Ozod Sharafiddinov tavalludining 90 yilligiga bagʻishlangan adabiy tadbirlar boshlandi

15:00 21 May 2019 Jamiyat
216 0

Bir insonki, uni yod etganda nigohi qalami kabi oʻtkir inson gavdalanadi koʻz oʻngimizda. Asarlarida haqqoniylik, maʼrifatparvarlik ufurib turadi. Ular bilan hamnafas ijod qilganlar adabiyotdan goʻzallik axtargan olim va munaqqid sifatida yuksak eʼtiroflar bilan yod etadilar. Ham ijod maydonida, ham hayotda oʻrnak boʻlguvchi oʻchmas iz qoldirgan Oʻzbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinov tavalludining bu yil 90 yilligini keng nishonlaymiz. Shu munosabat bilan joylarda turli adabiy tadbirlar, badiiy kechalar boshlandi.

Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi tomonidan tashkil etilgan adabiy tadbirga tashrif buyurganlar dastlab poytaxtimizdagi Farobiy (Chigʻatoy) qabristonida qabrini ziyorat qilib, Qurʼon tilovat qildi, Adiblar xiyobonidagi haykali poyida adabiy tadbir hamda olim yashagan uyda Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi haykaltaroshlar shoʻbasi raisi, haykaltarosh Toʻlagan Tojixoʻjayev tomonidan yasalgan yodgorlik lavhasining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda ustoz O.Sharafiddinovning oila aʼzolari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar, keng jamoatchilik vakillari, yoshlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Yulduz OʻRMONOVA


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?