Ozodbek Nazarbekov: “Joriy yildagi konsert dasturlarida faqat jonli ijro boʻladi“

13:23 07 Yanvar 2019 Madaniyat
1007 0

2019 yilda konsert dasturlari faqat jonli ijroda boʻlib oʻtadi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi oʻrinbosari Ozodbek Nazarbekov OʻzAga maʼlum qildi.

“Mamlakatimizda musiqa sanʼatini yanada rivojlantirish, ayniqsa, jonli ijroni ragʻbatlantirish, yosh avlodni milliy va jahon musiqasining nodir namunalaridan keng bahramand etish, ular qalbida sanʼatga mehr va muhabbatni yanada kuchaytirish borasida bir qator ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 27 yilligi munosabati bilan oʻtkazilgan konsert yosh isteʼdod egalari va taniqli sanʼat ustalari ishtirokida jonli ijroda namoyish etildi va ushbu konsert dasturi soha mutaxassislari va xalqimiz tomonidan ijobiy qabul qilindi.

Milliy estrada ijrochiligining jonli ijrodagi targʻibotini kuchaytirish, uning afzalliklari, ayniqsa, milliy ijrochilikda tutgan oʻrnini mustahkamlash maqsadida Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va nodavlat telekanallari orqali “Oltin mikrofon”, “Imkon shou”, “Cover up”, “Jonli ijrodagi duel” kabi turkum koʻrsatuvlar namoyish etilmoqda va ularni keyingi yillarda ham davom ettirish koʻzda tutilgan.

Joriy yilda isteʼdodli xonandalarni aniqlash va ularning ijodiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish hamda davlat tadbirlari konsert dasturlarini jonli ijroda tashkil etish choralarini koʻrishni rejalashtirganmiz.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 28 noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarorida keyingi ikki yil mobaynida kompozitorlar, bastakorlar va sozandalar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, havaskorlar orasidan isteʼdodli ijrochilarni aniqlash maqsadida turli darajadagi koʻrik-tanlovlar oʻtkazish, “ustoz-shogird” anʼanasini yanada rivojlantirish singari bir qator bajarilishi lozim boʻlgan vazifalar belgilab berilgan.

2020 yildan boshlab har ikki yilda bir marta yosh maqom ijrochilarining isteʼdodi va ijodiy qobiliyatini namoyon etish, yoshlar orasida maqom sanʼatiga boʻlgan qiziqishni oshirish, yoshlarning maqom ijrochiligi koʻnikmalarini yanada rivojlantirish, oʻzbek musiqa ijrochiligi madaniyatini yanada yuksak darajaga koʻtarish, milliy maqom sanʼatini dunyo sahnalariga olib chiqish, iqtidorli yoshlarni kashf etish, ragʻbatlantirish va ularning ijodini targʻib etish maqsadida Yunus Rajabiy nomidagi “Yosh maqom ijrochilari” respublika tanlovi oʻtkaziladi. Aholining madaniy ehtiyojlarini qanoatlantirishga, yoshlarni yuqori saviyadagi, jonli ijrodagi milliy estrada qoʻshiqlari namunalari asosida tarbiyalashga yoʻnaltirilgan ommaviy-madaniy tadbirlar, konsertlar va gastrollar tizimli ravishda tashkil etiladi.

Mamlakatimizda nufuzli xalqaro tanlovlarda yuqori oʻrinlarni egallab kelayotgan yoshlarimiz koʻp. Ana shunday yoshlar hamda madaniyat va sanʼat muassasalari, bolalar musiqa va sanʼat maktablarining iqtidorli mutaxassis va oʻquvchilarning ijodini targʻib qilishga moʻljallangan telekoʻrsatuv va radioeshittirishlar tayyorlash borasida ham hamkorlik kelishuvlarini amalga oshirmoqdamiz.

“Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi huzuridagi “Oʻzbekiston xalq artistlari klubi” aʼzolari zimmasida esa bolalar musiqa va sanʼat maktablarida ijrochilik mahorati, ayniqsa, jonli ijro sanʼati borasida mahorat darslarini oʻtkazish va isteʼdodli yoshlarni kashf etish vazifalari turibdi“, degan Nazarbekov.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?