Ozodbek Nazarbekov: Madaniyat va sanʼatning hayotimizdagi oʻrni yanada oshadi

19:34 29 May 2020 Madaniyat
635 0

Madaniyat va sanʼat hayotimizning ajralmas bir qismidir. Goʻdak dunyoga kelar ekan, sanʼatning eng oddiy va oliy namunasi — ona allasi bilan dunyoni taniydi, hayotni idrok etadi. Quvonchli kunlarimizda ham, iztirob chekkanimizda ham kuy-qoʻshiq bizga hamroh boʻladi. Sirasini aytganda, sanʼatga oshno boʻlgan insondan yomonlik chiqmaydi. Maqomlar, dostonu laparlar, spektakllar, muzey eksponatlari, sirk tomoshalari har birimizni olijanoblik, mehr-oqibat, doʻstlik, ahillik, vatanparvarlik, mardlik va jasorat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi. Shu bois oʻzini hurmat qilgan har qanday xalq oʻz sanʼatini asraydi, ardoqlaydi. Uni avlodlarga bus-butun yetkazishga harakat qiladi.

Prezidentimizning “Madaniyat va sanʼat sohasining jamiyat hayotidagi oʻrni va taʼsirini yana-da oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori mazmun-mohiyatida ana shunday ezgu maqsad-muddaolar mujassam ekani xalqimizni nihoyatda mamnun etdi.

Tan olishimiz kerak, sohada uzoq yillardan beri oʻz yechimini kutib yotgan, xalq tili bilan aytganda, oyogʻimizga kishan boʻlib turgan muammolar talaygina edi. Undan xalos boʻlmasdan turib, soha taraqqiyoti haqida hech qanday soʻz boʻlishi mumkin emasdi. Ushbu hujjatlarning qabul qilinishi natijasida endi ana shu dolzarb masalalar oʻz yechimini topadi, desak, mubolagʻa emas.

Madaniyat va sanʼat shu darajada keng qamrovli sohaki, u bir-birini takrorlamaydigan, bir-biriga oʻxshamaydigan, mustaqil ijodni talab etadigan tizimlarni oʻzida birlashtiradi. Prezidentimiz Farmonida mana shu keng koʻlamli sohaning har bir halqasi manfaati hisobga olinib, muhim chora-tadbirlar belgilandiki, ularning hayotda toʻla oʻz ifodasini topishi madaniyat va sanʼatning bir zanjir oʻlaroq mustahkam uygʻunlikda rivojlanishiga zamin boʻladi.

Eng katta yangiliklardan biri sifatida sanʼatkorlarning intellektual va mulkiy huquqlarini himoya qilishning yangi tizimi joriy etilayotganini qayd qilish joiz. Yaʼni endilikda Sanʼatkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi tashkil etilmoqda hamda unga bir qator vakolatlar berilyapti. Mazkur palata, birinchi navbatda, ijodkorlar tomonidan yaratilayotgan asarlarni huquqiy jihatdan himoya qiladi. Bu sanʼatkorni oʻz iqtidorini namoyon etishga, umrboqiy asarlar yaratishga undaydi. Zero, u mana shu yaratayotgan ijod namunasi chinakam sanʼat asari darajasiga koʻtarilsa, unga boʻlgan talabdan butun umr moddiy ragʻbat topishini biladi. Shuningdek, mazkur palata bugungi kunda baʼzi tortishuvlarga, kelishmovchiliklarga sabab boʻlib turadigan, sohadagi koʻchirmakashlik illatiga qarshi kurashadi.

Xalqimiz asl sanʼatni hamisha qadrlagan. Ushbu jihat Farmonda ham oʻz ifodasini topdi. Unga muvofiq, davlat organlari hamda tashkilotlari tizimidagi konsert, madaniyat saroylari va boshqa muassasalarda toʻliq jonli ijro asosida oʻtkaziladigan konsert-tomosha dasturlari uchun ijara toʻlovidan 50 foiz chegirma berish tartibi joriy etilmoqda. Bu nimasi bilan ahamiyatli? Ahamiyati shundaki, bu xalqimizning jonli ijrodan bahramandlik darajasini oshiribgina qolmay, sanʼatkorlarning oʻz ustida koʻproq ishlashlariga, ixlosmandlarga haqiqiy ijod namunalarini tuhfa etishga undaydi. Binobarin, shu vaqtga qadar tayyor ashulaga ogʻzini qimirlatib, tomosha qoʻyayotgan ham, qoʻshigʻiga mehrini, qalbi qoʻrini qoʻshib, jonli kuylayotgan ham bir xil ijara haqi toʻlab kelardi. Aniqroq aytganda, konsert berayotgan sanʼatkorlarning chinakam mehnat qilayotganlariga ham, uni bir oz aylanib oʻtib, qaddini urib yurganlariga ham bir xil munosabatda boʻlinardi. Mazkur hujjat bilan adolatning tiklanishi — jonli ijro sohibiga muayyan imtiyozlar koʻzda tutilayotgani ijodkorlarning haqiqiy sanʼatga qarashini ham oʻzgartirishiga shubha yoʻq.

Ayniqsa, bu sohaga endi qadam qoʻygan yoshlarni xalq mehrini qozonishda oson yoʻldan bormasdan, koʻproq mehnat qilishga chorlaydi. Shu bilan birga, 50 foizlik chegirma konsert chipta narxlarining arzonlashuviga ham xizmat qiladi.

Farmon bilan kelgusi yilning 1-yanvaridan boshlab konsert-tomosha faoliyatini litsenziyalash, litsenziatlarning davlat reyestrini yuritish, ularning faoliyati va erishgan natijalari haqidagi axborotlarni kiritib borish Konsert-tomosha faoliyati ishtirokchilarining yagona onlayn portali orqali amalga oshiriladi. Davlat organlari va tashkilotlarining asosiy vazifa hamda funksiyalaridan kelib chiqib, ularning tashabbuslari bilan tashkil etiladigan ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlari har yili tasdiqlanadigan kalendar reja asosida oʻtkaziladi. Bu sanʼatkorlarning yil davomida qanday tadbirlarda ishtirok etishini avvaldan bilishiga, oʻz ish rejalarini shunga muvofiq tuzishlariga imkon yaratadi.

Bugun xalqimiz orasida yosh isteʼdodlar koʻpligini hammamiz yaxshi bilamiz. Baʼzan ularning ijod namunalari turli internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, keng eʼtirof hamda olqishlarga sabab boʻladi. Yuqoridagi hujjatlarda ana shunday yosh isteʼdodlarni izlab topish, ularning taʼlim olishi va iqtidorini namoyon etishiga sharoit yaratish maqsadida qator chora-tadbirlar belgilanmoqda. Jumladan, ana shu yoʻlda “Yosh ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlash va axborot-multimedia markazi” davlat muassasasi, boshqacha aytganda, prodyuserlik markazi tashkil etilmoqda. Shuningdek, endilikda notalar toʻplamlari va maxsus musiqiy adabiyotlar Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan chop etilib, taʼlim muassasalariga toʻliq yetkazib beriladi.

Farmonga muvofiq, Oʻzbekiston davlat konservatoriyasining oʻzbek maqom sanʼati fakulteti hamda Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutining tegishli taʼlim yoʻnalishlari hamda mutaxassisliklari negizida Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa sanʼati instituti tashkil etilayotgani “Yoshlarimiz milliy sanʼatimizdan uzoqlashmoqda”, degan xavotirlar bildirilayotgan bugungi davrda xalqimizning koʻnglidagi ish boʻldi. Bu ajdodlarimizning bebaho madaniy merosini ilmiy asosda oʻrganishga sharoit yaratibgina qolmay, yosh iqtidorlarni tarbiyalash, milliy sanʼatimizni keng targʻib etishga imkoniyat hozirlaydi.

Shu oʻrinda keyingi yillarda yurtimizda maqom va baxshichilik sanʼatini yana-da rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidlash lozim. Prezidentimiz tashabbusi bilan Shahrisabz shahrida Xalqaro maqom sanʼati anjumani, Termiz shahrida Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalining anʼanaviy tarzda oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyilganiga nafaqat xalqimiz, balki butun dunyo ahli yuksak baho berdi. Zotan, bugun insoniyat oʻta murakkab davrni boshdan kechirmoqda. Jahonda siyosiy kurashlarda gʻoya va mafkuralar, turli axborotlar bosh qurol sifatida foydalanilyapti. Odamlar ongu dunyoqarashini egallab, xalqlarning uzoq yillik madaniyatini tubdan yemirishga, shu orqali ularni maʼnaviy qaramlikka duchor etishga harakat qilinmoqda.

Mustamlakachilikning bunday zamonaviy koʻrinishlaridan himoyalanishning birdan-bir yoʻli xalqimiz madaniyatini yuksaltirishdir. Davlatimiz rahbarining asrlar osha ajdodlardan-avlodlarga oʻtib kelayotgan noyob sanʼat namunalarini yana-da chuqurroq oʻrganish, keng targʻib etish, ayniqsa, yoshlar qalbida ularga nisbatan hurmat va sadoqatni shakllantirish boʻyicha olib borayotgan ishlaridan koʻzlangan maqsad ham shu. Maqom ijrochiligi, baxshichilik va katta ashula yoʻnalishlari boʻyicha kadrlar tayyorlovchi tayanch oliy oʻquv yurtining tashkil etilishi bu boradagi ishlarga kamarbasta boʻlishi, shubhasiz.

Maʼlumki, insonning didi va dunyoqarashini shakllantirishda teatrning oʻrni beqiyos. Shu bois hujjatda teatrlar faoliyati ham qoʻllab-quvvatlanmoqda. Ochigʻi, teatr sohasi rivojiga shu vaqtga qadar bugungidek eʼtibor boʻlgan emas. Har bir teatrning moddiy-texnika bazasi zamonaviy andozalarga moslashtirilmoqda. Jamoalarning gastrollari, chet el safarlariga zarur shart-sharoitlar yaratib berilgan. Shunga qaramay, tomoshabinlarni ommaviy jalb qiladigan, sanʼatimiz tarixida yuksak madaniy voqea boʻladigan spektakllar yaratilmayotganini ham afsus bilan tan olishga majburmiz. Farmon bilan xususiy teatrlarning ham har tomonlama qoʻllab-quvvatlanayotgani, xususan, Madaniyat vazirligi tomonidan xarid qilingan, ommaviy ijroga moʻljallangan dramatik, musiqali va musiqali-dramatik asarlarni xususiy teatrlarda ham sahnalashtirish hamda ijro etishga ruxsat berilayotgani sohada raqobatbardoshlikni oshirishga, ijodkorlarning oʻz ishiga masʼuliyatini yana-da kuchaytirishga turtki boʻladi. Shuningdek, madaniyat maskanlarini oʻz repertuarlarini gʻoyaviy-badiiy jihatdan yuksak, bugungi kun nafasi, odamlarni oʻylantirayotgan, hayajonga solayotgan jiddiy ijtimoiy muammolar oʻz aksini topgan spektakllar bilan boyitishiga undashi tayin.

Murgʻak qalblarda ezgulik va yovuzlik, yaxshilik hamda yomonlik haqidagi tasavvurlar qoʻgʻirchoq teatri sahnasida jonlangan qahramonlar orqali shakllanadi, desak, xato boʻlmas. Shu bois qoʻgʻirchoq teatrlari mavjud boʻlmagan Navoiy, Namangan, Sirdaryo, Toshkent viloyatlarida ularni tashkil etish, oʻz binolariga ega boʻlmagan Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida qoʻgʻirchoq teatrlari binolarini qurish hamda jihozlash belgilangani yosh avlod kamoli yoʻlidagi muhim qadamlardan biridir. Boy tarixi, oʻzbek milliy qoʻgʻirchoq teatri maktabining shakllanishi hamda rivojidagi beqiyos hissasini inobatga olib, Respublika qoʻgʻirchoq teatriga Oʻzbek Milliy qoʻgʻirchoq teatri nomining berilishi ham soha ravnaqida muhim ahamiyat kasb etadi.

Hujjatga muvofiq, sirklar va hayvonot bogʻlari faoliyatida ham ijobiy oʻzgarishlar amalga oshiriladi. Masalan, 1990-yildan buyon taʼmirlanmagan, sharoitlari bugungi zamon talablariga javob bermaydigan “Oʻzbek davlat sirki” davlat muassasasi bino va inshootlari toʻla rekonstruksiya qilinadi, muassasa uchun qoʻshimcha ravishda hayvonlarni saqlash xonalari qurish hamda zamonaviy uskunalar bilan jihozlash ishlari bajariladi.

Shuningdek, mamlakatimizning har bir hududida koʻchma sirklar, dorbozlar guruhlari hamda hayvonot bogʻlari tashkil etilishi va doimiy faoliyat yuritishi belgilanmoqda.

Dorbozlik sanʼati qadimdan otameros kasb sifatida avloddan-avlodga oʻtib kelgan, elimizning toʻy-tantanalarini bezagan. Hozirgi kunda ham ommaviy sayil deganda koʻz oʻngimizda dorbozlaru polvonlarning bir-biridan qiziqarli chiqishlari jonlanadi. Aytish joizki, butun dunyoda dorbozlar 7 metr balandlikda tomosha koʻrsatsa, shu yoʻnalishdagi oʻzbek sanʼatkorlari 12 metr yuksaklikda oʻz oʻyinlarini namoyish etadi. Afsuski, ushbu benazir maydon tomoshasi bugungi kunga kelib, yoʻqolish arafasida edi. Farmon bilan bu sanʼat turi ham endilikda oʻz qadrini tiklaydi, deyish mumkin. Belgilanganidek, davlat organlari hamda tashkilotlari tizimidagi madaniyat va istirohat bogʻlari, sport inshootlari, sayilgohlar hamda boshqa ochiq hududlarda koʻchma sirklarning tomosha tadbirlari oʻtkazishiga ijara, soliq toʻlovlari boʻyicha turli imtiyozlar berilmoqda.

Sohani yetuk bilimli kadrlar bilan taʼminlash maqsadida Respublika ixtisoslashtirilgan estrada va sirk maktabi Respublika estrada va sirk kollejiga aylantirilib, unga ushbu taʼlim muassasasi asoschisi Karim Zaripov nomi beriladi. Kollej uchun Oʻzbek davlat sirki hududida yangi bino quriladi, shu bilan taʼlim va amaliyot ¬uygʻunligiga erishiladi.

Muzeylar va madaniyat boyliklarini tadqiq etish faoliyatining samaradorligini oshirish ham hujjatning asosiy yoʻnalishlaridan biridir. Misol uchun, 2025-yilgacha boʻlgan muddatda har bir tuman va shaharda oʻlkashunoslik muzeylarini tashkil etish, ularning eksponatlarini boyitish, asrab-avaylash va xodimlari manfaatdorligini oshirish, shuningdek, bu boradagi huquqiy asoslarni takomillashtirish koʻzda tutilmoqda.

Davlat muzeylarida har oyning birinchi yakshanbasi “Ochiq eshiklar kuni” deb eʼlon qilinib, fuqarolarning ushbu maskanlarga bepul kirib koʻrishiga imkon yaratilayotgani ham alohida eʼtiborga loyiq. Zero, bu xalqimizning shonli tariximiz va ajdodlarimizning bebaho merosiga doir bilimlarini boyitish, qalblarda milliy gʻururni yuksaltirishga hissa qoʻshadi.

Hozirgi kunda mamlakatimiz boʻyicha 4748 ta arxeologiya, 2250 ta arxitektura, 678 ta monumental sanʼat yodgorligi, 532 ta diqqatga sazovor joylar moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan. Ularni muhofaza qilish gʻoyat muhim masala ekanligini inobatga olib, hujjatda Madaniy meros departamenti faoliyatini mutlaqo yangi tamoyillar asosida tashkil etish nazarda tutilgan. Mazkur departament vakolatlari aniq belgilanib, faoliyati samaradorligini oshirish bilan bogʻliq tashkiliy masalalar hal etildi. Oʻz navbatida, madaniy meros obyektlarini asrash ishlarida ilmiy tadqiqotlarga tayanish zarurligi inobatga olinib, Madaniyat vazirligi huzurida Madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladigan boʻldi.

Hujjatga asosan, Madaniyat vazirligi faoliyati ham yana-da takomillashtirilmoqda. Uning tashkiliy tuzilmasi belgilanib, zimmasiga aniq vazifalar yuklanmoqda. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasida Milliy madaniyatni yana-da rivojlantirish konsepsiyasini 2025-yilga qadar amalga oshirishning maqsadli koʻrsatkichlari tasdiqlandi. Madaniyat va sanʼat sohasida davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etuvchi davlat hamda nodavlat tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirib borish maqsadida muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etildi.

Shuningdek, vazirligimiz tomonidan kelgusida faoliyatimizga doir onlayn portalni ishga tushirish, madaniyat muassasalarining kirish-chiqish joylariga elektron turniketlar oʻrnatish, elektron chiptalar joriy etish ishlari olib boriladi. Bu sohamizda shaffoflikni oshirish, madaniyat muassasalari faoliyatidan aholining qulay va oson foydalanishini taʼminlashda asqatadi.

15-aprel sanasining “Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat va sanʼat xodimlari kuni” deb eʼlon qilinishi esa sohada faoliyat yuritayotgan har bir insonga cheksiz gʻurur bagʻishlashiga ishonchimiz komil. Binobarin, bu ham bizga koʻrsatilayotgan eʼtibor va ehtiromning hayotdagi yana bir ifodasidir.

Xulosa oʻrnida aytganda, madaniyat va sanʼatning hayotimizdagi oʻrni hamda taʼsirini yana-da oshirishga qaratilgan ushbu hujjatlar yangi Oʻzbekiston tarixining madaniy poydevori boʻlib xizmat qiladi.

Ozodbek NAZARBEKOV,

Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?