlim muassasalarida taraqqiyparvar jadidlar va qatagʻon qurbonlari toʻgʻrisida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni uyushtirish.

Zero, qattol tuzum davrida boshqa xalqlar qatori oʻzbek xalqi ham millatning eng sara farzandlarini boy berdi. Shukrki, bugun ularning avlodlari erkin va ozod yurtda istiqlol neʼmatlaridan bahramand boʻlib, shod-xurram hayot kechiryapti. Lekin taraqqiyparvar bobolarimizning bugungi kunlarni koʻrmagani, oʻzlari orzu qilgan davlatda yashay olmagani har bir vatandoshimizni ular istagan ezgu niyatlar roʻyobini yangi bosqichga olib chiqishga undashi lozim, desak, ayni adolatdan boʻladi.

Aslida shunday boʻlyapti ham. Masalan, bugungi kunda malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida mamlakatimizda xorijiy oliy oʻquv yurtlari filiallari tashkil etildi. “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tuzilib, yoshlar rivojlangan davlatlarga oʻqishga yuborilmoqda. Ayni chogʻda Yoshlar ishlari agentligi tuzildi, Oliy Majlis palatalari huzurida Yoshlar parlamenti tashkil qilindi. Bu ham yoshlar masalasi davlat siyosati darajasiga olib chiqilganining yana bir yorqin tasdigʻidir.

Shu oʻrinda Prezidentimizning 31-avgust kuni Shahidlar xotirasi xiyobonida qatagʻon qurbonlarini yod etib, “Vatan fidoyilarini eslashimiz, ularning haqiga Qurʼon oʻqishimiz yaxshi anʼana. Maʼrifatparvar bobolarimiz mustaqillik uchun, xalqimiz emin-erkin yashashi uchun kurashganini bilamiz. Oxirgi yillarda butun jamoatchiligimiz harakati bilan ularning nomlarini tiklash, muzeylarni yangi namunalar bilan toʻldirish, ijod maktablari tashkil etish boʻyicha koʻp ishlar qilinyapti. Bularning hammasi — odamlarga tarixiy adolatni, haqiqatni yetkazish uchun, xalqimiz u kunlarni bilishi va hech qachon unutmasligi, bugungi kunlarning qadriga yetishi uchun”, deya eʼtirof etdi.

Tariximizning eng dahshatli davrlari toʻgʻrisida xalqimizga, ayniqsa, yoshlarimizga koʻproq ilmiy asoslangan maʼlumotlar berish orqali bugungi ozod va obod Vatanni qadrlash, shukrona qilish hamda zamonaviy ilm-fanni chuqur egallab, xalqaro maydonda Oʻzbekistonimiz obroʻ-eʼtiborini yuksaltirishdan iborat ekanligini hech qachon unutmasligimiz darkor.

Zero, tarix biz uchun katta hayot maktabi boʻlib, oʻtgan kunlar hech qachon qaytarilmasligini, biz tanlagan yoʻl eng toʻgʻri yoʻl ekanligini har on yoddan chiqarmasdan, faqat va faqat oldinga intilishimiz lozim.

Abdumalik AKRAMOV,
Tursunoy MURATOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?